Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:28

Tekebayevni Moskva "sharmanda" qildi


O‘murbek Tekebayev 20 yildan beri o‘z pozitsiyasida sobit qolayotgan barmoq bilan sanarli qirg‘iz siyosatchilaridan biri.
O‘murbek Tekebayev 20 yildan beri o‘z pozitsiyasida sobit qolayotgan barmoq bilan sanarli qirg‘iz siyosatchilaridan biri.

Qirg‘izistondagi yirik partiyalar 10 oktabrda o‘tadigan parlament saylovi arafasida Kremldan madad izlamoqdalar. Qirg‘iz siyosatchilari Rossiyada prezident Medvyedev darajasida qabul qilindilar. Moskvaga borishni istamagan siyosatchilar esa Rossiya telekanallari orqali "sharmanda" qilinmoqda.


Saylovoldi reytingida qayd etilishicha, O‘murbek Tekebayev rahbarligidagi “Ota makon” partiyasi yangi qirg‘iz parlamentidagi asosiy o‘rinni egallashi mumkin. Bu holatda Qirg‘izistonni parlament respublikasiga aylantirilishining g‘oyaviy rahbari, birinchi va eng so‘nggi qirg‘iz Konstitutsiyalarining muallifi O‘murbek Tekebayev parlament spikeri yoki Bosh vazir lavozimiga saylanadi.

Kuzatuvchilar fikricha, Moskva bunga yo‘l qo‘ymaslikka va “Ota makon” partiyasi lideri obro‘sini tushirishga harakat qilmoqda. Mahalliy matbuot esa “Moskva Tekebayevga saylov oldida qattiq zarba berdi” qabilidagi maqolalarni chop etmoqda.

Gap shundaki, Rossiyaning NTV telekanalida 28 sentabr kuni O‘murbek Tekebayevning bir ayol bilan “don olishib turgani” haqidagi lavha namoyish etildi.

Lavhaning videosini tamosha qiling:

Lavhada ishlatilgan Tekebaevning "don olishuv" videosi Qirg'izistonda ancha mashxur va keng tarqalgan video.

Bu videolavha bundan bir yil oldin internetda paydo bo‘lgan va Qirg‘izistonda bir oz shov-shuvga sabab bo‘lgach unitilgan edi. Mazkur lavhaning ikkinchi bor Moskva telekanalida namoyish etilishiga O‘murbek Tekebayevning o‘zi munosabat bildirgani yo‘q. Biroq “Ota makon” partiyasi liderlaridan biri Ravshan Jeenbekov bu holatni Kremlning qirg‘iz saylovchilariga ta‘sir o‘tkazishga harakati sifatida baholaydi:

- Kreml saylov arafasida o‘z manfaatiga javob bermaydigan siyosatchilarni o‘yindan chiqarishga harakat qilmoqda. Kreml mustaqil siyosat yuritish tarafdori bo‘lgan odamlarga qarshi ishlayapti. NTV telekanalida ko‘rsatilgan lavha orqali saylovchilarga ta‘sir o‘tkazishga harakat qilinmoqda,- dedi Ravshan Jeenbekov.

Konfliktolog Jirg‘albek Qasabo‘lo‘tov ham bu fikrga qo‘shiladi. Uning aytishicha, Rossiya telekanallarini Kreml nazorat qiladi. Shundan kelib chiqqan holda, konfliktolog NTV telekanalida namoyish etilgan lavha Moskva rasmiylari ixtiyorsiz namoyish etilmagan bo‘lardi, deb hisoblaydi.

Jirg‘albek Qasabo‘lo‘tov shu o‘rinda Qirg‘izistondagi yirik partiyalar rahbarlarining Kremlga serqatnov bo‘lib qolganiga ham alohida diqqat qaratish loizmligini aytadi.

Masalan, bir oy ichida Sotsial demokratik partiyasining rahbari Almazbek Atambayev Moskvada Bosh vazir Vladimir Putin bilan, “Respublika” partiyasi lideri O‘murbek Babanov Rossiya prezidenti ma‘muriyati rahbari Sergey Narishkin bilan uchrashib qaytdi. “Or-nomus” partiyasi rahbari Feliks Qulovni esa Kremlda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvyedev qabul qildi.

Aytib o‘tish kerakki, Feliks Qulov rahbarligidagi partiya parlament boshqaruviga qarshi chiqib, Qirg‘izistonda kuchli prezidentlik hokimiyati o‘rnatish tarafdoridir.

- Bundan kelib chiqadiki, bizning siyosatchilar haligacha eski stereotiplar asosida fikrlaydilar. Birinchi navbatda Moskvaning emas, qirg‘izistonliklarning madadiga tayanish kerak. Bugungi kunda qirg‘izistonliklar uchun Moskva kimni qo‘llab-quvvatlayotgani hech narsani anglatmaydi,-dedi konfliktolog Jirg‘albek Qasabo‘lo‘tov.

Siyosatshunos Bekbo‘sin Bo‘riboshev esa qirg‘iz saylovchilari uchun Kremlning qaysi partiyani qo‘llab-quvvatlashi muhim ekanini aytadi:

- Xalqning keng qatlami haligacha Rossiyaga umid bog‘laydi. Saylov jarayonida siyosiy partiyalar bundan unumli foydalanishga harakat qilishmoqda. Albatta, bu partiyalar Kreml rasmiylari bilan uchrashib, nimlarnidir va‘da qilishadi. Ammo bu uchrashuvlarda nimalar va‘da qilingani va qanday va‘dalar olingani bizga sirligicha qolavyeradi,-dedi Bekbo‘sin Bo‘riboshev.

Mahalliy kuzatuvchilar fikricha, saylov kuni yaqinlashgani sari qirg‘iz siyosatchilarining Moskva ko‘nglini olish harakatlari ko‘payadi, Kremlning esa Rossiya matbuoti orqali Qirg‘izistondagi saylov natijalariga ta‘sir ko‘rsatish harakati kuchayadi. Qirg‘izistonda parlament saylovi 10 oktabrda o‘tkaziladi.
XS
SM
MD
LG