Линклар

logo-print

O‘zbekiston biometrik pasportga o‘tishga hozirlanmoqda


O‘zbekistonning yangi joriy etiladigan biometrik pasporti ko‘rinishining¸ hozirgisidan ko‘p farq qilmasligi kutilmoqda.

O‘zbekistonning yangi joriy etiladigan biometrik pasporti ko‘rinishining¸ hozirgisidan ko‘p farq qilmasligi kutilmoqda.

O‘zbekiston hukumati Hollandiyaning IAI Industrial Systems shirkatidan uch dona BookMaster One tizimi sotib olishga doir kelishuv imzoladi. Bu tizimlar yordamida O‘zbekiston hukumati 2011 yildan boshlab fuqarolarga biometrik pasport bera boshlashni rejalayotir.


2011 yili biometrik pasportga o‘tishga hozirlanayotgan O‘zbekiston hukumati Hollandiya shirkati ishlab chiqayotgan qimmatbaho va rivojlangan BookMaster One texnologiyasining yangi xaridoriga aylandi.

IAI Industrial Systems shirkati e‘lon qilgan xabarga ko‘ra¸ kelasi yil davomida BookMaster One rusumidagi maxsus uskunalar O‘zbekistonga yetkiziladi.

Bu tizimga bo‘sh pasport blankalari solinadi va u sanoqli soniyalar ichida biometrik pasportni chop qilib beradi¸ deydi IAI Industrial Systems shirkati vakili Karla Lafrayzen Ozodlik bilan suhbatda.

Biometrik pasportning belgisi tushirilgan Buyuk Britaniya passporti (by Flickr CC user OwenBlacker)
- BookMaster One tizimi pasportni to‘liq personalizatsiya qilib beradi. Mashinaga bo‘sh pasport blankasi solingach¸ u shaxsga oid grafik (surat) va xavfsizlik (barmoq izlari) ma‘lumoti¸ qolavyersa xaridor davlat talab qiladigan boshqa axborotni maxsus chipga yuklaydi. So‘ngra¸ kiritilgan axborotning qanchalar to‘g‘riligini tekshirib chiqadi va shaxsga oid barcha axborot kodlashtirilgan tayyor biometrik pasportni chiqarib beradi¸ deydi IAI Industrial Systems shirkati vakili.

Bu tizimlarning aynan qachon O‘zbekistonga yetkazilishi¸ ularning narxiga oid axborotni¸ "o‘zaro kelishuv siri"¸ deya oshkor qilishni istamagan Karla Lafrayzenning bildirishicha¸ Toshkent hukumatining Parijdagi vositachi shirkat orqali faqat uchta bu kabi tizimni sotib olayotgani¸ O‘zbekistonda biometrik pasport berishning markazlashgan tartibda amalga oshirilishidan darakdir.

- BookMaster One tizimi o‘rtacha bir soatda 330 ta biometrik pasport chiqarib beradi. O‘zbekiston bizdan uchta shunaqa tizim sotib olmoqda va bu soatiga o‘rtacha 1000 biometrik pasport nashr qilish imkonini beradi. Bunday pasportni qanday va qayerda hozirlash¸ har bir hukumatning o‘z ishi. Xaridorlarimiz orasida¸ buni markazlashgan tartibda¸ ya‘ni faqat bitta joyda chiqarib¸ so‘ngra uni joylarda egalariga tarqatishni joriy qilganlar ham¸ ayni paytda¸ har bir shaharning o‘zida bunday pasport hozirlashni ma‘qul bilganlari ham bor. Aftidan¸ O‘zbekistonda bu jarayon markazlashgan tartibda amalga oshiriladi¸ deydi Hollandiyaning IAI Industrial Systems shirkati vakili Karla Lafrayzen.

O‘zbekiston hukumatining dastlabki rejasiga muvofiq¸ mamlakatda biometrik pasport tizimi 2010 yil yanvaridan boshlanishi lozim edi. Ammo bu muddat prezident Karimov farmoniga muvofiq¸ 2011 yil yanvariga kechiktirildi va hozircha yangicha pasportning aynan qachondan boshlab berila boshlanishi rasman e‘lon qilinmadi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Kirish¸ chiqish va fuqarolikni qayddan o‘tkazish boshqarmasi vakiliga ko‘ra¸ hozircha bu jarayonning 2011 yil yanvaridan boshlanishi kutilmoqda. Birinchila

- Birinchi o‘rinda chetga chiqadiganlar 100 foiz almashtiradi. O‘zbekiston chegarasidan chiqadiganlar boru, o‘shalar 100 foiz almashtirib chiqadi. Bo‘lmasa¸ boshqa davlatlar kirgizmaydi.

Ikkinchisi, birinchi marta fuqarolik pasportini olayotganlarga 100 foiz o‘sha pasportdan beriladi.

Buyuk Britaniya biometrik pasportining ichiga o'rnatilgan elektron mikrochip (by Flickr CC user Kai Hendry)
Uchinchisi, pasportini almashtiradiganlar boru – pasportining muddati tugagan, yaroqsiz holga kelgan, yo‘qotilgan - ularga ham beriladi. Qolgani esa postepenno¸ dedi boshqarmaning o‘zini tanishtirmagan rasmiysi.

Pasport muddati tugayotgan va hozirda xorijda bo‘lganlar yangi pasport olish uchun pasport amal qilish muddati tugashiga qancha vaqt qolganda murojaat qilishi lozim¸ bu jarayon qancha vaqt oladi¸ degan savollarga javoban boshqarma rasmiysi¸ hozircha biometrik pasport tizimiga o‘tishga oid yangi farmon va ko‘rsatmalar ishlab chiqilmaganini bildirdi.

Biometrik pasportga o‘tish bilan O‘zbekistondagi chiqish vizasiga barham beriladi¸ xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari yangi pasport olish uchun o‘zlari yashayotgan mamlakatlardagi O‘zbekiston elchixonalariga murojaat qilishlari mumkin¸ degan birlamchi taxminlar ham hozircha o‘z tasdig‘ini topmadi. Ozodlik murojaat qilgan O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi vakili¸ yangi biometrik pasport tizimiga o‘tishga oid farmonning joriy yil dekabr oyida e‘lon qilinishi kutilayotganini bildirdi. Aftidan¸ yangi pasport tizimiga oid aksar savollarga ana shu farmon oydinlik kiritadigan ko‘rinadi.
XS
SM
MD
LG