Линклар

Qirg‘izistonda saylov oldidan “qora piar” avj oldi


Shu yil 10 oktabrida parlament saylovlari bo‘lib o‘tadigan Qirg‘izistonda saylov oldidan aksiltarg‘ibot ishlari ham avjlanib ketdi.

Shu yil 10 oktabrida parlament saylovlari bo‘lib o‘tadigan Qirg‘izistonda saylov oldidan aksiltarg‘ibot ishlari ham avjlanib ketdi.

Parlament saylovi o‘tkazilishiga 4 kun qolgan Qirg‘izistonda saylovoldi targ‘iboti qizg‘in pallaga kirdi. Ovoz berishga bir oz vaqt qolganda saylovda ishtirok etayotgan 29 partiyadan ayrimlari o‘z raqiblariga qarshi “qora piar”, yani ustidan mag'zavam to'kish o‘yinini boshladi.

Rasman 10 ming nusxada chop etiladigan “Ayil turmushi” gazetasining navbatdagi soni 210 ming nusxada chop etildi. Bu gazetada Qirg‘izistondagi yirik partiyalar rahbarlari qattiq qoralangan va saylovda ularga ovoz bermaslikka chaqirilgan.

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati tomonidan gazeta bosmaxonadan chiqmay turiboq musodara qilingan. Shunga qaramay, noma‘lum sabablar tufayli mazkur gazeta mushtariylar qo‘liga yetib borgan.

Piar (PR) biror bir narsani yoki g'oyani targ'ib qilish. "Qora piar" buning teskarisi, yani biror bir narsani/go'yani qoralash, yoki "ustidan mag'zava to'kish".
Shundan kelib chiqqan holda, Feliks Kulov rahbarligidagi “Or-nomus” partiyasi “Ayil turmushi” gazetasida chop etilgan qoralov hukmron Sotsial demokratlar partiyasi tomonidan buyurtma qilingan, deb hisoblaydi. Feliks Qulovning aytishicha, saylovga bir necha kun qolganda mazkur partiyaning “qora piar” bilan shug‘ullanishi partiyalararo nizo keltirib chiqarish va shu yo‘l bilan saylov muddatini boshqa kunga ko‘chirish maqsadini ko‘zlagan.

Biroq hukmron Sotsial demokratlar partiyasi rasmiysi Farid Niyozov bunday ayblov asossiz ekanini aytadi:

- Sotsial demokratlarga bildirilayotgan ayblov g‘alatidir. Chunki bizning partiya 17 yildan beri demokratik, xolis saylov o‘tkazilishi uchun kurashib keladi. Ayni paytda saylov kunini boshqa muddatga ko‘chirish ishtiyoqida bo‘lgan kuchlar ham bor. Biz ham bunday kuchlarning javobgarlikka tortilishini talab qilayapmiz, - dedi Farid Niyozov.

“Or-nomus” partiyasi vakilasi Bo‘do‘sh Mamirova esa hukmron partiya saylov muddatini boshqa kunga qoldirishdan manfaatdor ekanini, bunga esa ijtimoiy so‘rovlar Sotsial demokratlar partiyasining reytingi kutilganidan pastroq ekanini aniqlagani sabab bo‘layotganini aytadi:

- Prezidentning bir dekreti bilan saylovni boshqa kunga qoldirish mumkin. Sotsial demokratlar partiyalararo nizo chiqarish yo‘li bilan saylovni boshqa kunga ko‘chirilishiga zamin hozirlamoqda. Bir partiya ikkinchi bir partiya bilan nizolashsa, saylovning qoldirilishiga huquqiy zamin yaratiladi, - dedi Bo‘do‘sh Mamirova.

Aytib o‘tish lozimki, bundan bir oy oldin prezident O‘tunbayeva, agar saylovoldi targ‘iboti jarayonida partiyalar o‘rtasida nizo boshlansa yoki partiyalar tomonidan noqonuniy harakatlar kuzatilsa, saylov noma‘lum muddatga to‘xtatilishini va mamlakatda favqulodda holat joriy qilinishini bildirgan edi.

Biroq Markaziy saylov komissiyasi bunday xavotirlarga o‘rin yo‘qligini bildirdi. Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, saylovoldi jarayonida partiyalar tomonidan ayrim noqonuniy harakatlar bo‘layotgani kuzatilmoqda. Ammo bu mayda qonunbuzarliklar partiyalararo nizo chiqarib, saylov jarayoniga ta‘sir ko‘rsata olmaydi.

Ayni paytda horijiy davlatlar telekanallari ham Qirg‘izistondagi partiyalarning “qora piari” bilan shug‘ullanmoqda. Masalan, Rossiyaning NTV va Qozog‘istonning KTK telekanallari bugungi kunda eng yuqori reytingga ega bo‘lgan “Ota makon” va Sotsial demokratlar partiyalari rahbarlari obro‘sini to‘kuvchi lavhalarni namoyish etmoqda.
XS
SM
MD
LG