Линклар

Rasht vodiysida ikki jangari qo‘lga olindi. Bu borada ommaviy axborot vositalariga xabar bergan Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mas‘ullari, jangarilar 28 sentabr kuni Rasht shahrida o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida qo‘lga olinganini bildirgan.


Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Mahmadullo Asadulloyevning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, qo‘lga olinganlar Mirzoxo‘ja Ahmadov guruhidan bo‘lgan.

- Kecha ertalab Rasht vodiysida Mirzoxo‘ja Ahmadov jinoiy guruhining yana ikki faoli huquq-tartibot idorasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Ammo tergov ishlariga halaqit bermaslik uchun ular nomlari e‘lon qilinmaydi. Qo‘lga olinish jarayonida jangarilar qarshilik ko‘rsatishga ulgurmaganlar. Ikki tomondan ham yaradorlar va qurbonlar yo‘q, - deya ma‘lum qildi Ichki ishlar vazirligi mas‘uli Asadulloyev.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Mahmadullo Asadulloyev Rasht vodiysida boshlangan amaliyotlar davomida Mirzoxo‘ja Ahmadov jinoiy guruhiga a‘zolikda gumonlanib, qo‘lga olingan o‘nga yaqin kishi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tergov izolyatorida ko‘rsatma berayotganini ma‘lum qildi.

- Ammo ularga qo‘yilgan ayblar isbotlanmagunicha, ular haqida ommaviy axborot vositalariga ma‘lumot berilmaydi. Ammo kecha Rashtda qo‘lga olingan ikki jangari bundan istisno. Chunki ular Mirzoxo‘ja Ahmadov guruhi faollari ekanini tan oldilar, - dedi Asadulloyev janoblari.

Rasht vodiysidagi amaliyotlar davomida Navobod shaharchasi Ichki ishlar bo‘lim sobiq boshlig‘i Sanoat Ahmadov ham qo‘lga olingani haqida xabarlar kelmoqda.

Ichki ishlar vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, sobiq muxolifat sobiq a‘zosi Sanoat Ahmadov Tojikistonda tinchlik bitimi imzolanganidan keyin Ichki ishlar vazirligida turli vazifalarda faoliyat qilgan.

Norasmiy manbalar esa bundan olti oy avval Sanoat Ahmadov “Mirzoxo‘ja Ahmadov odami” ekani vajidan vazifasidan bo‘shatilganini aytmoqdalar.

Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Asadulloyev “Sanoat Mirzoyev ham qo‘lga olinganlar orasida bo‘lishi mumkin”, deya qo‘shimcha qilar ekan, bu borada to‘liq ma‘lumotlarga ega emasligi sababli tafsilotlardan tiyilishini aytdi.

Shuni ham aytish lozimki, 28 sentabr kuni Fayzobod tumanining Chanoro qishlog‘ida hukumat kuchlari olib borgan bir amaliyot natijasida Milliy xavfsizlik qo‘mitasining vaqtincha saqlash izolyatoridan qochgan yana bir mahbus yo‘q qilingan edi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Asadulloyevning aytishicha, u dog‘istonlik Huseyin Sulaymonov ekan.

Tojik rasmiysining bildirishicha, Rossiya fuqarosi Sulaymonov qo‘lga olinishi chog‘ida qurolli qarshilik ko‘rsatgan. Natijada uning o‘zi halok bo‘lgan va yana xavfsizlik xodimlarining uch nafari yarador bo‘lgan.

Mahmadullo Asadulloyev Rasht vodiysi va Fayzobod tumanlarida qochoq mahbuslar hamda Mirzoho‘ja Ahmadov va uning guruhini qo‘lga olish bo‘yicha amaliyotlar davom etayotganini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG