Линклар

logo-print

Sochi shahrida Olimpiada o‘yinlari inshootlari qurilishlarida mardikorlik qilayotgan 50 nafar o‘zbekistonlik to‘rt oylik ish haqlarini oladigan bo‘ldi. Bunga o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining 5 oktabr kuni ertalab Sochi shahar meriyasi oldida o‘tkazgan norozilik tadbiridan so‘ng erishildi.

"Nachalnika, zarplatama kogda budit?"

Seshanba kuni Sochi shahar meriyasi binosi oldiga “Novыy gorod” shirkati bilan tuzgan shartnomaga ko‘ra, ishlayotgan biroq to‘rt oydan buyon maoshlarini ololmayotgan 50 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari yig‘ildi.

- Hozir televideniyedan keldi, boshqa yerdan keldi. Hammasiga gapirayapmiz. Dardimizning hammasini aytayapmiz.

Ozodlik: Necha kishi yig‘ildi u yerda hozir?

- 50dan oshiq. Krasniy polyanadan biz keldik. Bu yerda Sochidagi bazadan bolalar yig‘ildi. Hammamiz bir joyga yig‘ilib haqqimizni talab qilyapmiz.

Ozodlik: Sizlarni militsiya bezovta qilmayaptimi?

- Yo‘q..

Ozodlik: -Hokimiyatdan odam chiqdimi?

- Hokimiyatdan odam chiqdi. Ikkita odamni kirgizib yubordik. Vakillarimizni,- deydi norozilik tadbiri ishtirokchilaridan biri Erg‘ali Umritqulov.

Rasmiylar arzchilarni diqqat bilan eshitgach “Noviy gorod” shirkati rahbarlarini chaqirtirdi. Sochi meriyasining huquq tartibot idoralari va jamoatchilik tashkilotlari bilan ishlash boshqarmasi rahbari Vyera Pashkova stol atrofida “Novыy gorod” firmasi direktori Nenad Lukich va o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari vakillari suhbatlashdi, deydi muzokarada ishtirok etgan Hasan Ne‘matov.

- Mer o‘rinbosari aytdi. “Nimaga vaqtida oylikni bermayapsan?”, degan edi keyin shirkat rahabari “Zakazchiklar vaqtida bermayapti, u ëq-bu ëq”, degan edi, “Bo‘lmasa bizlar zakazchiklaringdan olib beramiz, ularni nemedlenno sen jo‘natishing kerak. Shunchadan beri sarson qilaëtgan ekansan. Mana bular daje prokuraturaga ham ëzishgan ekan. Potom budem s toboy razbiratsya”, deyishdi-da, keyin chiqib ketishdi. Generalniy direktorga “Hali seni chaqirtiramiz”, deyishdi.

Hasan Ne‘matovning aytishicha, meriya amaldori o‘zbekistonlik "Noviy gorod" shirkati raisiga o'zbekistonlik mehnat muhojirlarining maoshini zudlik bilan to'lab berishi kerakligini aytgan.

Sochi rasmiysi Vyera Pashkovaga ko‘ra, meriya binosi oldiga yig‘ilgan 50 o‘zbekistonlikdan 35 nafarining “Noviy gorod” shirkati bilan rasmiy shartnomasi bo‘lgan. Qolgan 15 nafari shartnomasiz shu yerning o‘zida ishga yollangan. Vyera Pashkova ularning ham ish haqlari undirib berilishini va hech qanday tazyiqlarga uchramasligini ta‘kidladi.

Shahar meriyasi oldida o‘tkazilgan norozilik tadbiri va bo‘lib o‘tgan muzokaralar tugagandan so‘ng, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari “Noviy gorod” shirkati avtobusida joy-joylariga olib borib qo‘yildi. Firma boshlig‘iga ularning maoshlari undirib berilgunga qadar yotar joy va oziq-ovqat bilan ta‘minlab turish vazifasi yuklatildi.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari shu yilning 7 iyunidan boshlab “Noviy gorod” shirkatida quruvchi bo‘lib ish boshlashadi. Ular Toshkentdagi “Energoproyekt” shirkati orqali rasmiy shartnoma bilan oyiga 30 ming rubl (1000 AQSh dollari) maosh va‘daga ishonib Sochiga keladi.

Biroq ularga ham, ulardan uch oy oldin kelgan boshqa o‘zbekistonliklarga ham 2-5 ming rubllik avansdan boshqa maosh berilmagandan keiyn ular 28 iyulda ish tashlash e‘lon qiladi. Shirkat rahbarlari ish tashlash boshida turganlarni O‘zbekistonga qaytarib yuboradi.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari so‘ngra Sochi shahar prokuraturasiga, mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishadi. Mehnat inspeksiyasi shirkatga jarima soladi, biroq ahvol o‘zgarmaydi.

So‘nggi chora sifatida “Noviy gorod” shirkatida ishlagan 50 nafar o‘zbekistonlik Sochi shahar meriyasi binosi oldida norozilik tadbiri uyushtirdi.

***

Yahshiyamki Sochidagi bu 50 mehnat migrantlarining ichida boshqalarga aql bo'ladiganlari bor ekan. Lekin Rossiya bo'ylab sochilib ketgan yuz minglab, millionlab o'zbek mehnat migrantlarinig ichida bunday aqllilari ko'pmi? Nega o'zbekistonlik migrantlarni ish bergan taraf 'kidat qipti", degan xabarlarni ko'p eshitamiz? Bu ketishda yaqinda "Nasha Rasha" xajviy filmlar seriyasida tojikistonlik Ravshan va Jamshud o'rnida o'zbekistonlik migrantlar o'ynashi hech gap emas. Sizning fikringizcha, nimalar qilinishi kerak bunday qonunbuzarliklarni to'htatish uchun?

Ozodlik radiosi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari taqdirini kuzatishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG