Линклар

Rus chegarachilari Qirg‘iziston janubiga kiritilmaydi?


Rossiya matbuoti rus chegarchilari Qirg‘iziston janubiga YeXHT politsiyachilaridan oldini kritilishi mumkinligini aytmoqda.

Rossiya matbuoti rus chegarchilari Qirg‘iziston janubiga YeXHT politsiyachilaridan oldini kritilishi mumkinligini aytmoqda.

Yaqin kunlar ichida Qirg‘izistonga Rossiyaning 40 kishidan iborat chegarachilari guruhi kiritiladi. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Vladimir Pronichev “Kommersant” gazetasiga ma‘lum qilgan. Biroq qirg‘iz chegara xizmati bu ma‘lumotni rad etmoqda.

Rossiya Federal xizmati rahbari Vladimir Pronichev “Kommersant” gazetasiga bergan suhbatida Qirg‘iziston Chegara xizmati rahbari Zokir Tilenov bilan O‘shda muzokaralar o‘tkazgani haqida aytgan.

Rossiya rasmiysiga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida so‘nggi yillarda Qirg‘iziston chegara oldi hududlarida transmilliy jinoiy guruhlar harakati faollashgani taraflarni tashvishga solayotgani e‘tirof etilgan. Muzokaralar chog‘ida jinoiy guruhlarga va narkotik moddalar ta‘minotiga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida O‘sh shahriga Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinining tezkor guruhini kiritish haqida qaror qabul qilingan.

Ma‘lumotlarda Rossiya chegara qo‘shinlari guruhi O‘shga qachon yetib kelishi haqida aniq bir muddat aytilmagan. Biroq ayrim axborot agentliklari Rossiya chegarachilari O‘shga YeXHT politsiyasi guruhidan oldinroq kiritilishi mumkinligi haqida xabar qildi.

Biroq Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi Salqin Abduqariyeva Ozodlik bilan suhbatda bu ma‘lumotlar matbuot tomonidan noto‘g‘ri talqin etilganini ta‘kidladi.

- Qirg‘iziston Chegara qo‘shinlari qoshida Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari operativ guruhi mavjud. Bu guruh o‘n yildan ortiqroq Qirg‘iziston Chegara qo‘shinlari markaziy apparati binosida ishlab kelgan. Biroq qirg‘iz chegara xizmati O‘shga ko‘chirilganida, ular Bishkekda qolib ketganlar. Gap mana shu guruhni Bishkekdan O‘shga ko‘chirish haqida ketayapti xolos. Rossiya tomonidan Qirg‘izistonga hech qanday qo‘shimcha kuch kiritilmaydi,- dedi Salqin Abduqariyeva.

Ayni paytda xorij ommaviy axborot vositalari uchun suhbat bergan Rossiyaning yana bir rasmiysi, Kollektiv xavfsizlik tashkiloti bosh kotibi Nikolay Bordyuja ham Qirg‘iziston mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tgan. Uning bildirishicha, iyun voqealari paytida Qirg‘izistonga o‘z kuchlarini kiritmaslikka qaror qilgan KXShT, bugungi kunda qirg‘iz hukumatiga axborot maydonini nazorat qilishga yordam bermoqda.

Mazkur tashkilot matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov o‘tgan oyda Ozodlikka bergan suhbatida Qirg‘iziston voqealari KXShT nizomidagi ayrim bandlarning qayta ko‘rib chiqilishiga turtki bo‘lganini aytgan edi.

- Kotibiyatga bo‘xronlarga tezkor munosabat bildirish mexanizmini mukammalashtirishni nazarda tutuvchi hujjatlarni ishlab chiqish topshirilgan. Mazkur hujjat dekabrda o‘tadigan KXShT sessiyasida prezidentlarga taqdim etiladi,- degan edi Vladimir Zaynetdinov.

Ayni paytda Qirg‘izistonga YeXHT politsiyasining ham kiritilishi rejalashtirilayotgan edi. Biroq avgust oyi oxirlarida O‘shga jo‘natilishi rejalashtirilgan xalqaro politsiya guruhi masalasi shu kungacha ochiq bo‘lib qolmoqda. Qirg‘iziston rasmiylari xalqaro politsiyani O‘shga kiritish masalasi 10 oktabrda o‘tadigan parlament saylovidan so‘ng hal etilishini aytib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG