Линклар

logo-print

Qiziriqlik fermerlar paxta rejasini bajarolmayotganligi uchun prokurordan kaltak yedi. O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlari paxta dalasida yallo qilib, mardikorlarga paxta terdiryapti. Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodi ishchilari ham paxta terimiga safarbar etilyapti.

Bu O‘zbekistonda davom etayotgan paxta terimi mavsumiga oid ba‘zi chizgilar.

Maqolaning audiosini eshiting:


Mushtumzo‘r prokuror

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanidagi "Kunchiqish" fermerlar uyushmasining paxta rejasini bajarolmayotgan fermerlari deyarli har kuni tuman prokurori Dilshod Fayziyevdan kaltak yemoqda, deydi Ozodlik bilan suhbatda o‘z ismini oshkor etmagan qiziriqliklardan biri:

- Faktlar bilan ayta olaman. Rejani bajarmaëtgan fermerlar bor. Masalan, “Karim” fermer xo‘jaligining boshlig‘i Karim Mengliboyevni urayapti, Xo‘jaër fermerni ham urayapti. Umuman olganda rejasini bajarmagan fermerlarning hammasini urayapti. Bu yerda besh-oltita fermerlar borda. "Kunchiqish" fermerlar uyushmasi bo‘yicha yuqoridan prokuror paxtani bajarishga mas‘ul qilib qo‘yilgan,- deydi fermer.

Xo‘sh, qayerda va qanday holatda prokuror sizlarni kaltaklaydi, deb so‘radik fermerdan.

- Paxta qabul qilish punktida bo‘ladi. Mana kechqurun to‘qqizda chaqiradi. “Masalan, sen ertaga qancha tonna paxta topshirasan? Qancha va‘da berasan?”, deydi. Masalan, “Ertaga 4 tonna olib kelaman”, deydi. 4 tonnani olib kela olmaysiz. Chunki yo‘q. Dalada hech narsa qolmagan. Faqat g‘o‘zapoyaning o‘zi qolgan. Yo‘q hech narsa. “Qani kechagi va‘dang?”, deydi. Keyin prokuror shapaloqlab o‘ng, chap yuzlariga urib, keyin orqangizdan keladida tizzasi bilan orqaga tepadi. O‘zimni himoya qilaman desangiz, u yerda yana militsiyani chaqiradi. “Olib borib qamab tashla”, deydi. “Shartnomani sen qilganmisan? Nima uchun bajarmayapsan?”, deydi. Buning ob‘ektiv, sub‘ektiv tomonlarini hech qachon ko‘rib chiqmaydi. Hisobga ham olmaydi. Prokurorning o‘zi urgandan keyin yana nimani kutish kerak? Huquqingizni himoya qilish uchun yana kimga murojaat qilishingiz kerak.

Bu yil ob‘ektiv sabablarga ko‘ra, paxta hosili yaxshi bo‘lmadi, "Kunchiqish" fermerlar uyushmasiga tuman hokimiyatidan vakil qilib qo‘yilgan prokuror esa, bu sabablar bilan qiziqmaydi. Uning gapi bitta: "yerni tagidan bo‘lsa ham topib rejani bajarasan", deya davom etadi qiziriqlik fermer.

- Rejani bajarmaslikning sabablari bor. Kerakli paytda dori bermagan, kerkli paytda solyarkani qilib bera olmadi. Biz ishlashimiz kerak bo‘lgan paytlarda bu ëqda yig‘ilish o‘tkazdi, selektor o‘tkazdi, u ëqda bo‘lsa ish qolib ketdi. Mana shunday. Biz dalada ishlashimiz kerak edi. Qancha gapi bo‘lsa, dalaga kelib qilsa bo‘lardi gapini o‘sha rahbarlar. Lekin issiq kunlarda hokimiyatning bitta zaliga yig‘ib olib, dimiqtirib, u yerda ham so‘kib, hammani haqorat qilib o‘tkazgan edi. Mana oxir-oqibatda nima bo‘ldi. Dehqon hokimiyatning selektor zalida emas, dalada bo‘lishi kerakku,- deya qizishib gapiradi qiziriqlik fermer.

Xo‘sh, dalada paxta qolmagan bo‘lsa, fermer rejani qayerdan uddalashi mumkin. Buning yo‘lini prokurorning o‘zi sha‘ma qilib aytyapti, deydi suhbatdoshimiz.

- Men bilmayman. Faqat bajarasan, deydi. Qanday bajarishni senga aytaymi? Tarozibonga borasan. Kechqurun haligiga uchrashsang, yo‘lini senga aytadi. Tushundingmi?” U “ha”, deydi. “Tamom men ketdim”, deydi.

Fermerning aytishicha, paxta qabul qilish punktlarida tarozibonlar fermerlar topshirayotgan paxtaning namligi va iflosligini bahona qilib ancha paxtani urib qolishadi. Va ana shu paxtani paxta qabul qilish punktlari xo‘jayinlari qog‘ozda yana fermerga qaytarib sotadilar.

Ozodlik radiosi fermerning bu gaplariga munosabat olish uchun Qiziriq tumani prokurori Dilshod Fayziyev bilan telefon orqali bog‘landi.

- Ularning gaplarida hech qanday asos yo‘q, deya gapni qisqa qildi prokuror Dilshod Fayziyev.

Militsiya Akademiyasi "terimchilari" "g‘ayrat" qilmoqda

Surxondaryoda prokurorlar fermerlarni kaltaklayotgani haqida xabarlar kelayotgan bo‘lsa, Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida paxta terayotgan O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlari o‘zlarining o‘rniga odam yollab, paxta terdirmoqda. Bu haqda arnasoylik fermer Oyazimxon Xidirova bularni gapirib berdi.

- Akademiya shu yerda. Bemalol xotinlar akademiyaga terib ëtibdi. Bilgan qiz bilgan o‘yinini o‘ynayapti, bilgan xotin bilganiday qilib ëtibdi. Hamma yerdan kelgan akademiya pulni berib urib terdirib ëtibdi. 450 ta kursant kelgan. O‘zi termaydi. Samarqanddan, Do‘stlikdan, Paxtakordan kelgan xotinlar, o‘zimizning va qo‘shni sovxozdagilar terib beradi. Kursantlar 150 so‘mdan berayapti. O‘zlari soyada ëtadi oëg‘ini ko‘tarib. Obedda kursantlarga qilinadigan ovqatni olib borib beradi. Yeb ëtadi shuni. Kommersantlar bo‘ladi. Ularning narsasidan sotib olib beradi. Chiroyli-chiroyli qizlarni xohlagan tarafiga aylantiradi. Yana kechqurun olib kelib tashlab ketadi,- deydi fermer Oyazimxon Xidirova.

Bir kun ishchi bir kun terimchi

O‘zbekistondagi paxta mavsumi kunsayin qizg‘in pallaga kirmoqda. Maktablar o‘quvchilari, kollej-litseylar, oliygohlar talabalari paxta terimiga jalb qilingan. Hatto sanoat korxonalarining ishchilari ham navbat bilan paxta terimiga safarbar etilmoqda. Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodi ishchilari ham dalaga haydaldi, deydi farg‘onalik Ismoiljon Mallaboyev.

- Safarbarlik avjida, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidan paxtaga shunday haydashayaptiki, hayron qolasiz, bular ishchimi yoki paxtakor? Zavodning kunbotar tomoniga avtostoyanka qurgan. U yerdan hech kim yurmaydi. U yerdan avtobuslar odamlarni uylariga tashirdi. Hozir paxtaga tashiyapti. 10 kundan jo‘natishgan edi birinchi kunlari. Hozir ëtadigan qilib 12 kunga jo‘natishayapti. Ko‘rpa-to‘shagi bilan borayapti ishchilar. Kunduz kuni ham olib borayapti. Bu ëtoqdan tashqari. Paxta safarbarligi hozir harbiy holatga o‘xshaydi bu yerda. Kirgilida "Drujba" kinoteatrimiz bor. Uning ëniga azot zavodidan odamlarni to‘plab, u yerdan rosa jo‘natayapti. Yo‘lda ketaëtgan Damaslarni to‘sishib, ichidan passajirlarni tushirib yuborib, ularni ham paxtaga odam tashishga majbur qilishayapti,- deydi Ismoil Mallaboyev.
XS
SM
MD
LG