Линклар

logo-print

O‘shda tahdidli varaqalar tarqatilmoqda


"Ata-jurt" partiyasi vakillari O‘shda tarqatilayotgan bu kabi varaqalarga o‘zlarining mutlaqo aloqasi yo‘qligini ta‘kidlamoqdalar.

"Ata-jurt" partiyasi vakillari O‘shda tarqatilayotgan bu kabi varaqalarga o‘zlarining mutlaqo aloqasi yo‘qligini ta‘kidlamoqdalar.

Kuni kecha O‘sh shahrida tarqatilgan varaqalarda: “Hurmatli o‘zbek qardoshlar, 10 oktabr kuni o‘tadigan saylovda “Ata-jurt” partiyasini qo‘llab ovoz bermasanglar, 12 oktabrdan boshlab o‘zbeklarning uylari yondiriladi, deb muvaqqat Hukumat”, deya bitilgan.

Maqolaning audiosini eshiting:


Ma‘lumotlarga ko‘ra, bunday tahdidli “xabarlar” uyali telefon orqali sms shaklida ham tarqatilmoqda.

O‘shlik ayrim o‘zbeklarga ko‘ra, bunday tahdidlar yozilgan varaqalar o‘zbeklar orasida vahima kayfiyatini paydo qilgan:

- Odamlarda vahima kayfiyati paydo bo‘ldi. Hamma: “Saylov kuni yana xavfsizroq joylarga ko‘chib ketamiz”, deyapti. Bu degani saylovga qatnashmaymiz, deganini anglatadi, deydi ismi oshkor qilinishini istamagan o‘shliklardan biri.

Ata Jurt partiyasining lideri Qamchibek Tashiev Fergana.Ru saytiga bergan suxbatida millatchilik g'oyalarini ilgari surgan.
Ayni paytda “Ata-jurt” partiyasining O‘shdagi bo‘limi vakillari 7 oktabr kuni Qirg‘iziston janubiy poytaxtida matbuot anjumani o‘tkazdi. Mazkur anjumanda partiyaning O‘shdagi muvofiqlashtiruvchisi Marat Sultanov “Ata-jurt” nomidan tarqatilayotgan turli varaqalar fitna ekanini aytdi:

- Fikrimizcha, varaqalar tarqatilishi ham provokatsiyaning bir qismi. Bular elni shimol-janub qilib bo‘lib, xalqni ko‘tarishga urinmokda. Shunday qilib xalqni bo‘lgisi kelayapti. Ular iqtidorda qolishga harakat qilib, “Ata jurt” unday qilayapti, bunday qilayapti, degan o‘ylar bilan odamlarni bir-biriga qayrayapti. Ana shular qirg‘iz xalqi ichidagi eng asosiy sotqinlardir, dedi Marat Sultanov.

Aytish joizki, turli siyosiy partiyalarning saylovoldi targ‘ibot ishlari qirg‘izistonlik o‘zbeklar orasida ham keng olib borilmoqda. Biroq o‘shlik suhbatdoshlarimizning aytishicha, siyosiy partiyalarning o‘zbeklar bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlari ham ularning saylovga bo‘lgan qiziqishini oshirmayapti.

Ata-jurt siyosiy partiyasi Qirgizistonda 2010 yil aprel oyi davlat to'ntarishidan so'ng tashkil etilgan. O'tkazilgan ijtimoij so'rovlarga ko'ra mamlakatning janubiga Ata-jurt partiyasi katta mavqega ega.
- Odamlar saylovdan ko‘ra maishiy masalalar bilan ko‘proq mashg‘ul. Hozir odamlarning uyidagi musorlar yig‘ishtirilayapti. Tozalangan yerlarga 28 kvadrat metrga vremenka uy solishni mo‘ljallab, shag‘al, armatura, g‘isht olib kelishayapti. “Partiya nima qilib berar ekan, nima bo‘lar ekan?” degan qiziqish yo‘q. “Partiyaga” deb jon berib, “saylovga boraylik” degan odam kam, deydi o‘shliklardan yana biri.

Asnoda ayrim siyosiy partiya rahbarlari iqtidordagi partiyalar Qirg‘izistonda saylovlarni buzmoqchi bo‘layotganini va buning uchun ular tomonidan boshqa siyosiy partiyalarni yomonotliq qilish ishlari olib borilayotganini aytishmoqda.

Jumladan, “Or Nomus” partiyasi rahbari Feliks Kulov fikricha, iqtidordagi partiyalar saylovni 2011 yilning fevraliga qoldirmoqchi.

- Iqtidordagi partiyalar o‘zlarini autsayderlar holatida ko‘rayapti. Shuning uchun ular hokimiyat tepasida qolishga jon-jahdlari bilan harakat qilayaptilar. Biroq men ularning qo‘lidan hech narsa kelmaydi, deb o‘ylayman. Agar iqtidordagi partiyalar biror bahona topib, saylovni boshqa muddatga qoldirsa, biz, boshqa partiyalar Konstitutsiya asosida saylovni oxiriga yetkazamiz, degan bayonot qabul qildik, dedi “Or Nomus” partiyasi yetakchisi Feliks Kulov jurnalistlarga bergan intervyusida.

Aytib o‘tish kerakki, iqtidordagi partiyalar deganda Qirg‘iziston muvaqqat hukumati a‘zolari Almaz Atambayev rahbarligidagi Sotsial-demokratlar partiyasi va O‘murbek Tekebayev yetakchiligidagi “Ota Makon” partiyalari tushuniladi.

Mazkur partiyalar yetakchilari, o‘z navbatida, muxolifatchilarning bu iddaolari asossizligini aytib, bo‘lajak saylovlar adolatli o‘tishiga amin ekanlarini qayd etishdan charchamayaptilar.
XS
SM
MD
LG