Линклар

logo-print

Qodirjon Botirov: Men Qirg‘izistonga albatta qaytaman


Qirg‘izistonlik o‘zbeklar liderlaridan biri Qodirjon Botirov hozirgi kunda ko‘pchilik safdoshlari ta‘qibda ekanini aytadi.

Qirg‘izistonlik o‘zbeklar liderlaridan biri Qodirjon Botirov hozirgi kunda ko‘pchilik safdoshlari ta‘qibda ekanini aytadi.

Jalolobodlik taniqli tadbirkor, Qirg‘iziston o‘zbek milliy-madaniy markazining vitse-prezidenti Qodirjon Botirov Ozodlik bilan suhbatning ikkinchi qismida O‘sh va Jalolobod qirg‘ini haqidagi fikrlarini davom ettirib, buning asosiy aybdorlarini sanadi.

(Ikkinchi qism. Birinchi qismni bu erda o‘qing)

Shuningdek, u shu yil 10 oktabriga belgilangan parlament saylovlarida qirg‘izistonlik o‘zbeklar qanday ish tutishi lozimligi haqidagi mulohazalari bilan ham o‘rtoqlashdi.

Suhbatning audiosini eshiting:


***

“Maqsad o‘zbeklarni markazdan siqib chiqarish edi”

Ozodlik: Isoqov ham, Beknazarov ham ochiq aytishadi, dedingiz. Nimani ochiq aytishadiyu o‘zbeklarga qarshi tayyorlangan qanaqa jinoyat edi?

Qodirjon Botirov: Bilasiz, 2009 yili Qirg‘izistonda aholi ro‘yxatga olindi. Uni Bakiyev o‘tkazdi. Shundan keyin uning o‘zbeklarga nisbatan fikri tubdan o‘zgardi. Bizning millatning ko‘paygani, ayniqsa, O‘shda, Jalolobod va rayonlarida ko‘paygani yaqqol ko‘zga tashlandi. Shundan so‘ng atrofiga o‘ziga o‘xshaganlarni to‘pladi. O‘shga Melis Mirzaqmatovni hokim qilib qo‘ydi. Suyun O‘murzakovni Ichki ishlar vazirining janub bo‘yicha birinchi muovini qilib qo‘ydi. Ukalari - Ahmad Bakiyev, Janish Bakiyev deganlari janubda ochiqdan-ochiq kriminallarni qo‘lladi. Shu bilan birga bizning o‘zbeklarga nisbatan olib borgan ishlarini siz juda yaxshi bilasiz. O‘shning o‘zida bir qator biznesmenlarni, shaxsan Almambet, ko‘chaning kriminal strukturalari besh-oltita jiplarda polniy qurollangan kelib turib, hammasini to‘plab, hammasidan pullarni tortib ola boshladi. Bu bo‘lgan provokatsiyalar, bu bo‘lgan unijeniyelarning hammasi o‘zbekni qo‘rqitish va o‘zbekni o‘sha yerdan yo‘q qilish uchun amalga oshirilgan harakatlar edi. Melisni hokim qilib qo‘yishning asosiy sabablarining bittasi shu bo‘ldi. O‘zbeklarga qarshi qo‘yish bo‘ldi. O‘zbeklarni O‘shning sentridan, Jalolobodning sentridan va boshqa rayon sentrlaridan hammasini bezitish bo‘ldi maqsad. Hattoki ho‘v chekkadagi Olabuqada bir necha marta provokatsiya bo‘ldi, biz qancha aytdik. O‘sha yerda haligi Aziz Tursunbekov degan bola shaxsan Bakiyevning yordamchisi bo‘lib, oxranasida yurgan bola, oxiri mana shu bolani deputat qildi, zamspiker qildi parlamentda, lekin u ko‘chadagi kriminallarni qo‘llab-quvvatladi. Olabuqadagi, Bozorqo‘rg‘ondagi, Jaloloboddagi holatlar, qo‘yingki, bular kriminal strukturalarni ochiqdan-ochiq qo‘llab, o‘zbeklarga zulm o‘tkazdi va qaysi maqsadda qilganining hammasi yaqqol ko‘zga tashlangan.

Ozodlik: Demak, maqsad o‘zbeklarni viloyat markazlaridan, tuman markazlaridan siqib chiqarish bo‘lgan?

Qodirjon Botirov: Siqib chiqarish bo‘lgan. O‘shda biznesmenlarning assotsiatsiyasi bor. 27 martda Qurultoy bo‘lgan. O‘sha Qurultoyga ham obrasheniye berishdi. Melis bularning o‘sha yerdagi qanchadan-qancha mulklarini ochiqdan- ochiq buzib, ishlab turgan kafe, restoran, magazinlarning hammasini buzib, o‘zining qattiqqo‘lligini ko‘rsatdi. Qonunni buzganiga qaramasdan, uni Bakiyev qo‘lladi. Oqburaning bo‘yidagi ko‘prik qurilayotgan yerdagi biznesmenlarning kafesini ochiqdan-ochiq buzib, qirg‘izlarga olib berdi. Bular bittagina narsani ko‘zlashgani yo‘q. Bir tarafdan o‘zbeklarni shahar markazidan siqib chiqarish, ikkinchi tarafdan katta pul ishlash va shu bilan birga, o‘zbeklarning o‘rniga qirg‘izlarni olib kelib joylashtirish rejalashtirilgan. Ismoil Isaqov televizorda ochiq-oydin aytdi-ku - “Suyun O‘murzakovday, Melisga o‘xshagan patriotlarimizga ishonishimiz kerak. Bizlar mana shular bilan ishlashimiz kerak. Bor ekan-ku bizning ichimizda mana shunday odamlar”, dedi-ku! Bular yaqqol tushundi. O‘zini hurmat qilgan, qonun asosida yashayotgan qirg‘iz xalqidan najot kutib bo‘lmasligini aniq bildi bular. Bular tayyorlab qo‘yilgan rejani o‘zlarining qo‘llariga olishdi va ochiqdan-ochiq o‘zbeklarga nisbatan qilgan genotsidi, uyushtirilgan jinoiy ishi yaqqol hammamizning ko‘zimizni ochdi.


“Bakiyev ketdi, qolganlar haliyam otda”

Ozodlik: Beknazarovlar bilan general Isaqovlar Bakiyevni yiqitishdi-a?

Qodirjon Botirov: Ha.

Ozodlik: Bas, bular Bakiyevni yiqitgan bo‘lsa, shundan keyin Bakiyev tayyorlagan rejani davom ettirishi, amalga oshirishini qanday tushunish mumkin? Men qandaydir mantiqiy izchillik ko‘rmayapman.

Qodirjon Botirov: Mana, o‘zingiz tasavvur qiling. Bakiyev nima ish qilganini, qaysi yo‘nalishda ish olib borganini hammamiz bilamiz. Shuning hisobidan ketdi bu odam ishdan. O‘shga nisbatan, Jalolobodga va Qirg‘izistonning janubida yashayotgan o‘zbeklarga nisbatan qilgan ishiga bir misol: 22 martda Bakiyev Qirg‘iziston janubiga Navro‘z bayramini o‘tkazgani keladi. O‘sha yerda Melis Mirzaqmatov, gubernatorlar kutib olib, butun O‘shda bo‘ladigan rejalarining hammasini yetaklab yurib ko‘rsatadi. Bugunga kelib Bakiyev ishdan ketdi, lekin Mirzaqmatovlar qoldi-ku vlastda, bular o‘zgargani yo‘q-ku, Suyun O‘murzaqovlarni muvaqqat hukumat ishdan ololgani yo‘q. Bular atrofiga o‘zining tarafdorlarini qurollab, yaxshilab tayyorgarlik ko‘rib olganini muvaqqat hukumat ko‘rib tushundi. Aqli yetmadiyu ularni olgani. Faqat Ismoil Isaqov borib, ular bilan til topishdi, ularni maqtab, o‘zlarining ichiga olib, mana shu ishni birgalikda amalga oshirishga harakat qilishdi. Bu yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi o‘z-o‘zidan.


Nega dastlabki hujum O‘shga bo‘ldi?

Ozodlik: Shaxsan men tushunmagan yana bitta holat. Mana shu kunda eng katta zolim Qodirjon Botirov bo‘layapti. Qodirjon Botirov jalolobodlik. Agar u asosiy zolim bo‘lsa, nima uchun birinchi va asosiy hujum O‘shga bo‘ldi? Nima uchun Jalolobodga emas? Shuni tushunmayman.

Qodirjon Botirov: Bu teng boshlandi. Men yuqorida aytib o‘tdim. Birinchidan, Bakiyev bekorga Mirzaqmatovni qo‘yganmas u yerga. Mirzaqmatov o‘z atrofiga sportsmenlarni to‘plab olgan. Lekin o‘sha sportsmenlar ayni paytda kriminallar ham va hammasi qurollangan.

Ikkinchisi, Qursan Asanov. U ham atrofiga odamlarni to‘plagan. Undan tashqari, Suyun O‘murzaqov, u yoqda Almambet, haligi Jingosi bor, Qubasi bor aravonlik... Ularning hammasi Jaloloboddagi ahvoldan O‘shdagi ahvol tubdan farq qilishini yaqqol bilishadi. Chunki aholi ko‘p-da. O‘shda o‘zbek ko‘p. Bular: “Agar o‘zbeklar mana shunday to‘planib turavyeradigan bo‘lsa, ertaga biz bularning talablarini qondirishimiz kerak. Talablarini qondirmaslik uchun, yangi konstitutsiyaga bular talablarini yozmasligi uchun biz O‘shdan boshlashimiz kerak. Agar biz O‘shdan boshlamasak, biz kech qolamiz” deb, ochiqdan-ochiq O‘shga hujum masalasining bir tarafdan ko‘rinishi bu.


Kim aybdor?

Ozodlik: Suhbatimiz boshida “asosiy aybdorlar” dedingiz. Qirg‘iz siyosatchilari Qodirjon Botirov yetakchiligidagi bir guruh o‘zbek yigitlarini “asosiy aybdor” deydi. Sizning nazaringizda asosiy aybdorlar kimlar?

Qodirjon Botirov: Bugungi asosiy aybdorlar, birinchisi bu Azimbek Beknazarov, Ismoil Isaqov, O‘murbek Tekebayev, Melis Mirzaqmatov, Qursan Asanov va bir qator kriminalniy strukturalar. Bugungi kunda hokimiyatda ishlayotganlar. Yana Ahmad Keldibekov degani bor, Qamchi Tashiyev degani bor, bularning millatchiligini biz parlamentda ham ko‘rganmiz, bular o‘zbeklarning ovozlarini olib, parlamentga borgan, birinchilardan bo‘lib Akayevni sotib, Bakiyevning pinjiga kirishib, ana shularning nog‘orasiga o‘ynab, “O‘zbeklar O‘zbekistonga ketsin” deb qiyqirganlar shular bo‘ladi. Mana shunga o‘xshagan odamlar bugun yana ochiqdan-ochiq Qirg‘iziston janubida o‘zining hamfikrlarini to‘plashdi. Men o‘ylaymanki, bugungi kunda mana shu odamlar shaxsan bizlarga nisbatan qilingan jinoiy ishlarning boshida turganlar.

Ozodlik: Qodirjon aka, mana qator familiyalarni aytdingiz. Agar suhbatimiz bir necha soatga cho‘ziladigan bo‘lsa, har bitta familiyaga qo‘yilgan ayblovlarni isbotlaydigan dalillaringiz bormi? Bor yoki yo‘qligini aytsangiz bo‘ldi.

Qodirjon Botirov: Bor albatta.


“Bizga O‘tunbayeva kafolat bergandi”

Ozodlik: Endi keyingi masala. Prezident Roza O‘tunbayeva bilan munosabatlaringiz yaxshi bo‘lganini aytdingiz. Roza O‘tunbayeva muvaqqat hukumat raisasi bo‘lib turgan paytda Sizni hukumatga ishga taklif qilganini aytdingiz. Nima uchun shunday yaxshi munosabatlar keyin davom etmadi-ulanib ketmadi? Sizni hamkorlik qilish mumkin degan darajada biladigan bo‘lsa, sizni hukumatga chaqirgan bo‘lsa, nima uchun u kishi prezident sifatida sizning himoyangizga o‘zining so‘zini aytmadi?

Qodirjon Botirov: Aytmagani sababini ehtimol o‘zi aytsa kerak. Lekin mening tushuncham bo‘yicha sababi, haqiqatan ham siz to‘g‘ri aytayapsiz, biz revolyutsiya boshlanmay turib bularni qo‘llashni boshlaganmiz. 6 martda biz Jalolobodda viloyat qurultoyini o‘tkazib, 27 martda “El birimdigi” degan qurultoy tashkil etgan Bakiyevga yana o‘zimizning noroziligimizni aytib, “yana dejurniy delegatlar qo‘yilayapti, hech qanaqa o‘zgarish bo‘lmaydi” deb, biz o‘zimizning fikrimizni bayonot qilganmiz. Biz bir necha delegat bormay qo‘yganmiz u qurultoyga. Revolyutsiya bo‘lgandan keyin har bir sobitiyeda bularni qo‘llaganimizni ular yaqqol amalda ko‘rdi. Endi qarang, bular meni “respublikadan chiqib tursin” deb so‘ranishdi. Men chiqib turdim. Lekin o‘shandan keyin ikki marta bizning delegatsiya bordi-da bu odamning oldiga.

Ozodlik: Prezidentning oldigami?

Qodirjon Botirov: Ha. Bu vakillar kichkina emas. Besh-oltitadan odamlar borib, kirib, uchrashib: “Mana Botirovning qanaqa yordam berganligini o‘zingiz aytayapsiz. O‘sha yerda bizning qancha farzandlarimiz o‘ldi. Qanchasi yarador bo‘ldi. Sizlarni deb bo‘ldi, vatanni deb bo‘ldi, elni deb bo‘ldi. Nimaga endi bunaqa bo‘ldi” deb o‘shalarning oldida so‘ranib, ochiq fikrini aytganda, “Men ayol kishi bo‘lsam ham, lafzimda erkak kishidan yaxshiroq turaman. Qodirjonga yetkazinglar, unga hech narsa bo‘lmaydi. Bizga yordam berganini biz ham bilamiz. Buni prokuratura ham kontrol qilib turibdi. Bu vaqtinchalik. Ozgina chidab tursin” dedi Roza Isaqovna. Ikkinchi safarida ham shunday bo‘ldi. Jaloliddin Salohiddinovga savol bersangiz, o‘zi javob beradi. Kabinetda bo‘lgan gap ochiq-oydin. Yana mening masalalarim qo‘yilganda, “Chidab tursin. Mana shu kunlarda hal qilamiz. U odam bizning qatorimizga qo‘shilib, birgalikda hali ko‘p ishlar qilamiz” degan O‘tunbayeva.

Ozodlik: Demak, Roza O‘tunbayevaning sizga bo‘lgan munosabati yaxshiligicha qoldi, lekin u kishining o‘z atrofidagi a‘yonlariga kuchi yetmayaptimi?

Qodirjon Botirov: Shunday deb o‘ylayman.


“Qaysi partiya ko‘p millatli bo‘ladigan bo‘lsa, o‘shanga ovoz berish kerak”

Ozodlik: Qodirjon aka, mana, saylov kampaniyasi ketayapti. Siz "Rodina" partiyasining liderlaridan birisiz. To‘g‘rirog‘i, lideri edingiz. Endi hozir u partiya yo‘q bo‘lsa kerak. Ba‘zi bir o‘shliklar bilan suhbatlarda eshitdimki, O‘sh voqealari parlament saylovi oldidan o‘zbeklarniki deb tanilgan "Rodina" partiyasini obro‘sizlantirish, uning liderlarini obro‘sizlantirish, toki o‘zbeklar ovozi yoppasiga bitta partiyaga o‘tib ketmasin, deb qilingan. Bu fikrga qanday qaraysiz?

Qodirjon Botirov: Endi xalqimiz juda odil baho berayapti. Bu juda to‘g‘ri. 14 mayni men nimaga sizga misol qilib ko‘rsatdim? 14 mayda, ayniqsa, 19 mayda Jalolobodda bo‘lgan ishlarimizda vyertolyotda yurib, O‘shni, Jalolobodni, boshqa joylarda yashayotgan o‘zbeklarning hammasini kuzatisha boshladi. Bizning elimiz shu darajada uyushdiki, bu uyushganlikni ko‘z oldiga keltirishdi-da. Agar shu ko‘z oldiga keltirgan o‘zbeklar shu ahvolda saylovga boradigan bo‘lsa, respublika parlamentiga o‘zbeklar ko‘p kelib qolishini aniq sezishdi. Shuning uchun ham bular o‘zining oldiga maqsad qilib qo‘ydiki, O‘sh, Jalolobod, Olabuqa, Qorasuv, Suzoq, Bozorqo‘rg‘onda bo‘layotgan ishlarning har bittasini ular hisobga olib turib, o‘zbeklar ichidagi butun liderlarning bir chekkadan ustidan ish qo‘zg‘ab, hammasini qamab, hammasini yig‘ishtirib, o‘zbeklarni lidersiz qoldirish rejasini tuzishdi. Ana shu narsaga bugun erishdi, desak ham bo‘lavyeradi.

Ozodlik: Mana, parlament sayloviga bir necha kun qoldi. Saylovoldi jarayonini kuzatayotgan bo‘lsangiz kerak?

Qodirjon Botirov: Albatta.

Ozodlik: Siz qaysi partiyaga ovoz bergan bo‘lardingiz? yoki...

Qodirjon Botirov: Menda saylovga qatnashish imkoni yo‘q, albatta. Men 29 ta partiyaning hammasining ro‘yxatini oldim. Ko‘rib chiqdim. Baxtga qarshi hamma partiya ro‘yxatidagilarning 90 foizi qirg‘iz millatiga mansub. Bitta-ikkita o‘zbek, bitta-ikkita rus va boshqa millatlarni qo‘shib qo‘yishgan. Hali saylovning qanday o‘tishi ham noma‘lum. Saylovdan keyin parlament qanday bo‘lishini men hozir tasavvur ham qila olmayman. Qarasam, millatlar vakillari Sodrujestvo partiyasida ko‘p ekan - 40dan ziyod. Hammasini ko‘rib chiqdim. Atrofimda yurgan odamlarning hech qaysisi hali hech qayerga ketgani yo‘q. Hammasi yashashayapti, ishlashayapti. Albatta men ularni, qaysi partiya ko‘p millatli bo‘ladigan bo‘lsa, o‘shanga ovoz berasan, deb chaqiraman.


Ertaga nima bo‘ladi?

Ozodlik: Qodirjon aka, men O‘shda, Jalolobodda, O‘zganda bo‘lganimda, odamlar mendan bir o‘zbek jurnalisti sifatida: “Ertaga nima bo‘ladi kunimiz? Qanday yashaymiz?” degan har xil shaklda, ammo mazmuni bir xil savollar so‘rashdi. Men bir jurnalist odamman. Menda javob yo‘q. Sizning javobingiz bormi?

Qodirjon Botirov: Bizning bugungi kundagi eng asosiy muammoli masalamiz ham shu. “Bugun bizning muvaqqat hukumat, konstitutsiya garanti sifatida prezident bugun Qirg‘izistonda yashayotgan o‘zbeklar va boshqa millatlarning tinch yashashining kafolatini bera oladimi yoki yo‘qmi?” degan masala turgan bo‘lsa, shaxsan men kafolat bera olmasligini aytishim mumkin. Sababi hozir saylovda kimlar qatnashayotgani va ular nima maqsadda qatnashayotgani ko‘rinib turibdi. Ayniqsa, masalan, “Ata jurt” degan partiyalar bor. Bu partiyalarning natsionalno-fashistskiy qarashlari hech kimga sir emas. Bularni qo‘llayotgan bir qator kriminalniy strukturalardir. Ularning qo‘lida juda ko‘p orujiyelar qolib ketgan. O‘sh va Jalolobodda bo‘lgan tragediyada shaxsan Ismoil Isaqovning o‘zi bosh bo‘lib turib, kak-budto narodniy opolcheniye tuzgan bo‘lib, odamlarga orujiye tarqatib, ularga qanaqa qilib otishigacha o‘rgatgan odam, shu bilan birgalikda, qancha harbiy bazalarga, pogran zastavalarga kirganda birortasining ham qarshilik ko‘rsatmasdan orujiye tarqatgan, Beknazarov, uning o‘g‘li Moylisoy, Novkendagi militsiyalardan hamma orujiyelarni olib, hali birortasi topshirgan emas. Ertaga saylov qaysi tarzda tugaydi? Qanaqa holatda qolamiz? Shu ishlarda oxiri yana bizning o‘zbeklar aybdor bo‘lib chiqadimi? Ular haligacha bularning oldini olgani yo‘q. Ular buning oldini olishdan ko‘ra begunoh o‘zbekni olib borib, militsiyaga qamab, roziskka berib, elning boshini shu bilan aylantirishdan boshqa ish qilmayapti. Genprokuror bo‘ladimi, militsiya bo‘ladimi, SNB bo‘ladimi - faqat topib olgani o‘zbeklar bo‘lib qoldi bugungi kunda.

Ozodlik: Demak, “Ertaga Qirg‘izistonda o‘zbeklarning ahvoli nima kechadi?” degan savolga sizning ham javobingiz yo‘q.

Qodirjon Botirov: Javobim yo‘q. Men o‘zimning obrasheniyemda elni faqat yaxshilikka, tinchlikka chaqiraman. Chunki biz doim shunday odamlarni qo‘llab-quvvatlayvyeradigan bo‘lsak, bular ertaga bizning ovozimizga ega bo‘lib olgandan keyin yana bizning boshimizga bir nima olib kelishi yaqqol ko‘rinib turibdi. Shuning uchun bizning xalqimiz kimga ovoz berishni o‘ylab ko‘rishi kerak. Ovozini oxirigacha yetkazadigan, ishonchini oqlaydigan deputatlar bo‘lishini men xohlab ketardim.


“Yaqinlarimga bosim o‘tkazishayapti”

Ozodlik: Qodirjon aka, fojea yuz berganidan beri deyarli indamay kelayapsiz. Ikki hafta oldin bir gazetaga intervyu berganingizdan keyin mana endi Ozodlik savollariga javob berayapsiz. Indamay kelayotganingizning sababi nimada? Ba‘zilar: “Botirovning qarindoshlari hukumat qo‘lida garovda, shuning uchun indamayapti”, deyishayapti. Shu gapda jon bormi?

Qodirjon Botirov: Nafaqat jon bor, bu ishni ular hanuz beto‘xtov amalga oshirishib kelishayapti. “Botirov keladi” deb qandaydir operatsiya tayyorlagan bo‘lishib, mening uyimdan butun narsalarni olib ketishgan. O‘z vaqtida Ismoil Isaqov bir kelib “Bir tekshirib qo‘ymasak bo‘lmaydi, bir tekshirib ketaylik” deb butun sledstvyenniy organlardan kelib tekshirishib, uydagi bor narsalarni ko‘rishgan. Endi bular: “Mana bu ishlar bo‘lib ketgandan keyin shuncha narsa Botirovning uyida qolib ketadimi?” deb yolg‘on spesoperatsiya qilishib, uydagi hamma narsalarni maydalab, kerakli narsalarni yuklab olib ketishgan. Baybo‘lov komendant bo‘lib turib shu narsalarga yo‘l qo‘yib berdi. Shu bilan birgalikda, jiyanimni olib borib urib, o‘layotgan yerida “Bo‘ldi, olib chiqib tashlab yuboringlar, bu yerda o‘lishi kerak emas” deb,. chiqarib tashlashgan, zo‘rg‘a odam qildik. Hozir mana ularning qo‘lida ikkinchi jiyanim turibdi. Urib, mana hozir u ham chala o‘lik holatda. Har kuni bizning qarindoshlarga kelib, atrofni o‘rab olib avtomatchiklar, shantaj qilishib, pul vimogat qilishib, ugrojat qilishib, ko‘chadagi mahalla, qo‘ni-qo‘shnilar ham uje bulardan juda qattiq xavf ostida bo‘lib qoldi. Bu narsalar bo‘layotgani aniq. Bo‘lib ham bizga nisbatan. Domlamizni, machit imomi Muhammadjon aka Ahmedovni, Bozorqo‘rg‘on milliy-madaniy markazi rahbarini qamashdi. Suzoq milliy-madaniy markazi raisi Usmonali akani qamab tashlashdi. Bu 70 ga kirgan, 80 ga kirayotgan odamlar. Ularning yoshiga ham qarashmayapti, qattiq qiynashayapti. Ulug‘bek akaning (“Diydor” gazetasi muharriri Ulug‘bek Abdusalomov nazarda tutilmoqda – tahr.) ahvolini butun dunyo biladi hozir. Davleniyesi bor, xronicheskiy kasalligi. Mana hozir bolnitsada xotini og‘ziga suv tomchilatib o‘tiribdi. Yarim o‘lik holatda olib chiqib berishgan. O‘zbeklarga nisbatan fashistlik qilishayapti-da bular ochiq-oydin. Bularning biror qonunga amal qilib ish qilayotgan yeri yo‘q.

“Men albatta vatanga qaytaman”

Ozodlik: Qirg‘izistonga safar qilganimda, Jalolobodda ham bo‘ldim. Siz qurgan univyersitetni ham borib ko‘rdim. O‘sha yerda univyersitetning sobiq studentlari bilan gaplashdim. Bir sobiq talaba sizning qaytishingiz to‘g‘risida aytdi. “Albatta qaytib keladi Jalolobodga” deb komil ishonch bilan aytdi. Qachon qaytasiz Jalolobodga?

Qodirjon Botirov: Men avvalambor Qirg‘izistonda tinchlik bo‘lishini xohlayman. Men yana bir obrasheniye qilib internetga kirgizdim. Uni albatta ko‘rgan bo‘lsanglar kerak. Mening qaytishim aniq, chunki bu mening vatanim. Qanday holatda bo‘lishidan qat‘iy nazar, biz albatta qaytamiz. Chunki biz vatanni shumqadamlarga, prestupniklarga tashlab qo‘yish niyatimiz yo‘q. Men o‘ylaymanki, qirg‘iz xalqining ichida ham, o‘zbek xalqining ichida ham va boshqa millatlarning ichida ham toza, chiroyli, halol, pok, qonun bo‘yicha yashaydigan odamlarimiz juda ko‘p. Biz ularga tayangan holda oldimizda turgan bir qator ishlarimizni amalga oshiramiz. Student juda to‘g‘ri aytibdi. Albatta, men qaytaman.
XS
SM
MD
LG