Линклар

Qirg‘izistonda "Titul millat to‘g‘risida"gi qonun paydo bo‘lishi mumkin


Qirg‘iziston prezidenti maslahatchisi To‘pchubek Turg‘unaliyev “Titul millat to‘g‘risida” qonun ustida bosh qotiryapti.

Qirg‘iziston prezidenti maslahatchisi To‘pchubek Turg‘unaliyev “Titul millat to‘g‘risida” qonun ustida bosh qotiryapti.

“Qirg‘izistonda ishlab chiqilayotgan yangi qonun xalqni ikkiga – birinchi va ikkinchi sort millatlarga bo‘lib qo‘yishga urinishdir. Bunday urinishlar jinoyatdan o‘zga narsa emas”. Bu fikrni qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayev Qirg‘iziston prezidenti maslahatchisi To‘pchubek Turg‘unaliyev tayyorlayotgan “Titul millat to‘g‘risida”gi yangi qonun yuzasidan bildirdi.

Prezident O‘tunbayevaning maslahatchisi To‘pchubek Turg‘unaliyev birdaniga ikkita qonun: "Titul millat to‘g‘risida"gi hamda "Milliy diasporalar to‘g‘risida"gi qonunlar ustida ish olib borayotgani haqida 28 sentabr kuni 24 kg agentligi xabar qildi.

Bu ikki hujjatning mazmunidan agentlik o‘z mushtariylarini xabardor qilmagan. Lekin qonun loyihalarining nomlariyoq O‘sh va Jalolobod qirg‘inidan xabardor kishini hushyor torttiradi.

Iyun voqealaridan so‘ng tinchlik va barqarorligi qil ustida turgan bir mamlakatda millatchilik kayfiyatlarini yanada kuchaytirishi mumkin bo‘lgan qonunlar ustida ishlayotgan siyosatchi bilan 29 sentabr kuni bog‘lanib, Bishkek vaqti bilan kech soat 5 da gaplashishga kelishib oldik.

Lekin kelishilgan vaqtda ham, undan keyin ham Turg‘unaliyev telefonini ochmadi.

Shundan so‘ng qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpayev bilan bog‘lanib, undan fikr so‘radik. Uning Turg‘unaliyev tashabbusidan xabari bor ekan.

Ozodlik: Sizni ham hushyor torttirdimi Turg‘unaliyev tayyorlayotgan qonun? Bunday qonunlar boshqa davlatlarda ham mavjudmi?

- Agar gap chinakam demokratik davlatlar ustida boradigan bo‘lsa, ularda xalqni titul millatga va titul millatga mansub bo‘lmagan boshqalar - ikkinchi sort millatlarga bo‘lib qo‘yadigan bunday qonun yo‘q.

Asosiy Qonun – Konstitutsiya mavjud va unda barcha asosiy huquq va erkinliklar yozib qo‘yilgan. Ular hamma uchun baravardir. Qonun oldida hamma teng.

Huquq va erkinliklar esa, millati, irqi, dini, siyosiy qarashlari va hokazolardan qat‘iy nazar barchaga teng taqsimlangan.

Shundan kelib chiqib, shaxsan men titul millat to‘g‘risida qonun qabul qilinishini xavfli deb hisoblayman, boz ustiga bunday hujjat tartibsizliklarning yangi to‘lqiniga turtki berishi mumkin, chunki bunday hujjat zamirida millatchilik yotibdi.

Bunday qonun bilan Qirg‘iziston xalqi millatiga qarab kamida ikki sortga bo‘linmoqda: qirg‘izlar va qirg‘iz emaslarga. Bunday urinishlar jinoyatdan o‘zga narsa emas.

Ozodlik: Do‘sum, bilasizki, To‘pchubek Turg‘unaliyev Qirg‘iziston prezidenti maslahatchisi – davlat amaldori. Mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikka putur yetkazish ehtimoli bo‘lgan qonunlar ustida davlat amaldori ish olib borayotganini qanday tushunish mumkin?

- Afsuski, taxminimcha, Roza O‘tunbayeva Qirg‘izistonning nominal prezidenti xolos, chunki u iddaosi o‘ta kuchli bo‘lgan juda ko‘p qirg‘iz jamoat arboblari manfaatlariga putur yetib qolishidan cho‘chib, muvozanatini yo‘qotib qo‘ymaslikni har doim o‘ylashga majbur.

Afsuski, bu arboblarning aksariyatida davlatchilik tafakkuri yo‘q. Ularning tafakkurini "mahalliychi qishloqi tafakkuri", deb atash mumkin.

Muammo shundaki, O‘tunbayeva shunday kishilar bilan ishlashga majbur. Mamlakatdagi vaziyatning nozikligidan kelib chiqib, u dushmanlari sonini ko‘paytirishni istamayapti.

Lekin ayni paytda, agar u Qirg‘izistonning siyosiy tadriji demokratik me‘yor va qonunlar asosida bo‘lajagiga kafil ekanligi to‘g‘risida bayonot berar ekan, Turg‘unaliyevga o‘xshash maslahatchilardan voz kechishi kerak bo‘ladi¸ dedi savollarimizga javob bergan qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sum Satpayev.

24 kg agentligi xabariga qaraganda, "Titul millat to‘g‘risida"gi yangi qonun ustida ishlayotgan prezident maslahatchisi To‘pchubek Turg‘unaliyev jurnalistlarning saylov arafasida yana milliy masala atrofida so‘z yuritavyerish o‘rinlimi, degan mazmundagi savoliga javoban "Agar bu gaplar qandaydir mojarolar keltirib chiqarsa, men javobgarlikning bir qismini o‘z zimmamga olishga tayyorman", degan.

Turg‘unaliyev o‘z zimmasiga olmoqchi bo‘layotgan mojarolardan so‘nggisi O‘sh va Jalolobodda iyun oyida bo‘lib o‘tdi va oqibatda yuzlab o‘zbek o‘ldirildi, minglab o‘zbek uyi kuydirilib ko‘chada qoldi, yuz minglab o‘zbek qochqinga aylandi, o‘n minglab o‘zbek shu kunda o‘zga yurtlarda jon saqlab yuribdi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG