Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:34

O‘qituvchi bayramni dalada nishonlayapti


"Siz azizlarning kundalik olijanob mehnatingiz oldida ta‘zim etsak arziydi", degan prezident o‘qituvchilarning o‘z kasbiy bayrami kuni ham dalada qilayotgan mehnatini nazarda tutgan bo‘lsa ajabmas.
"Siz azizlarning kundalik olijanob mehnatingiz oldida ta‘zim etsak arziydi", degan prezident o‘qituvchilarning o‘z kasbiy bayrami kuni ham dalada qilayotgan mehnatini nazarda tutgan bo‘lsa ajabmas.

1-oktabr O‘zbekistonda o‘qituvchilar kuni. O‘zbekiston prezidenti bayram munosabati bilan o‘qituvchilarga tabrik yo‘lladi. Biroq umumxalq bayrami deb atalgan kunda ana shu bayram sababchilari o‘qituvchilardan boshqa hamma dam oladi. Qishloq o‘qituvchilari bu kunni paxta dalalarida “bayram” qilishadi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov, odatdagidek, bu yil ham o‘qituvchilarni bayram bilan tabriklar ekan, ulardan eng shirin so‘zlarini ayamadi:

“Haqiqatan ham, ko‘z nuri va qalb qo‘rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag‘ishlagan, bir so‘z bilan aytganda Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan siz azizlarning kundalik olijanob mehnatingiz oldida ta‘zim etsak arziydi, albatta”, deyiladi prezident tabrigida.
Maqolaning audiosini eshiting:


O‘qituvchilarning kundalik olijanob mehnati uchun "ta‘zim bajo etajagini” aytgan prezident, o‘qituvchilarning mehnatini rag‘batlantirishni, ish haqini oshirishni “o‘z burchi” deb, hisoblashini ta‘kidladi.

Bu tabrik, odatdagidek, shaxsan prezidentning og‘zidan emas, O‘zbekiston televideniyesi orqali o‘qib eshittirildi.

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida o‘qituvchilik qilayotgan Faxriddin Aliyev (ismi o‘zgartirilgan) o‘zi va hamkasblari prezident tabrigini eshitib juda xursand bo‘lgani, biroq bu xursandchilik oradan yarim soat o‘tmay tumanday tarqalib ketganini aytadi.

- Bu gaplarni eshitib, o‘zimiz juda quvonib, prezidentimizga rahmatlar aytdik. Hammamiz yig‘ilishib maktabda shunday muhokama bo‘ldi. Lekin oradan yarim soat o‘tgandan keyin, dalaning ichiga chiqqaningizdan keyin boshqacha holatga tushib qolasizda. O‘zi bir yilda bir marta nishonlansa, dam olish kuni deb e‘lon qilingan bo‘lsa, o‘shani ham paxta terish, o‘quvchilarning boshida turib paxta terdirish yoki cho‘lda suv yo‘q, oziq-ovqat muammo bo‘lib yotgan, yotish-turishga sharoit yo‘q joyda og‘ir ahvolda paxta terayotgan o‘qituvchilarni ko‘z oldingizga keltiring. Bu bayram go‘yoki biz uchun yo‘q hisobida, -deydi Faxriddin Aliyev.

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidagi maktablarning birida o‘qituvchilik qilayotgan Sayfulla Qosimov(ismi o‘zgartirilgan) ham bunday tabriklarni eshitavyerib, o‘rganib ketganligi, aslida o‘qituvchi mahalliy hokimiyatning dastyoriga aylanib qolganligini aytadi.

- Endi ular aytavyeradi. Radioda juda chiroyli gaplar bo‘ladi. Lekin hammasi qog‘ozda-da. Hayotda butunlay boshqa narsaku. O‘qituvchi qishloqda ozroq obro‘ga ega bo‘lishi mumkindir, ammo jamiyatda hech qanday obro‘ga ega emas. O‘qituvchi asosan tayyor kuchda. Ertalab ko‘chani supurish kerakmi maktabga keladi. “Davay bolalarni olib chiqinglar” deydi. Hashar bo‘ladimi o‘qituvchilar, boshqa narsa bo‘ladimi o‘qituvchilar. Paxtaku endi 100 foiz bizga yuklatilgan. Hokimiyatning dastyorida, -deydi Sayfulla Qosimov.

U prezidentning “o‘qituvchilarning mehnatini rag‘batlantirish, ish haqini oshirish burchimizdir” deb aytgan gaplariga umid bildiradi. Vaholanki, men hozir oddiy militsiya xodimidan ham oz maosh olaman, deydi o‘qituvchi,

- Paxtaga kollejning bolalari kelgan. Militsiyalarni ham qo‘ygan ularga qorovul sifatida. Bir yigit bilan u kun gaplashib qoldim. Oddiy militsioner ekan. 450 ming qo‘liga olarkan. Oddiy ryadovoyda endi u. Men oliy ma‘lumotli, oliy kategoriyali o‘qituvchi 400 ming olamanmi yo‘qmi Xudo biladi. Militsiyalarning oyligi bizdan ikki-uch barobar ko‘payib ketgan,-deydi ishtixonlik o‘qituvchi Sayfulla Qosimov.

Surxondaryolik o‘qituvchi Faxriddin Aliyev esa, faqat balandparvoz gaplar aytiladigan, lekin amalda bayram qilinmaydigan o‘qituvchilar kunini umuman kalendardan o‘chirib tashlashni taklif qiladi. Chunki, deydi o‘qituvchi, bu kunda o‘qituvchidan boshqa hamma dam oladi.

- Bayramni hozircha bugun nishonlaganimiz yo‘q. Bugun dalaning ichidamiz. Ertaga ham paxtaning ichida bo‘larkanmiz. Ertaga o‘zi aslida dam olish. O‘qituvchilar kuni endi. O‘qituvchilarning barchasi dalaning ichida. Cho‘lga ketadigani cho‘lga ketayapti, qolgani o‘quvchilarning boshida dalada turib paxta terdirayapmiz. Bayramni paxtaning ichida kutamizda.

Ozodlik: -Bayram paxtazorda bo‘ladimi?

-Bu aniq. Garantiya bu!- deydi Faxriddin Aliyev.

Prezident tabrigida, keyingi 10-12 yil mobaynida 1394ta kasb hunar kolleji, 142ta akademik litsey, 9772ta maktablar bunyod etilgani aytilar ekan, bu ishlar mamlakat tarixida ilgari hech ko‘rilmagan ulkan hodisa sifatida talqin etiladi. O‘qituvchi Faxriddin Aliyev prezidentning bu aytganlariga nisbatan o‘z mulohazalarini bildiraidi.

- To‘g‘ri, ozgina pul berilayotgan bo‘lsa, kollejlar, akademik litseylar ta‘mirlanayapti. Bu g‘amxo‘rlikning 100 foiz bo‘lmasa ham 40 foiz nasibasini ko‘rayapmizu, lekin qurib berilgan kollejlarni bitirgan o‘quvchilarning 85-90 foizi bekor yuribdi. Qayerga borsin u? O‘qishga kira olmasa. Chunki katta pulda.

Ikkinchisi, qurilgan maktablar. Bir yilning ichida kapital rekonstruksiyaga tushgan maktablar qilib berilayapti. Oradan bir yil o‘tmasdan pollar qo‘porilib ketgan. O‘sha qo‘yilgan AKFA derazalardan havo o‘tmaydi. O‘shaning ichida o‘zi dars o‘tish mumkin emas. Butun o‘quvchilar orasida kasallik tarqatib yuboradi. Yangi qurilgan maktablarda nafas olishning iloji yo‘q.

Uchinchisi, mayli qurilgan maktab qurildi. Lekin o‘shaning ichida jihozning o‘zi bo‘lmasa, u maktabning kimga keragi bor? Undan ko‘ra eski maktab yaxshi emasmi?

To‘rtinchisi, qurildi, ayrim joylarga ichi ham olib kelindi deylik. Texnik vositalar bilan ta‘minlandi. Elektr toki bo‘lmasa, nimaga kerak u?

Beshinchisi, mana birinchi chorakning qisman yarmi o‘tdi. Dalaning ichidamiz. Yuqori sinflarda bir soat ham dars bo‘lgani yo‘q. Bu nimaga kerak?

Oltinchisi, oldingizda ajoyib bayramingiz tursayu, hamma dam olsayu, sen bo‘lsang paxta tersang. Odamga juda alam qilarkan. Uzr, qo‘polroq gapirib yuborgan bo‘lsam, deydi Faxriddin Aliyev.

Prezident tabrigida aytilishicha, so‘nggi yillarda pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar soni eng yuqori ko‘rsatkichni, ya‘ni 22,6 foizni tashkil etmoqda. Biroq Namangan davlat unvyersitetining sobiq o‘qituvchisi Alijon Obidov pedagogika oliygohlarini bitirib chiqayotganlarning soniga emas, balki sifatiga e‘tibor qaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi, deydi.

- O‘qiyotgan bolalarning dars darajasini, o‘qituvchilarni ham, o‘sha yerda ishlayotgan laboratoriyalarni ham amalda ko‘rsatilgan darajaga keltirmasak, hech qachon yaxshi kadr chiqmaydi. Sababi talaba amaliy mashg‘ulotlarni ko‘rmasa, qilib ko‘rmasa, borib bolalarga qanday o‘rgatadi? Aytaylik gapirib berib, shuni amalda mikroskopda ko‘rsatib berishga imkoniyat yo‘q. Bolalarni normadan ortiqcha qilib, 20-25 kerak joyda 200talab olgan bo‘lsa. Bularning evaziga kimlardir semirib yotibdi. Shu narsa hisoboti yuqoriga to‘g‘ri bormaydi. “Xalqning talabi kuchli bo‘lganligi uchun yana qo‘shimcha o‘rin berishingizni so‘raymiz” deb dokument tayyorlab vazirlikdan o‘rinni olib kelishadi. Vazirlikdagilarning hammasi bolalarning pul bilan kirayotganini biladi, foydalanishadi. Bu yil biologiyada 185 bola bitirdi. 15tachasi ishga zo‘rg‘a joylanadi xolos. Qolganlari qayoqda ishlaydi? Qolgan 170tasi maktablarga borib direktorlardan yolg‘on spravka olib kelib, keyin diplomini oladi,-deydi biologiya fanlari nomzodi Alijon Obidov.

O‘zbekistondagi hamma o‘qituvchilar ham bugun paxta dalasida emas. Shaharlik o‘qituvchilar paxtaga haydalish qismatidan qutulib qolgan. Ular bayramlarini bemalol maktablarida nishonlashadi. Shaharlik hamksblaridan farqli o‘laroq, qishloq maktablari o‘qituvchilari o‘n yillardan buyon dam olish kuni hisoblangan o‘qituvchilar umumxalq bayramini o‘quvchilari bilan paxta dalalarida nishonlab kelmoqdalar.
XS
SM
MD
LG