Линклар

Jizzaxda militsiya xodimlari kelin-kuyovning to‘yga kelgan do‘stlarini paxta dalasiga haydab 10 kilodan paxta terishga majburladi. Namangan masjidlarida imomlar har namozda paxtani duo qilayapti.Surxondaryoda kunlik paxta normasini bajarmagan talabalar qamchilanmoqda. Bu yilgi paxta mavsumi hangomalarga boy bo‘ldi.

Hangomalarning audiosini eshiting:


To‘ydan oldin 10 kilo paxta ter!

Jizzaxda nikoh kuni do‘stlari bilan mashinada shahar aylanishga chiqqan kelin–kuyovlardan biri militsiya xodimlari tomonidan to‘xtatildi va kelin-kuyovning do‘stlari 10 kilodan paxta terishga majbur qilindi. Bu haqda Ozodlikka jizzaxlik Ziyoddulo Razzoqov ma‘lum qildi.

- Mana yaqinda kelin-kuyovlar shaharda ZAGSdan o‘tib, aylanishga borganda ularni militsiya xodimlari to‘xtatgan. Bizning qo‘shnilarimizdan bitta-ikkitasi kelinga dugona bo‘lib borgan edi. O‘sha paytda faqat kelin bilan kuyovga javob berayaptida, yonida borganlarning barchasini dalaga chiqarib, “10 kilodan paxta terib berasan” deb majburlab, paxta dalasiga olib borib paxta terdirtiradi. Ichki ishlar xodimlari tomonidan. Ularning hammasi to‘y kiyimda, toza kiyimda bo‘lgan. Kiyimning qanday ekaniga e‘tibor bermasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri paxta dalasiga olib borib paxta terdirgan ichki ishlar tomonidan, deydi Ziyodullo Razzoqov.

Uznews.net mustaqil axborot xizmati saytida e‘lon qilingan “Uylanishni istaysanmi - 10 kilo paxta ter” nomli maqolada aytilishicha, endilikda Jizzax viloyat xokimligi qaroriga ko‘ra to‘y kuni yoki undan avval kelin kuyovlar va ularning har ikki tomondan mehmonlari 10 kilogrammdan paxta terib topshirishlari shart.

Jizzax viloyat xokimligi xodimlari bunday qaror mavjudligini inkor qilishdi. Jizzaxlik militsiya xodimlari ham kelin-kuyovning do‘stlarini 10 kilodan paxta terishga majburlash holati bo‘lganini rad etishdi.


Namanganlik imomlar masjidlarda paxtani duo qilishmoqda

Paxta mavsumi boshlanibdiki Namangan masjidlarida imomlar har namoz so‘nggida paxtani duo qilishni odat qilishmoqda. Bu haqda Ozodlikka namanganlik Muhiddin aka xabar qildi.

- Masjidlarda ham peshin paytida ham paxtaga duo qilamiz, juma kuni ham paxtani duo qilamiz, bozorlar ham taqataq to‘xtagan. Bu ketishda paxtaga chiqilmasa, odam qamalib ketishi kerak deb o‘ylaymanda. Odamlarga juda qiyin bo‘lib qoldi.

Ozodlik: “Masjidda paxtani duo qilamiz” dedingiz. O‘sha joyiga tushunmadim.

- Masjidga kirganda faqat paxta to‘g‘risida gap bo‘ladi. Imomlar paxta to‘g‘risida gapirishadi. Imomlar peshin payti kirsam ham paxta to‘g‘risida duo qiladi. Qaysi masjidga kirsangiz, juma kunlari albatta paxta to‘g‘risida gapiriladi. Obezyatelno paxtaga duo qilib beringlar deyiladi. “Nimaga?” deb so‘rasak, “Chunki mana shundan bizning mollarimizga kunjara bo‘ladi. Shuning uchun bizga foydasi bor. yog‘i bo‘ladi, chigiti bo‘ladi. Paxta bizning kiyimimiz. Odamlar tug‘ilganda paxta bilan tug‘iladi, o‘lganda ham kafani paxtadan” deb duo qilinadi. Ko‘chaga chiqsam, hamma yoqda paxta kampaniyasi. Yanagi yili bu ketishda paxtaga chiqmaganlarni qamaydimi deymanda¸ deydi namanganlik Muhiddin aka.

Namanganlik imomlardan biri bilan mikrofonga gapirmaslik sharti bilan bo‘lgan suhbatdan ma‘lum bo‘lishicha, imomlarga paxtani duo qilish haqida hech qanday ko‘rsatma berilmagan. Unga ko‘ra, imomlar dehqonchilik to‘kin-sochin bo‘lishi haqida to‘rt mavsumda ham doimiy duo qiladilar.


Surxondaryolik paxtakor mentlar

Ikki yildirki, surxondaryolik militsiya xodimlari paxta mavsumida dubinkani etakka almashtirib, paxta xirmoniga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan Surxondaryoning Termiz shahrida yashovchi Akbar aka bu holatdan lol qolganini aytadi

- So‘raydigan odam yo‘qmi bunday? Hammani paxtaga bosayapti. Surxondaryoda mana qayerda ishlaydigan bo‘lsa, militsiyani ham mana Jizzaxga paxtaga yuborayapti. Surxondaryodan 4500 militsiyani Jizzaxga yuborayapti.

Ozodlik: Militsiya xodimlarini ham paxtaga olib chiqishayaptimi?

- Ha. O‘tgan yil 4500 ketdi. Bu yil ham shunday. Bu nima degan gap?

Ozodlik: Militsiyalarni har yil paxtaga chiqaradimi Surxondaryoda?

- O‘tgan yil chiqardi 4500 militsionerni.

Ozodlik: Ularga ham norma berishadimi?

- Birinchi terim uchun 40 kilodan.

Ozodlik: Normani bajarmagan militsiya xodimi qanday jazo ko‘radi?

- Tersa kerakda. Norma 40 kilodan boshidan boshlab. Mana maktab bolalarini chiqarayapti, ishchilarni chiqarayapti. Nima degan gap bu? Balki shu doktorlarni ham chiqarsa kerak. Buni hech so‘raydigan odam yo‘qmi¸ deydi surxondaryolik Akbar aka.

Ozodlik paxtakor mentlar borasida Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasidan biror bir ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi.


“Nasaf” futbolchilari paxtazorda to‘p "tepishmoqda"

Bir necha kundirki, Qarshidagi “Nasaf” futbol guruhining o‘yinchilari to‘pni paxtazorda “tepishmoqda” Paxtakorga aylangan futbolchilar haqida Ozodlikka qarshilik Gulshan Qorayeva ma‘lum qildi.

- Hozir juda da‘vat kuchli paxtaga. "Nasaf"chilar ham dalaga chiqib ketgan. "Nasaf" futbol komandasi. Bu haqda Qashqadaryo gazetasida ham yozib chiqargan. Paxtaga chiqqan ekanda futbolchilar. Hamma paxtada hozir. Asosan birinchi o‘rinda tibbiyot xodimlari ketgan o‘qituvchilar bilan birga. Harbiylar chiqib ketgan, soldatlar chiqib ketgan. Kim davlat tasarrufida bo‘lsa, o‘shalar paxtada, deydi Gulshan Qorayeva.


Oldin paxta ter, keyin mashina hayda

Jizzaxda ertalabdan markaziy avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qatnovlari to‘xtatilib, yo‘ldan o‘tayotgan mashinalarning haydovchilari paxta terishga majbur qilinmoqda. Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan jizzaxlik Ma‘murjon Azimovga ko‘ra, Jizzaxda paxta kompaniyasiga juda jiddiy tus berilayapti.

- Hamma savdo tochkalari yopib tashlangan. Yo‘l harakati texnikalarining hammasi to‘xtatilgan. Ko‘chalar yopib tashlangan DAN xodimlari tomonidan. Ichki ishlar xodimlari mashinalar bilan yo‘llarni yopib tashlagan. Birorta harakatni yo‘lga qo‘yishmayapti. Bozorlar ham yopib tashlangan. Maktab bolalarning 7-sinfdan yuqorisining hammasi paxtaga chiqarilgan. Ertalab texnikalarning hech bittasini yurg‘izmaydi. Yo‘llarda shofyorlarni to‘xtatib olib paxta terdirayapti. To‘xtatib “5-10 kilo paxta terib berasan” degan nima bo‘layapti. Mardikor bozoriga borib, mardikorlarni bosib olib ketayapti marshrutkalar bilan, deydi Ma‘murjon Azimov.


Qamchi, quloq cho‘zish, tepki va o‘qishdan haydash...

Surxondaryoda paxta terish normasini bajarmagan talabalar kollej o‘qituvchilari tomonidan qamchilanmoqda.
Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan denovlik Abdullo Azimovga ko‘ra, Denov tumani iqtisodiyot kolleji talabalari paxta me‘yorini bajara olmasa, o‘qituvchilari tomonidan qamchilanayapti.

- Paxta masalasi bo‘yicha yangi odat chiqibdi. Kollej o‘quvchilarining har biriga norma berilgan. Boshida 60 kilo edi, hozirgi paytda 40 kilo bo‘lgan. Agar normani bajarmasa, kechqurun qamchilab urar ekan o‘qituvchilar. Paxta ham qolmagan. Hozir kollej o‘quvchilari Mizrobot, Sherobod tumanlariga paxta tergani ketgan, - dedi Abdulla Azimov.

Xorazm viloyatida esa paxta normasini bajarmagan o‘quvchilarning qulog‘idan cho‘zish bilan jazolanadi.
Gurlan tumanida yashovchi 12 yoshli Jamshidbek 25 kilo normani bajarmagani uchun o‘qituvchisi qulog‘idan cho‘zganini va keyin uyga qochib kelganini aytadi.

- 5-sinfda o‘qiyman. Qulog‘imni cho‘zavyeradi paxtada. Ustozim cho‘zdi. Paxta terasan deb cho‘zdi. Kuniga 25 kilo. Paxta yo‘q yerga olib boradi, har kun bitta joyga olib boradi. Qulog‘imdan cho‘zavyergani uchun qochib keldim, deydi Jamshidbek.

Surxondaryolik fermerlar jazosi esa tepki bo‘layapti. Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanidagi "Kunchiqish" fermerlar uyushmasining paxta rejasini bajarolmayotgan fermerlari deyarli har kuni tuman prokurori Dilshod Fayziyevdan kaltak yemoqda.
XS
SM
MD
LG