Линклар

logo-print
Sarvar Usmon

Bloggerimiz Farruxning yozgan blog maqolasini o'qib...

Islom aka uchun emas, yosh yigit bo‘laturib hayotdan orqada qolayotganingizdan og‘ridi dilim.

Menga uka tengisiz.

Islom aka-ku, tem boleye, Otangizdan katta bo‘lsalar kerak.

Lekin hali-hanuz tosni tos, hammomni hammom deyishga moyil qolayotganingizdan dilim og‘ridi.

Axir zamon o‘zgarayapti!

O‘zbekiston, uning mustahkam sim devorlari ichida o‘zbekistonliklar, dunyo hamjamiyatiga qo‘shilayapti!

Shunga yarasha so‘zlaru atamalar ham o‘zgarayapti-da!

O‘zgarishi kerak-da!

O‘zgarishlar boshida mudom Islom aka turibdi.

Birinchi kotib edilar, Prezident bo‘ldilar.

Kommunistik partiya edi - Xalq-demokratik partiyasi qildilar.

Ana shundan keyin so‘z va atamalarni har bir sohada yangilay boshladilar.

Masalan, Sovyet davridagi "univyermag"lar 90-yillar boshlarida (u paytlarda bo‘y bola edingiz, eslolmassiz) Islom akaning gapi bilan "supermarket"larga aylantirildi.

Shahrixonda o‘shanday supermarketga kirganman. Lekin kechagi "univyermag"dan bugungi "supermarket"ning nima farqi borligini tushunmay hayron bo‘lganim esimda.

Ko‘p o‘tmay tovar taqchilligi boshlanib ketgan, supermarketlar super bo‘shab qolgan edi.

Lekin bu - boshqa masala, muhimi – tilimizga yangi so‘z kirib keldi.

Islom aka, Otangiz, qolavyersa men "kirish imtihonlari" topshirganmiz.

Siz esa "test sinovlari" topshirdingiz.

Bu o‘zgarish ham Islom akaning sharofati bilan bo‘lganini bilmassiz?

To‘g‘ri, Siz "test" degani "sinov" degani, binobarin "test sinovi" degani "suvli suv" deganday gap bo‘pqoladi, deb g‘udranarsiz.

Yana g‘udranishingiz mumkinki, "kirish imtihonlari"da pora qancha bo‘lgan bo‘lsa, "test sinovlari"dayam shuncha, balki yanayam ko‘proq, deb.

Lekin bu - boshqa masala, muhimi – tilimizga yangi so‘z kirib keldi.

Kstati, "pora" emas, "gonorar".

Yangi zamonda nafaqat bor narsalar nomlari o‘zgartirilayapti, balki yangi narsalarning o‘zi ham, albatta, nomlari bilan, hayotimizga shahdam kirib kelayapti.

Masalan, Islom aka, Otangiz, qolavyersa men Sizning yoshingizda "plastik kartochka" nimaligini bilganmizmi?

Bilmaganmiz!

Hozir esa bilamiz.

To‘g‘ri, Sizga o‘xshagan o‘zbekistonlik mahmadanalar plastik kartochka bo‘lgani bilan unga solishga pul bo‘lmasa, pul topib solsangiz, uni qaytarib olib bo‘lmasa, deb g‘udranar?

Lekin bu - boshqa masala, muhimi – tilimizga yangi so‘z kirib keldi.

Shuni ham aytish kerakki, “prezidentimiz yangi so‘zlarni yaxshi ko‘rar ekan” deb, o‘zboshimchalik qilish ham yaramaydi.

Mana yaqinda bir bozorchi yigitcha Toshkentdan qo‘ng‘iroq qilib, "Sarvar brat, shu so‘mimizni dollar deb o‘zgartirsek, a ishsho luchche, faqat baks ishlatishga o‘tvosek bo‘miydimi, a tak, pachkalab ko‘tarib yurishdan zakolebat bo‘ldigu brat, tak i tak kotta sovdola dollarda bo‘vottiyu", deydi.

So‘kib berdim.

“Mustaqillikning qadriga yetmagan ongi past”, dedim.

“Milliy valyuta istiqlolning ulug‘ ne‘matlaridan biri-ku, shuniyam tushunmaysanmi, bratishka”, dedim.

Noshukurni ko‘rmaysizmi? Axir pul belning quvvati bo‘lsa.
100 dollarni belingizga bog‘lab ko‘ring – bilinarmikan?

Endi 100 dollarga teng so‘mni bog‘lang belingizga – Siznikidan baquvvat bel bo‘lmaydi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida.

Ming dollarni maydalab boylasangizku – bronejiletning ham keragi bo‘lmay qoladi. Bemalol urushga kirib ketovrasiz (Tfu-tfu, Xudo saqlasin, bir o‘xshatish qildim-da endi).

Xullas, yangi so‘zlar kerak bizga, Farruxjon.

Lokigin, so‘zlarni tanlar ekanmiz, mustaqillik mafkurasidan kelib chiqishimiz lozim.

Shu ma‘noda, "sakura" so‘zini ishlatsak bo‘lavyeradi.

Heyeyeye tupkaning tagidagi yaponlar kelib bizni bosib olmaydi.

Sezib turibman, shu joyda Vohidov oqsoqolning bir she‘rini eslab, miyig‘ingizda kulyapsiz.

Kulmang, u she‘rda Amerika deyilgan, Yaponiya emas.

"Sakura" o‘zimizning "olcha" debsiz.

Tekshirib ko‘rdim. Chindanam olcha ekan (biz o‘shliklar, anjanliklar "gilos" deymiz).

Lotinchada "Prunus serrulata", deyilarakan.

Faqat yaponlar sakura (prunus serrulata, olcha, gilos)ning mevasini yeyishmasakan. Xomligichayam. Murabbo shaklidayam.

Sakura yaponlarda manzarali daraxt hisoblanarakan. (Yeyishga boshqa narsalari bo‘lsa kerak-da – juda boy deyishadi-ku yaponlarni?)

Ishqilib, Islom aka cho‘lu dashtu sho‘rhoklarda yashaydigan qoraqalpoqlarga shuniyam aytib qaytdilarmikan Toshkantga?

“Sakuraning mevasini yeb qo‘ymanglar”, dedilarmikan?

Aytmagan bo‘lsalar, ertaga "he, o‘zimizning olchaykan-ku?!" deb yeb qo‘yishsa, nima bo‘ladi qoraqalpoqlar?

Ha, endi nima bo‘lsa, bo‘lar! Avval ekishsin, o‘zini tutvolsin sakurasi, hali meva tugadimi-yo‘qmi?

Shungayam ota go‘ri – qozixonami?!

Muhimi – bu emas.

Muhimi – tilimizga yangi so‘z kirib kelayotgani!

Understand? (Andestand - Tushundingizmi?)

See you! (Siyu – Ko‘rishguncha!)

S privyetom,
Sarvar brat.
XS
SM
MD
LG