Линклар

Tojikistonlik jurnalistlar mamlakat mudofaa vaziri Sherali Xayrulloyev sudga berishmoqchi. Bunga sabab mamlakat Mudofaa vazirining 4 oktabr kungi bayonoti bo'ldi. Vazir Xayrulloyev mazkur bayonotida Rashtdagi voqealarni yoritayotgan jurnalistlarni o‘z maqolalari bilan terrorchi guruhlarni dastaklayotganlikda ayblagandi.

Eslatma: Shu yil 19 sentabrida Rasht vodiysining Kamarob darasida noma‘lum guruhlar Mudofaa vazirligi karvoniga pistirmadan hujum uyushtirgan, natijada vazirlikning 25 askari qurbon bo‘lib, qolganlari turli darajada tan jarohatlari olgan edi.
Jurnalistlarning bu qarori 4 oktabr kuni o'tkazilgan jurnalistlar yig'ilishi so'ngida qabul qilingan. Yig‘ilish tashabuskorlari bo‘lmish “Faraj”, “Biznes i politika”, “Aziya plyus”, “Fakti i kommentariy” va “Paykon” kabi mustaqil nashrlar xodimlari boshqa ommaviy axborot vositalari vakillarini ham bu qarorni quvvatlashga chaqirgan.

Tojikiston mustaqil ommaviy axborot vositalari anjumani raisi Nuriddin Qarshiboyev “terrorchilarni himoyalash”ga oid ayblov jiddiy ayblov ekanini aytarkan, mustaqil nashrlarni bu ayblovga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Xayrulloyev shu yil 4 oktabr kuni “Xovar” davlat axborot agentligi orqali yoyinlangan bayonotida “Respublikadagi mustaqil nashrlar o‘z maqolalarida Rasht vodiysidagi hodisalarni bir tomonlama yoritayotgani va hukumat bilan jang qilayotgan terrorchi guruhlarni o‘z maqolalari bilan dastaklayotgani”ni da‘vo qilgan edi.

“Tojikistondagi mustaqil nashrlarda chop etilayotgan maqolalarning aksariyatida jurnalistlar Mudofaa vazirligi karvoniga uyushtirilgan vahshiyona terror hujumini himoyalayotgani seziladi”, deydi Mudofaa vaziri Sherali Xayrulloyev “Xovar”da chop etilmish materialda.
XS
SM
MD
LG