Линклар

Shu yil iyun oyida Qirg‘iziston janubida sodir bo‘lgan voqealar chog‘ida qo‘li va burni sindirilib, bo‘yniga sirtmoq tashlangan Alisher Navoiy haykalini ta‘mirlash tashabbusini ko‘tarayotgan o‘shliklar shahar rasmiylaridan o‘z xavfsizligini ta‘minlashni so‘rash niyatidalar.


O‘sh shahridagi Navoiy bog‘iga kiravyerishda qad rostlamish buyuk alloma, o‘zbek tilining asoschisi Alisher Navoiy haykali iyun voqealari chog‘ida millatchilar xurujiga uchragandi. O‘shanda millatchilar tomonidan Navoiy haykalining chap qo‘li va burni sindirilgan, hatto haykalni ag‘darmoqchi bo‘lgan noma‘lum shaxslar Navoiy bo‘yniga sirtmoq solgandi.

Maqolaning audiosini eshiting:

Iyun voqealaridan qariyb to‘rt oy o‘tib Navoiy haykalining bu holda turishiga befarq bo‘lmagan ayrim o‘shlik o‘zbeklar haykalni o‘z hisobidan qayta ta‘mirlash tashabbusini ko‘tarmoqdalar:

- Navoiyni hurmat qilaman. Otamiz, tilimiz asoschisi. Shu odamning qo‘li yo‘q turibdi. Uch-to‘rttamiz moliyaviy tomonini ko‘taramiz. Haykal juda xunuk ahvolda turibdi. Bu butun sharqning obro‘sida. Alisher Navoiy kimga xalaqit berdi - bilmayapman. Men haykalning shunday turgani noto‘g‘ri, deb tushunaman. Yoshimiz 60 ga yaqinlashib qoldi, biz o‘zbekmiz, Alisher Navoiyni bobomiz, deb bilamiz. Alisher Navoiylar “millatchilik”, “o‘zbek-qirg‘iz” degan o‘yda bo‘lmagan-ku, deydi Navoiy haykalini ta‘mirlash tashabbuskorlaridan biri bo‘lmish o‘shlik Muhammadjon aka.

Suhbatdoshimiz Navoiy haykalini ta‘mirlashda turli qarshiliklar bo‘lishi mumkinligidan xavfsirayotganini aytadi:

- Haykalni ta‘mirlatsa, hozir ko‘rayapsiz-ku, “yoshlarni ko‘chada yurgizmayapti” deydi, boshqa deydi. Millatchilik bo‘layapti-da bu yerda. Millatchilik bo‘lmasa, Alisher Navoiy kimga yomonlik qilgan odam? Navoiyni sizga tushuntirishga mening tilim ojizlik qilayapti, qo‘li yo‘q turgizib qo‘yishga mening yuragim chidamayapti.

Ozodlik: Haykallarni ta‘mirlash bilan shug‘ullanuvchi ustalar bormi o‘zinglarda?

- Yo‘q, ana shular yo‘q-da. Biz oddiy haydovchimiz, nonvoy, haydovchi, oshpaz - shunaqa odamlarmiz. Ustalar bo‘lsa, mayli, mablag‘ini biz ko‘taramiz, deydi Muhammadjon aka.

Navoiy haykalini ta‘mirlash tashabbuskorlari haykalni ta‘mirlashning huquqiy jihatlari yuzasidan maslahat so‘rab o‘shlik huquq faollariga ham murojaat qilishgan.

O‘shlik huquq himoyachisi Izzatillo Rahmatullayev tarixiy yodgorliklar asosan homiylar tomonidan moliyalashtirilayotgan ayni paytda Navoiy haykalini ta‘mirlashga shahar rasmiylari tomonidan qarshilik ko‘rsatilmaydi, degan fikrda:

- Shahardagi tarixiy yodgorliklarning hammasi homiylar yordamida saqlab kelinayapti. “Shu qatorda Alisher Navoiy haykalini ta‘mirlaymiz” deganlarga ham hech qanday qarshilik bo‘lishi kerak emas. Faqat millatchilar tomonidan qarshilik bo‘lishi mumkin, xolos. Masalan, shahar meri bunga hech qachon qarshilik ko‘rsatmaydi, bu mening fikrim. Tarix muzeyi, umuman, tarixiy yodgorliklarni nazorat qiluvchi organlarning, menimcha, qarshiligi bo‘lmasa kerak. Hozirgi vaziyatda millatchilar “o‘zbeklar yana o‘zlarining milliy qadriyatlarini ko‘tarayapti” deb, har xil yorliqlarni osib qo‘yish xavfi bor, deydi o‘shlik huquq himoyachisi Izzatillo Raxmatullayev.

“Navoiy haykalini tiklash jarayonida homiylar va ustalarning xavfsizligini ta‘minlab bera olasizlarmi?” degan savol bilan O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasiga ham murojaat qildik:

- O‘z xohishi bilan “haykallarni ta‘mirlaymiz” deyishsa, albatta xavfsizlik ta‘minlanadi. Davlatga ziyon keltirmasa, o‘z tashabbusi bo‘lsa, bizga “shunday qilamiz, shu kuni qilamiz” deb rasman xat bilan murojaat qilishsa, albatta ularning xavfsizligini ta‘minlab beramiz. Muammo bo‘lishi mumkin emas. Ular bizga murojaat qilishlari kerak. Jurnalistlarga murojaat qilmay, bizga murojaat qilsa, biz tegishli odamlarni ajratib beramiz, dedi O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov.
XS
SM
MD
LG