Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:08

Tojikistonda bir necha mustaqil saytga to‘siq qo‘yildi


Shu yilning 29 sentabridan buyon Tojikistonda avesta.tj, tojnews.tj, centrasia.ru va tjknews.com kabi saytlarni ochib bo‘lmayapti. Ayni paytda rasmiylar mazkur saytlarning blok qilinishidan bexabarligini aytishmoqda.

Tojikiston Internet tarmoqlari birlashmasi raisasi Parvina Ibodova fikricha, bunga tojik rasmiylari tomonidan provayder shirkatlarga berilgan buyruq sabab bo‘lgan.

- Respublikada avesta.tj, tojnews.tj,centrasia.ru va.tjknews.com kabi internet saytlariga rasmiylar bergan buyruq sababli to‘siq qo‘yilayotganligini biz aniq bilamiz. Buni ayrim provayderlarga kelgan rasmiy maktublar ham tasdiqlab turibdi. Bunday maktublar respublikaning barcha viloyatlaridagi provayderlarga jo‘natilgan, deydi Parvina Ibodova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublika Aloqa vazirligining nazorat agentligi tomonidan tayyorlangan maktub aslida amaldagi qonunchilikka ziddir. Provayderlar esa litsenziyadan mahrum bo‘lishdan cho‘chib, bu buyruqqa bo‘ysunishga majbur bo‘lmoqdalar. Provayderlarga yuborilgan xatda saytlarga qo‘yilmish to‘siqlarning olib tashlanish muddati ko‘rsatilmagan.

Ayni paytda Tojikiston Aloqa vazirligi rasmiylari respublikada internet saytlariga to‘siq qo‘yilganligidan bexabar ekanligini aytmoqdalar.

- Kimlardir bizning shanimizga dog‘ tushirmoqchi bo‘layapti. Matbuotda go‘yo biz internet shirkatlari rahbarlariga maxsus maktub jo‘natganligimiz haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Bu yolg‘on gaplar. Nazarimda, ba‘zi internet saytlarining ochilmayotganligi sababi o‘sha shirkatlarning texnikasi yaxshi ishlamayotgani bilan bog‘liq. Bu muammoni biz emas, ularning o‘zlari hal qilishlari kerak, deydi Aloqa vazirligining Nazorat agentligi raisi Qadamjon Safiyev.

Biroq “Avyesta” internet saytining bosh muharriri Zafar Abdullayev Aloqa vazirligi rasmiysi Safoyevning da‘vosi asossizligini aytadi. “Avyesta” ochilmay qolgan birinchi kundayoq texnik ko‘rik o‘tkazilganini qayd etgan bosh muharrir buning sabablarini boshqa yoqdan izlash kerak, degan fikrda.

- Oxirgi paytlarda saytimiz mushtariylari soni keskin oshib ketdi. Sayt sahifalarida esa o‘quvchilar talablariga javob bera oladigan tanqidiy, tahliliy maqolalar chop qilina boshlandi. Ayniqsa mamlakatda sodir bo‘lgan terrorchilik xurujlari, Rasht tumanidagi voqeyealarni ochiq-oydin yoritdik. Mana shu ro‘yi-rost gaplarimiz rasmiylarga yoqmagan shekilli. Chunki avvaliga ular bir nechta xabarlarimiz haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deya rad qilishdi. Oxir-oqibat, sayt blok qilindi, deydi Zafar Abdullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Talko” alyuminiy shirkatidagi kirdikorlar xususidagi maqola ham saytning blok qilinishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin. Bosh muharrir Abdullayevning aytishicha, mazkur maqolada “Talko”dagi nayranglarga yuqori lavozimli amaldorlarning aloqasi borligiga ishora qilingandi.

Tahlilchilarning aytishlaricha, Tojikistonda so‘nggi ikki-uch yil davomida mustaqil Internet saytlari blokirovka qilinishi kuzatilmoqda. Jumladan, shu kungacha Tajikistan times, Sentraziya, Fergana.ru saytlariga bir necha bor to‘siq qo‘yilgan. “Charog‘i ro‘z”, “Vatandor” kabi muxolifat saytlari esa butunlay blokirovka qilib tashlangan.
XS
SM
MD
LG