Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:05

FSB o‘zbeklardan iborat islomchi guruhni fosh qilganini iddao qilmoqda


Vladivostokda o‘zbekistonliklardan iborat “Xonobod jamoati”, deb atalayotgan radikal islomiy tuzilmasi faoliyati fosh qilingani xabar qilindi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bu guruh o‘tgan yili fosh qilingan bo‘lsa-da, buning tafsilotlarini oshkor qilish fursati endi kelganini aytmoqda.

Maqolaning audiosini eshiting:


Primorsk FSBsi matbuotda tarqatgan xabarda maxfiy xizmat xodimlari “Xonobod jamoati” nomli radikal islomiy guruh o‘tgan yili fosh etilgani aytiladi. Xabarnomada Vladivostok musulmonlarini Jihod hamda Pokiston va Afg‘onistondagi terrorchilik markazlarida tayyorgarlikdan o‘tishga da‘vat etganlikda ayblangan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani va ular sudga tortilgani ham ta‘kidlanadi.

Primorsk o‘lkasi FSB Boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda “Xonobod jamoati” deb atalayotgan guruhning ishi uzoq vaqt davomida sir saqlanib kelgani va nihoyat endi bu ishda nuqta qo‘yish fursati kelganini aytdi.

- Bu voqea aslida o‘tgan yili ro‘y breganiga qaramasdan, unda oxirgi nuqta qo‘yilmagunicha biz bu haqda atayin xabar bermay keldik. Ikki hafta avval O‘zbekistonda ular ustidan hukm o‘qildi. Bu tashkilotda 8 kishi faol ishtirok etgan: avval bittasi kelgan, keying besh kishini chaqirtirib olgan, keyin yana 2 kishi kelgan. Bu yerda ular terrorchilik lagerlariga musulmonlarni yollash bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borgan, dedi FSB xodimi.

Uning aytishicha, “Xonobod jamoati”, deb aytilayotgan guruh ortidan ikki yil davomida kuzatuv olib borilgan.

- Guvohlar ko‘rsatmalari, ulardan Rossiyada ta‘qiqlangan adabiyotlarning musodara qilingani Federal sudga taqdim etildi. Sud bu tashkilotning faoliyatini noqonuniy, deb qaror chiqardi va ular O‘zbekistonga eksraditsiya qilindi. Ularga Abdulhamidov ismli shaxs yetakchilik qilgan. Siz o‘z maqolangizda bizning musulmonlarimiz ularning da‘vatlariga sira uchmaganini albatta ko‘rsatib o‘ting, dedi Primorsk FSBsining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Vladivostokning “Zolotoy Rog” internet-gazetasining FSBga tayanib yozishicha, “Xonobod jamoati” deb atalayotgan tashkilotni o‘zbekistonlik Nurmatov degan shaxs tuzgan. Vladivostokning masjidlaridan biriga imomlik qilgan o‘zbekistonlik Abdulhamidov esa g‘oyaviy boshqaruvni olib borgan.

“Ekstremist va terrorchilik tashkiloti a‘zolari ekanligi iddao qilinayotgan Nurmatov va imom Abdulhamidov hozirda xalqaro qidiruvga e‘lon qilingan “O‘zbekiston islomiy harakati”ning g‘oyaviy otasi Abduvali Mirzayevning qo‘li ostida tahsil olgan”, deya yozadi FSBga tayanib, “Zolotoy Rog” internet-gazetasi.

Eslatish joiz, o‘zbekistonlik taniqli ulamo Abduvali qori Mirzayev 1995 yilning avgustida Toshkent aeroportida samolyotga chiqayotgan paytda bedarak yo‘qolgan. Uning O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgani taxmin qilinadi.

Ayni paytda, “Xonobod jamoati”, deb aytilayotgan guruh atrofidagi voqealardan xabardor kishilarning bu voqeaga oid fikrlari rasmiylarnikidan farq qiladi.

Rossiyadan chiqarib yuborilgan Abdulhamidovning o‘rniga masjidda imomlik qilayotgan o‘zbekistonlik Abdulla hoji voqea matbuotda bir tomonlama yoritildi, degan fikrda.

- Biz oldin 5-6 yil imomlik qiluvdik shu masjidga. Keyin men hajga ketdim. Hajga ketayotganda o‘rnimga o‘rinbosar qoldirdim. Ikki yilcha oldin ingushetiyalik, dog‘istonlik bollar guruh tuzishgan. Men yo‘q bo‘lgan vaqtimda mana shu dog‘istonlik va ingushlar ozgina to‘polon qilib, o‘rinbosarimni olib qo‘yib, asli Andijonning Paxtaobodidan bo‘lgan Abduvohid Abdulhamidov, degan bolani sen imom bo‘lasan, podderjka beramiz, deb, imom qilib qo‘yishgan. Endi bu ham sal oshirvorgan da‘vatni, qattiqroq qivorgan darhaqiqat. Bular keyin tunashni boshlagan, qaroqchilik qilgan, bitta xitoylikni o‘ldirvorishgan, oxiri qo‘lga tushdi. Hozir u ingushlarni o‘ldirib yuborishdi, bir kvartirada eshiklarni ochmagan edi yoqvordi FSB. Oddiy razboyniklar bo‘lgan. Xitoyliklardan, ruslardan pullarini olib qo‘yib, uyiga bostirib kirib. O‘zbek yigitlarning bu voqelarga aloqasi yo‘q. Lekin orasida bitta-ikkita o‘zbek bollar bo‘lgan, lekin u boshqa ish, bu boshqa ish. Shunchaki, hozir ikkita ish bittaga birlashtirildi. Ingushlarni ham o‘zbeklar da‘vat qilgan, chaqirgan, adashtirgan, deb o‘zbeklarning bo‘yniga ilyapti. Keyin bularni olib ketganidan keyin Abduvohidni ham... Krayniy bo‘lib qoldi, butun yemagan somsasiga to‘latyapti-da, xullas!

Abdulla hoji jihodga da‘vat qilgan o‘zbek yigitlari ham bo‘lganini e‘tirof etadi. Lekin, deydi imom, ular juda kamchilik bo‘lgan va o‘z maqsadlariga erishmasdan allaqachon ketib bo‘lgan.

- Vahhobiy deb yozayotgan bollar esa alohida kelib yurgan. Hamma joyda har xil odam borku. Kelib-ketib yurgan, haqiqattan da‘vat qilgan, Afg‘onistonga, u yoqqa-bu yoqqa chiqib ketish kerak, deb. Bu yerda esa odamlar o‘zi bilan o‘zi band, tirikchilik bilan ovora. Bitta-ikkitasi ilingan bo‘lishi ham mumkin. Ana shularning bittasi roziskka, ikkitasi deportga tushib qoldi. Bilasizu, O‘zbekistonda qanaqa qilib ishlaydi: o‘shalarga aloqada bo‘lganini bosavyerdi. Shunday qilib 80tacha odamni bosvorgan. Shu 80 tadan aloqasi bo‘lsa, 3-4 tasi aloqadordir, qolgan hammasi bu ishdan xabardor emas. Nimani bilasan, kimni taniysan, deb urib-urib qo‘l qo‘ydiradida. Mana shu ham bor edi, bu ham bor edi, deb 80tacha odamni yopvorgan hozir, deydi Vladivostok masjidlaridan birining imomi Abdulla hoji.

Primorsk o‘lkasi FSBsi matbuot xizmati tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, ekstraditsiya qilinganlarning barchasi O‘zbekistonda turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm etilgan. Kuni kecha esa O‘zbekiston sudi Abdulhamidov Abduvohidni terrorchilik faoliyatida ayblab 8 yilik qamoq jazosi tayinlagani ma‘lum bo‘lgani aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG