Линклар

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudida 7 oktabr kuni jurnalist Abdumalik Boboyev ustidan sud jarayoni boshlandi. Mahkamaning birinchi kunida jurnalistga qo‘yilayotgan ayblovlar o‘qib eshittirilgan va himoyachi sud mahkama raisiga iltimosnomalar bilan murojaat qilgan.


Sudda mustaqil matbuot vakillari ishtirokiga ruxsat berilmagani bois Ozodlik muxbiri mahkama xususida Malik Boboyevning o‘zidan so‘radi.

Maqolaning audiosini eshiting:


- Advokatim kiritgan ikkita so‘rovnoma qondirildi. Birinchisi, sud materiallarini rus tiliga tarjima qilish bo‘yicha. Ikkinchisi, bojxona xizmatidan ekspert taklif qilish bo‘yicha. Shu ikki so‘rovnoma qabul qilindi. Ammo, boshqa so‘rovnomalar, masalan, tergov chog‘idagi qonunbuzarliklar bo‘lgani uchun ishni qayta tergovga yuborish to‘g‘risidagi so‘rovnoma inobatga olinmadi, deydi jurnalist.

Ashirmatov Boboyev ustidan mahkama jarayoniga raislik qilayotgan sudya Sa‘dulla jurnalistning advokati kiritgan o‘ndan ortiq iltimosnomadan faqat ikkisi qondirdi xolos.

“Amerika ovozi” radiosining O‘zbekistondagi muxbiri Abdumalik Boboyev “Jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid qiluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish" va O‘zbekiston jinoyat kodeksining yana bir necha moddalar bo‘yicha ayblanmoqda.
Tuhmat va haqorat, O‘zbekiston davlat chegarasidan noqonuniy o‘tish va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash yohud tarqatishda ayblanayotgan jurnalist ustidan boshlangan sud jarayonining birinchi majlisiga xorijiy diplomatlar, xususan, mahkamani kuzatgani Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga kelgan AQSh va Britaniya elchixonalari vakillari kiritilmagan.

Ayni paytda, mahalliy huquq faollari O‘zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov va “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanovning sud majlini kuzatishlariga ruxsat berilgan.

Jurnalistga nisbatan ayblov xulosasi esa sud majlisi boshlanishi arafasidagina taqdim qilingan.

Buning sababini ayblov xulosasi internetda chop etilishi oldini olish, deb izohlagan yana bir o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich Malik Boboyevga nisbatan ayblov xulosasidagi ayrim jihatlarni tilga olib, jurnalistga nisbatan tergov jarayoniga qiyomiga yetgan nodon siyosat mahsuli, deb baho berdi.

- Ayblov xulosasida Abdumalik Boboyev “demokratik tizimga tuhmat qilganlikda” ayblangan. O‘zbekiston qonunchiligida bunaqa formulirovkaning o‘zi yo‘q. Umuman, Boboyev va sudlanayotgan yana bir jurnaslist Berezovskiylarga nisbatan ayblov xulosalarida mutlaqo mantiqsiz, tushunib bo‘lmaydigan ayblovlar borki, men buni markazlashgan ustamon siyosat mahsuli emas, balki shu paytgacha davom etib kelayotgan erkin fikrga qarshi kurash siyosatining, oxir-oqibatda, mutlaqo nodonlashib bo‘lgan bir ko‘rishini, deb hisoblayman, deydi Aleksey Volosevich.

Ayni paytda, Abdumalik Boboyevga nisbatan sudlov jarayoni AQShning YeXHTdagi doimiy vakili hamda “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti tomonidan ham keskin qoralanmoqda.

Xususan, AQSh rasmiysi Iyena Kelli e‘lon qilgan bayonotda O‘zbekiston hukumatini Abdumalik Boboyev va “Vesti.uz” nashri muharriri, rossiyalik jurnalist Vladimir Berezovskiylar ustidan o‘tkazilayotgan sudlovlar to‘xtatishga chaqirgan.

Ayni mazmundagi chaqiriq bilan 7 oktabr kuni “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti e‘lon qilgan bayonotda Abdumalik Boboyevga nisbat sudlov jarayoni ortida mustaqil jurnalistlarga nisbatan ta‘qibning yangi ko‘rinishi boshlanayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildiriladi.

“Abdumalik Boboyev O‘zbekistonda ishlayotgan oz sonli mustaqil jurnalistlardan biri va unga nisbatan mahkama prezident Islom Karimov hukumati nazoratidan chetda qolayotgan xabar va yangiliklarni yig‘ayotgan hamda tarqatayotgan jurnalistlarga nisbatan yangi boismlar to‘lqinidan ishoratdir... Bu sudlov mutlaqo siyosiy motivlarga asoslangan”, deyiladi jumladan, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti tarqatgan bayonotda.

Bayonotga ilova qilingan ro‘yxatida tashkilot O‘zbekistonda o‘z faoliyati uchun qamalgan 11 jurnalist nomlarini ham keltirgan.

Bular: Xayrulla Hamidov, Dilmurod Sayyid, Bahrom Ibrohimov, Davron Qobilov, Ravshanbek Vafoyev, Abdulaziz Boboxonov, Botirbek Erqo‘ziyev, Solijon Abdurahmonov, Jamshid Karimov, Yusuf Ro‘zimurodov va Muhammad Bekjonlardir.

“Chegara bilmas muxbirlar” O‘zbekiston hukumatini bu jurnalistlarni zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz ozod qilishga chaqirgan.

Agar Boboyev O‘zbekistonda faoliyati uchun qamalgan o‘n ikkinchi jurnalistga aylansa, deyilar ekan, bayonotda bu g‘arb davlatlarining O‘zbekiston hukumatiga nisbatan muloqot yo‘lini tanlab, tutgan siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchraganining yana bir yaqqol misoli bo‘lishi urg‘ulangan.

Eslatib o‘tamiz¸ Abdumalik Boboyevni dastlab himoya qilishga advokat Sobir Ko‘chimov, kutilmaganda, ishlari ko‘paygani vaji bilan uning himoyasidan bosh tortgan va jurnalistning ishini Sergey Mayorov olgan edi.

Sergey Mayorov shuningdek, tuhmat va haqoratda ayblanayotgan Rossiyaning “Parlamentskaya gazeta” nashri muxbiri va “Vesti.uz” internet-nashri bosh muharriri rossiyalik jurnalist Vladimir Berezovskiyni ham himoya qilmoqda.

Abdumalik Boboyev ustidan sudning keyingi majlisi esa dushanba kuniga belgilangan.
XS
SM
MD
LG