Линклар

Tojikistonda “Faraj” mustaqil gazetasiga to‘siq qo‘yildi


“Faraj” bosh muharriri Xurshed Atoulloyev gazetaning oxirgi soni chiqmaganida rasmiylar qo‘li borligini aytmoqda.

“Faraj” bosh muharriri Xurshed Atoulloyev gazetaning oxirgi soni chiqmaganida rasmiylar qo‘li borligini aytmoqda.

Tojikistonda 7 oktabr kuni “Faraj” mustaqil gazetasi nashrdan chiqarilmadi. Gazetani chop etadigan “Oila” bosmaxonasi buning sabablarini texnik nosozliklar bilan izohlamoqda. Gazeta bosh muharriri esa buning ortida siyosiy sabablar borligini aytmoqda.

Haftaning har payshanba kuni Tojikistonda uch yuzga yaqin gazeta va jurnal, jumladan “Faraj” mustaqil gazetasi ham bosmaxonadan chiqadi.

Ammo 7 kuni “Faraj” gazetasi sotuvga chiqmadi.

“Faraj” gazetasining bosh muharriri Xurshed Atoulloyev buning sabablarini bunday izohladi.

- Shu yil 19 sentabrida Kamarob darasida sodir bo‘lgan hujum va unda 28 askarning qurbon bo‘lgani haqida yozilgan maqolamiz bunga sabab bo‘lgan deb o‘ylayman. Biz bu maqolada Kamarob fojeasiga Mudofa vazirligi mas‘ullarining tajribasizligi sabab bo‘lganini yozgan edik. 4 oktabr kuni mamlakat Mudofa vaziri Sherali Xayrulloyev “Xovar” axborot agentligida yoyinlagan bayonotida respublikadagi nashrlar, jumladan “Faraj” mustaqil ro‘znomasi mamlakatdagi barqarorlikning izdan chiqishiga hissa qo‘shayotganiga sha‘ma qilgan edi,- deydi mustaqil gazeta bosh muharriri.

Uning aytishicha, o‘sha bayonot ortidan “Oila” bosmaxonasi soliq xodimlari tomonidan reviziya qilingan. Ular bosmaxonaning “Faraj” bilan hamkorligiga aldohida e‘tibor qaratgan.

O‘z navbatida bosmaxona mas‘ullari o‘z boshlariga kelgan balo ham aynan “Faraj” tufayli ekanini anglab, bu gal gazetamizni chop qilmaslikka qaror qilgan deb o‘ylayman, deya davom etadi Xurshed Atoulloyev.

“Faraj” gazetasini chop etadigan “Oila” xususiy bosmaxona gazetaning chiqmay qolgani bilan bog‘liq vaziyatni izohlashdan bosh tortdi.

“Oila” bosmaxonasi direktori Siyovush Hamdamovdan bosmaxonangizda “Faraj”dan boshqa gazetalar ham chop etiladi. Bu hafta “Faraj”dan farqli o‘laroq, boshqa ro‘znomalar nashr yuzini ko‘rdi. Buni qanday izohlaysi?, deya so‘radik. Hamdamov bu savolni eshitib bo‘lgach telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

“Faraj” bundan ikki yil avval davlat qaydidan o‘tib, chop etila boshladi va qisqa vaqt ichida yuzlab mushtariylarga ega bo‘ldi.

- Faraj ko‘proq jamiyatimizda mavjud muammolarni yoritadi. Bu gazeta boshqa mustaqil gazetalardan farqli holda mavjud muammolarning hal qilinishiga ham o‘z hissasini qo‘shib keldi. Bu redaksiya yutug‘idir, der ekan mushtariylardan biri Firuzmuhammad Saidov, “Faraj”ning oxirgi soni chiqmay qolgani mamlakatda so‘z erkinligining bo‘g‘ilayotganiga yana bir misol, deya ta‘kidladi.

Shu o‘rida eslatsak, 25 sentabr kuni Mudofa vazirligining davlat televideniyasi orqali bir necha marta takrorlangan teledasturida vazirlik askarlari va mas‘ullari “Faraj” gazetasida nashrga berilgan maqola yuzasidan tashvish bildirgan edi.

Teledasturni uyushtirgan Mudofa vazirligi iddaosiga ko‘ra, bunday maqolalar aholi orasida kuch ishlatar tizimlarning Rashtda olib borayotgan amaliyotlariga shubha tug‘dirishi tabiiy.

Shundan so‘ng Mudofa vazirligi “Faraj” va bir qator boshqa mustaqil nashrlar jurnalistlaridan uzr so‘rashlarini talab qildi.

Ko‘p o‘tmay 4 oktabr kuni Mudofa vaziri Sherali Xayrulloyevning “Kim kimdan uzr so‘rashi kerak?” nomli maqolasi “Xovar” davlat axborot agentligida bosilib chiqdi. Vazir janoblari bu maqolasida tojik jurnalistlari o‘z maqolalarida terrorchi guruhlarni dastaklayotganlikda aybladi.

O‘sha kunning o‘zida Tojikistondagi bir qator mustaqil nashrlar vakillari Mudofa vaziri ustidan sudga ariza berishga qaror qildi.

- Bizning qarorimiz kuchda qoladi. Vazir bu tuhmati uchun qonun oldida javob berishi lozim. Men ham “Faraj” gazetasida berilgan har bir maqola va unda qalamga olingan ma‘lumot va dalillar uchun javob berishga tayyorman, deydi “Faraj” mustaqil gazetasi bosh muharriri Xurshed Atoulloyev.

Biroq, hozircha tojik jurnalistlari Mudofa vaziri ustidan sudga ariza tashlaganlari yo‘q.
XS
SM
MD
LG