Линклар

Uyi kuyganlarga "oraliq" uylar beriladigan bo‘ldi


Uylari kuydirib yuborilgan o‘shlik va jalolobodliklar qishni chodirlar yoki vaqtincha uylarda o‘tkazadigan ko‘rinadi.

Uylari kuydirib yuborilgan o‘shlik va jalolobodliklar qishni chodirlar yoki vaqtincha uylarda o‘tkazadigan ko‘rinadi.

Iyun voqealarida uysiz qolgan o‘shlik va jalolobodliklar noyabrning oxirigacha "oraliq" uy-joy bilan ta‘minlanadi. O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash direksiyasi bu haqda 27 sentabr kuni bayon qildi. Gap xalqaro tashkilotlar yordamida O‘sh va Jalolobodda qurilishi mo‘ljallangan 1350 ta uy ustida ketayapti.

Sarvar Usmon

Muxbirimiz O‘shning fojeadan zarar ko‘rgan mavzelaridan ba‘zilari - Uvom bo‘yi mahallasi va Furqat qishlog‘ida olib borilayotgan qurilish sur‘ati bilan tanishdi.

Maqolaning audiosini eshiting:


Iyun fojeasi davomida bosqinchilar uvombo‘yiliklarning nafaqat uylarini, balki ularning farzandlari o‘qiydigan maktabni ham yoqib yuborgan edi.

Lev Tolstoy nomidagi maktab binosi vayronalari surib tashlanib, o‘rniga 520 o‘quvchiga mo‘ljallangan yangi bino qurilishi boshlanganiga bir necha hafta bo‘ldi.

- Kotelnitsaning devori bitdi. Sport zalning ham fundamenti boshlandi. Maktabning osnovnoy uch etajli joyning ham fundamenti boshlandi. Fevralning oxiri, 1 martga topshiramiz degan va‘dasi bor edi. Endi agar ish bunday ketadigan bo‘lsa, ertaroq bo‘lib qolishi ham mumkin, deydi maktab direktori Murodillo Mo‘ydinov.

Demak, Lev Tolstoy nomidagi maktab o‘quvchilari bahorgacha yangi binoga kirolmasligi aniq. Ungacha esa, vaqtinchalik maktabda o‘qiydilar, deydi maktab direktori o‘rinbosari Oltinoy Tilavoldiyeva.

- Hozirgi kunda biz dala shiyponiga joylashgan chodir maktabda o‘qiyapmiz. Issiq kunlarda bilinmas edi. Bundan bu ëg‘iga havo sovib ketadigan bo‘lsa, chodirlarda havo sovib ketadi deb nima qildik. Bir-ikki kun ëmg‘ir ëqqan edi, bolalar sovuqda ancha nima bo‘lib qolishdi, deydi Oltinoy Tilavoldiyeva.

Maktabni chodirlar bilan BMT Bolalar jamg‘armasi ta‘minlagan. Tashkilot maktabga boshqa masalalarda ham ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Tilavoldiyeva xonimning aytishicha, Jamg‘arma kuzgi kanikul kunlari dala shiyponi maydoniga issiq chodirlar o‘rnatib berishga va‘da bergan.

Qurilishi boshlab yuborilgan maktab atrofidagi yondirilgan uylar o‘rnida uylar qurilishi ham davom etmoqda.

- Uylarning oldi hozir tom ëpishga o‘tildi bizning Qirariq tomonlarda. Devorlar urilib, tom ëpish boshlandi ham. Fundamentlar ham quyilayapti, deydi Murodillo aka Mo‘ydinov.

Qirariq – Uvombo‘yiga tutashib ketgan mahalla.

Qirariqdan sharqda, qariyb ikki chaqirim naridagi Furqat qishlog‘ida ham iyun oyida bir necha yuz uy yondirib yuborilgan edi.

Shu qishloqlik Zokirjon qurilayotgan uylar haqida mana bunday hikoya qildi.

- Har bir xo‘jalikka beshtadan odam borlarga 28 kvadrat metrdan qurilish qilib berdi. Devori pishiq g‘ishtdan, ikki bo‘lmali bo‘lib, tagi linoliumli pol bo‘lar ekan. Yettitadan oshig‘iga 36 kvadrat deb uch komnata bo‘layapti, deydi Zokirjon.

Demak, Furqat qishlog‘ida ham qurilish ketayapti. Zokirjonning aytishicha, maydoni 28 yoki 36 kvadrat metrli uylar har bir oilaga emas, balki turar-joy birligiga bittadan qurilmoqda.

Ozodlik: Misol uchun Furqat 32-uyda ota o‘zining bolalari bilan, o‘g‘li xotini bilan, yana bitta o‘g‘li xotini bilan bo‘lsa, uchta oila bo‘ladi-a?

- Ha.

Ozodlik: Lekin nomer bitta.

- Bitta uy solinadi.

Ozodlik: Demak, bitta uy solinarkanda.

- Bitta uy solinadi, deydi furqatlik Zokirjon.

Biz O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash direksiyasi bilan ham bog‘landik. Savollarimizga direksiya matbuot kotibi Melis Ernazarov javob berdi.

Qurilish ishlari sur‘ati to‘g‘risidagi savolimizga javob berar ekan, Melis Ernazarov

- Qurilish jadal sur‘atlar bilan olib borilmoqda, Jalolobod viloyatida 2 ta uy foydalanishga topshirildi, yaqin kunlarda O‘sh viloyatida 3 ta uy topshiriladi, oktabrning ikkinchi dekadasidan boshlab uylar yoppasiga bita boshlaydi, dedi.

Uyi kuygan o‘shliklarning ko‘pchiligi 2 xonali yangi uylarni qurishga ketadigan sarf-xarajatlarni kim ko‘tarayotganini aniq bilmasligi ma‘lum bo‘ldi.

Melis Ernazarovning aytishicha, qurilish ham hukumat, ham xalqaro hamjamiyat – BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi, Xalqaro Qizil Xoch jamiyati va boshqa tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Mana bu esa, uyi kuyganlar diqqat bilan eshitishi kerak bo‘lgan ma‘lumot:

- Bu uylarni qurish uchun aholi o‘z cho‘ntagidan bir so‘m ham sarflamaydi, uylar bepul qurib beriladi, dedi Direksiya vakili.

Ma‘lumki, jabrlanganlarning mol-mulkini bosqinchilar avval talon-taroj qilib, so‘ngra uylariga o‘t qo‘ygan edi.

Balki shundandir, har qalay, O‘shda uyi kuyganlarga Xitoy televizor, Koreya xolodilnik sovg‘a qilarmish, O‘shning mebel fabrikasida karavotlar yasalayotganmish, degan mish-mishlar tarqalganiga guvoh bo‘ldik.

Melis Ernazarovning aytishicha, bu gaplar hech qanday asosga ega bo‘lmagan mish-mish xolos. Xullas, o‘shliklar bu masalada xomtama bo‘lmasin.

Maqolaga so‘nggi nuqtani qo‘yishdan oldin shuni ham aytishimiz kerakki, “oraliq uy” deb atalayotgan 2 xonali uylar - kirib kelayotgan qishda ko‘chada qolmasin, deb xalqaro hamjamiyat o‘shliklar va jalolobodliklarga ko‘rsatayotgan beminnat yordamdir, xolos.

Uylarini 11 iyungacha bo‘lgan holatda qayta qurib olish, ularni zarur jihozlar bilan qayta to‘ldirib olish muammosi shu kunda har bir uyi kuyganning oldida ko‘ndalang qolavyermoqda.
XS
SM
MD
LG