Линклар

logo-print

O‘zbek sudlanuvchilari sud zalida kaltaklandi


O‘sh va Jaloloboddagi xunrezliklarga aloqadorlikda ayblanayotganlarning aksariyati o‘zbeklardir.

O‘sh va Jaloloboddagi xunrezliklarga aloqadorlikda ayblanayotganlarning aksariyati o‘zbeklardir.

O‘sh qirg‘ini paytida Qorasuv tumani Militsiya boshqarmasi boshlig‘i Adilbek Sultonov va uning haydovchisi Uran Shamurzayevni o‘ldirganlikda ayblanib sudlanayotgan 11 nafar o‘zbek 29 sentabr kuni mahbuslarni qo‘riqlovchilar tomonidan sud zalida ayovsiz kaltaklangan.


O‘sh viloyati Qorasuv tuman sudining 29 sentabr kuni O‘sh shahrida joylashgan xarbiy qisimlardan birida o‘tkazgan mahkamasida 11 nafar sudlanuvchining konvoy tomonidan kaltaklanganini o‘z ismi sir tutilishini istagan voqea guvohi aytib berdi:

- Hech kim yo‘g‘ida bularni urdirishibdi. Boshlariga dubinkalar bilan urishgan, ularning hamma joyi qon bo‘lib ketgan. Ularni faqat jabrlanuvchilar urmabdi. Ularni o‘sha yerda oxranada, konvoylikda turgan soldatlar urishibdi. O‘lgan odam bilan birga ishlaganlarning hammasi militsiya xodimlari-da. O‘shalar, formadagi odamlar urishibdi,- dedi ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz.

Maqolaning audiosini eshiting:


Uning aytishicha, sudlanuvchilar mahkamaga tushlik uchun tanafus e‘lon qilingan payitda, xech kim yo‘qligida, sud zalidagi temir panjara ichida kaltaklangan.

Eslatib o‘tamiz, Qorasuv tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Odil Sultonov va uning haydovchisi Uran Shomurzayevning shu yil 13 iyun Qorasuv tumani Narimon qishlog‘ida noma‘lum shaxslar tomonidan o‘ldirilgan edi. Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Odil Sultonov yondirib yuborilgan, uning haydovchisi Uran Shomurzayevning kallasi tanasidan judo qilingan edi. Bu voqea yuzasidan sud mahkamasi 29 sentabr kuni O‘sh shahrida joylashgan harbiy qisimlardan birida boshlandi. Mahkama 30 sentabr kuni ham davom etdi.

Sudlanuvchilarning advokatlari 29 sentabr kuni o‘z himoyasidagilarni kaltaklagan konvoy va bunga yo‘l qo‘ygan konvoy boshlig‘ini jinoiy javobgarlikka tortish, sudlanuvchilarni sud tibbiy tekshiruvidan o‘tkazish to‘g‘risida og‘zaki iltimosnoma bilan murojaat qilgan.

Bundan mahkamada ishtirok etayotgan jabrlanuvchi tomon g‘azablangan va ayrim advokatlarni kaltaklagan:

- Biz sud mahkamasida iltimosnoma berishimizni e‘lon qildik. Tair Asanov degan advokat bor. U iltimosnomani berayotganida sud zalidagi olomon unga tashlandi va sud zalida uni kaltaklash boshlandi. Tair Asanov kaltaklandi. Biz advokatlar faqat uni nogiron qilib qo‘ymasliklari yoki o‘ldirib qo‘ymasliklari uchun olomonga to‘sqinlik qila oldik,- dedi sudlanuvchilarning advokatlaridan biri Rashid Muzaffarov.

Ismini oshkor qilishmizni va ovozini yozib olishimizni istamagan yana bir advokatning aytishicha, sud zalidagi huquq - tartibot xodimlari advokat Tair Asanovning jabrlanuvchilar tomonidan kaltaklanishini ham tomosha qilib turavyergan. Faqat oradan bir qancha vaqt o‘tgach, ular o‘zlarini janjallashayotganlarni ajratayotgan qilib ko‘rsatishgan.

Advokatlar huquq-tartibot xodimlarining bu harakatlariga norozilik bildirganida, huquq-tartibot xodimlari advokatlarga “Ayb o‘zlaringda, sartning (o‘zbek - taxr.) pulini olib uni himoya qilayapsan. Endi chidashasan, o‘zlaring shu kasbni bilib tanlashgansan”, deb javob qaytarishgan.

Ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz olomon Toir Asanov bilan birga yana bir advokatni ham kaltaklaganini va ular sud zalidan quvib chiqarilganini qo‘shimcha qildi.

Advokatlarga ko‘ra, shundan so‘ng mahkamaga raislik qiluvchi Qorasuv tuman sudi sudyasi Baqit Usupbekov mahkama 19 oktabrga qoldirilishini e‘lon qilgan.

Aytib o‘tish joizki, Narimon qishlog‘ida o‘ldirilgan Qorasuv tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Odil Sultonov va uning haydovchisi Uran Shomurzayevning qarindoshlari 29 sentabr kungi mahkamada yaqinlari o‘limi yuzasidan tergov yakuniga yetkazilmaganini iddao qilib, sud raisidan jinoiy ishni qayta tergovga yuborishini talab qilishgan.

Marhum Odil Sultonovning rafiqasi Gulzada Sultanovaning aytishicha, u mahkamadan avval ham tergovchilarga tergov o‘ta sust olib borilayotgani haqida murojaat qilgan:

- Kuyovim 13 iyunda olamdan o‘tdi. Besh kundan keyin kechki payt uning telefonidan menga “men tirikman”, deb sobsheniya keldi. Keyin men o‘sha kuni ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nuriddinovga telefon qildim. Men unga “kuyovimni telefonidan men tirikman degan sobsheniya kelyapti”, desam u “kuyovingiz o‘lgan, nimaga bunday qilasiz, javobgarlar qo‘lga olindi, u sobsheniya ahamiyatga ega emas”, dedi. Nimaga ahamiyatga ega emas, kim meni ustimdan kulib bularni yozdi. Kuyovimni bir telefonida ikkita sim karta bo‘lgan, simkalardagi o‘shancha nomerdan meni qanday topdi? Nomerlar orasida ayolim, deb yozilgani yo‘q. Gulzada, deb yozilgan. Meni, singlim va qayni opamning nomeri bo‘lgan. Uch ayol kishi ichidan meni qanday topdi?- deydi Odil Sultonovning rafiqasi Ozodlik bilan suhbatida.

Qirg‘iziston janubidagi qirg‘in tashkilotchilari sifatida ayblanib sudga tortilayotganlarning aksariyati o‘zbeklar ekanini aytish joiz.

Shu yilning avgust oyida Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi rasmiysi Sumar Nasiza Jaloloboddagi qonli voqealarga aloqadorlikda ayblanib bir umrlik qamoq jazosiga hukum qilingan huquq himoyachisi Azimjon Asqarov to‘g‘risida gapirayotib: “Tartibsizliklarda ayblanib 262 odam qo‘lga olindi. Ulardan 243 nafari hibs qilindi. Ulardan 29 nafari qirg‘iz millati, qolgan 213 nafari o‘zbek millati, 1 nafari esa boshqa millatga mansub shaxslardir”, degan edi.

Interfaks axborot agentligining Qirg‘iziston Bosh prokuraturasiga tayanib xabar qilishicha, hozirda Qirg‘iziston huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan O‘sh va Jalolobod viloyatlarida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha 4,5 mingdan ortiq jinoiy ish tergov qilinmoqda. Jinoiy ishlar bo‘yicha 291 odam qo‘lga olingan.

XS
SM
MD
LG