Линклар

Tojikistonda katta gaz zahirasi aniqlandi


Tojik mulozimlari toki mamlakatda topilgan gazni qazib olish uchun kerakli mablag‘ topilmaguniga qadar Tojikiston o‘zbek gazidan yuz o‘girolmasligini aytmoqdalar.

Tojik mulozimlari toki mamlakatda topilgan gazni qazib olish uchun kerakli mablag‘ topilmaguniga qadar Tojikiston o‘zbek gazidan yuz o‘girolmasligini aytmoqdalar.

Kanadaning Tetis Petrolium shirkati taxminlariga ko‘ra, Tojikistonda 3 trillion kub metr tabiiy gaz zahirasi mavjud. Bu zahira Tojikistonni o‘zbek gaziga qaramlikdan xalos qilishi mumkinligi aytilmoqda. Biroq tojik mulozimlari buning uchun ko‘p vaqt va mablag‘ zarurligini ta‘kidlamoqdalar.

Kanadaning Tetis Petrolium shirkati Tojikistondagi gaz zahiralarini aniqlash va o‘zlashtirish maqsadida 2007 yili bu mamlakatga kelgan edi.

2008 yilda esa Tojikiston Energetika va sanoat vazirligi bilan mazkur shirkat o‘rtasida bu borada shartnoma imzolanib, kanadalik mutaxassislar respublika 56 ta gaz konlarida tadqiqot olib borish uchun rasmiy ruxsatnoma oldi.

O‘tgan shu vaqt oralig‘ida Tetis Petrolium Tojikistondagi gaz zahiralarini aniqlash ishlariga 17 million AQSh dollari sarfladi.

Shirkat olib borilgan tadqiqotlar natijasini e‘lon qilar ekan, Tojikistonda taxminan 3 trillion kub metr tabiiy gaz zahiralari mavjudligi ma‘lum qiladi.

Kanadalik soha mutaxassislarining so‘nggi tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, Tojikistonning birgina Hoja Sartez, Uzunahor, janubiy Pushiyon kabi hududlarida 1,5 trillion kub metr tabiiy gaz mavjud ekan.

Agar bu miqdor tabiiy gaz zahiralari o‘zlashtirilsa, Tojikiston O‘zbekistonga tabiiy gaz qaramligidan qutilishini mazkur shirkat har gal aytib keladi.

Biroq hozircha bu yo‘nalishda ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishilgani yo‘q.

Tojikiston tomoni esa tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini hanuz O‘zbekistondan olinayotgan gaz hisobidan qondirmoqda.

“Tojikgaztrans” shirkati ma‘lumotlariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistondan 250 million kub metr tabiiy gaz sotib olish borasida shartnoma imzolangan. Bu ko‘rsatgich bundan ikki yil avval 750 million kub metrga teng edi.

Ammo O‘zbekiston tabiiy gazning har ming kub metri uchun narxni 240 AQSh dollari etib belgilaganidan so‘ng, Tojikiston tomoni import hajmini qisqartirishga majbur bo‘ldi.

Ayni paytda Tojikistonning o‘zi ham tabiiy gaz ishlab chiqaradi.

Respublika janubidagi Baljuvon tumanining “Bishtinchak”, Jaloliddin Rumiy tumanining “Qiziltumshuq” va mamlakat shimolidagi Konibodom va Isfara tumanlarida ishlab chiqarilgan tabiiy gaz umumiy hajmi yiliga 22 million kub metrni tashkil qiladiki, bu aholi va mamlakat sanoat korxonalari ehtiyojini qondirmaydi.

Tojikiston Energetika va sanoat vazirligining gaz zahiralarini o‘zlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Imomiddin Aslov Tetis Petrolium shirkati taxmin qilgan tabiiy gaz zaxiralari bilan bu yaqin kelajakda aholini ta‘minlay olishga ko‘zi yetmasligini aytadi.

- Kelgusi uch-to‘rt yilda taxmin qilinayotgan gaz zahiralari bilan tojikistonliklarni ta‘minlash va O‘zbekistonga qaramlikdan qutilish xususidagi gaplar shunchaki quruq so‘z, xolos. Bu gaz zahiralarini o‘zlashtirish uchun juda katta mablag‘ lozim. Keyin o‘sha gaz zahiralarini o‘zlashtirish ham tavakkalchilik bo‘lib, har qanday shirkat ham bunga botina olmaydi. Chunki agar kutilgan natijalarga erishilmasa, xarajatlarini qaytarib ololmasligini yaxshi bilishadi. Bizda esa buncha mablag‘ yo‘q, deydi tojik mulozimi Aslov.

Energetika vazirligi mas‘uli ayni paytda tabiiy gaz yetishmasligi sababli respublika aksariyat sanoat korxonalari ko‘mirdan foydalanayotganini aytadi.

Asnoda iqtisodiy tahlilchi Hojimuhammad Umarov ko‘mirdan gaz hosil qilishni yo‘lga qo‘yishni tavsiya qiladi.

- Biz ham ko‘mirdan gaz hosil qilishni o‘rganib, yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Masalan, O‘zbekistonning Angrenida unchalik sifatli bo‘lmagan ko‘mirdan gaz ishlab chiqarilmoqda. Bizda esa juda sifatli ko‘mir konlari bo‘lishiga qaramay, hozirgacha bu texnologiyani yo‘lga qo‘yganimiz yo‘q. Mana, Ziddi va Fondaryodagi konlardan qazib olinayotgan ko‘mirlarning sifati juda yaxshi va gaz ishlab chiqarish uchun muvofiqdir, deydi Hojimuhammad Umarov.

Iqtisodiy tahlilchi Umarov hukumat xorijiy shirkatlarga ko‘z tikib o‘tirmasdan, aholi va korxonalarni tabiiy gaz bilan ta‘minlash va buning uchun muqobil yo‘llar qidirish uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olishi lozim, degan fikrda.
XS
SM
MD
LG