Линклар

Olcha o‘rniga sakura, osh o‘rniga sushi


Prezident Karimov ko‘pni ko‘rgan shinavanda siyosatchi sifatida odatda har sohadagi tavsiyalarini birovdan ayamaydi.

Prezident Karimov ko‘pni ko‘rgan shinavanda siyosatchi sifatida odatda har sohadagi tavsiyalarini birovdan ayamaydi.

Farrux Yusuf

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 5 oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.

Blogiston mehmonlari diqqatini prezident Qoraqalpog‘istonda ilgari surgan, lekin mahg‘alliy matbuot nazaridan chetda qolib ketgan bir fikriga qaratishni joiz topdik.

CA-NEWS agentligining yozishicha, Orolbo‘yi mintaqasi paxtakorlarini paxta rejasini bajargani bilan tabriklagan prezident Karimov, muxtor respublika poytaxti Nukus markaziy maydonidagi qurilish va obodonlashirish ishlari bilan ham yaqindan tanishib, odatga ko‘ra, bu soha mutasaddilariga maslahatlar bergan.

Shahar vakillari bilan uchrashuv paytida, deyladi xabarda, prezident maydonga sakura daraxtini ekishni maslahat berdi.

Sakura gullaganda, go‘zallikda o‘zimzning jiydadan qolishmaydi.
Karimov sakuraning qanaqa daraxt ekanini qoraqalpoqlarga tushuntirdimi, yo‘qmi aniq aytilmagan. Lekin prezidentning ko‘pni ko‘rgan odam ekani inobatga olinsa, u ënidagilarga bu daraxtning Yaponiyada o‘sadigan olcha ekanini tushuntirgan bo‘lishi kerak. “Sakura o‘zimizning olchaga o‘xshaydiyu, lekin juda go‘zal gullaydi. Gullaganda go‘zallikda o‘zimizning jiydadan qolishmaydi”, deb aytgan bo‘lishi kerak qog‘ozga qaramasa, anchayin jaydari gapiradigan Karimov.

Sakura daraxti Qoraqalpog‘iston iqlimiga chiday oladimi yo‘qmi, bilmadimu, lekin O‘zbekistonda sakuraning gullashini tomosha qilish mumkinligini bilaman. Poytaxt Toshkentdagi “O‘zEKSPO” markazida O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlari sharafiga 2001 yilda barpo qilingan yapon bog‘ida sakuraning anchagina tuplari ekilgan edi.

Prezident Karimov Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida “mintaqaning nodir tabiati” manzarasi tushirilgan qo‘lbola gobelen to‘qishni ham taklif qildi. «Bu san‘at asarida, dedi prezident, tinch hayot ramzi o‘laroq “musaffo osmonning tasviri ham bo‘lishi kerak.”

Tashrifi davomida prezident Qoraqlpog‘istonning Xalqobod shahridagi go‘shtni qayta ishlash korxonasida ham bo‘lgan. Bu yerda Karimov sakura haqidagi taklifiga yarasha yaponlarning sevimli taomi sushi (bir chimdim qaynatilgan guruch ustiga qo‘yiladigan xom baliq) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgan bo‘lsa ajabmas.

Yaqinda bir tanishim bir latifa aytib berdi:

Bir kuni Qoraqalpog‘istonning Shumanay tumani Shumanay qishlog‘ini obodonlashtirish ishlariga Toshkent katta pul ajratadigan bo‘libdi. Shumanayliklar bu pulni nimaga ishlatishni bilmasdan, masalani qishloq ahli yig‘inida hal etishga kelishishibdi.

Qishloqning obro‘li oqsoqollaridan biri Boymurat og‘a “pulni Orol dengizining quriyotganidan sho‘rlashib borayotgan yerlarimizning ahvolini o‘nglashga sarflash”ni taklif qilgan ekan, qolgan shumanayliklar “shuncha yildan beri sho‘r yerda yashab keldik, bundan keyin ham yashayvyermiz”, deb taklifni qabul qilmabdi.

Shunda, Shumanay qishlog‘ining obro‘li ejelaridan biri Tozagul xola “pullarni Orol dengizi quriyotgani bois sog‘lig‘i yomonlashgan bolalarimizning salomatligini o‘nglashga sarflash kerak”, degan ekan qolganlar “e shuncha yildan beri biz yashab kelgan, bolalarimiz ham yashayvyeradi-da”, deb bu taklifni ham qaytarishibdi.

Bahslarni tinglab o‘tirgan, nafaqat Shumanay qishlog‘i, balki butun tumanda ham eng obro‘li hisoblangan keksa oqsoqol Qayipbergen ota “bu pulga kaaaatta aeroplan yasaymiz”, depti. Qayipbergen otaning gapini ikki qilmaydigan shumanayliklar “aeroplanni nima qilamiz?”, deb so‘rashgan ekan. “Bu aeroplanganga hammamiz o‘tirib, katta xolamiznikiga uchib ketamiz”, deb javob beribdi Qayipbergen ota.

Latifa o‘z yo‘ligayu, lekin Qayipbergen otaning aeroplani nafaqat shumnayliklar, qolgan qoraqalopog‘istonliklarga asqotishi mumkin edi. Ular bu aeroplanga inib, Yaponiyaga, yo jillaqursa, Toshkentdagi yapon bog‘ida sakuraning qanday gullashini ko‘rib kelisharmidi?
XS
SM
MD
LG