Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:06

Karimov Rahmonga qattiqroq ogohlantirish yo‘lladi


Rog‘un loyihasi Karimov va Rahmon o‘rtasiga sovuqlik solayotgan asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Rog‘un loyihasi Karimov va Rahmon o‘rtasiga sovuqlik solayotgan asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Qoraqalpog‘iston fermerlari bilan uchrashuv chog‘ida Orol fojiasiga alohida to‘xtalgan O‘zbekiston prezidenti Dushanbe hukumatining Rog‘un GES i qurish rejasiga yanada keskinroq e‘tiroz bildirdi. Bu loyihani “axmoqona” deb atagan Karimov¸ O‘zbekiston Amudaryo suvining bir grammi ham kamaytirilishiga yo‘l qo‘ymasligini ta‘kidladi.


Qoraqalpog‘iston paxtakorlarini yillik rejani birinchilardan bo‘lib uddalagani bilan qutlash uchun muxtor o‘lkaga kelgan O‘zbekiston prezidenti¸ haligacha qo‘l tegmagan qiyg‘os paxtazor o‘rtasiga solingan shinam shiyponda mahalliy fermer va dehqonlar bilan ushrashdi.

Orol dengizining qurishi oqibatida nihoyatda og‘ir vaziyatda qolgan qorapalpog‘istonlik dehqonlar mehnatiga yuqori baho bera turib Islom Karimov¸ o‘z iborasi bilan aytganda¸ “ikki og‘iz gap” qo‘shmay o‘tmadi.


(Bu video epizod 6 oktabr kuni O‘zbekiston kanalidan yozib olindi - Ozodlik)

- Besh yil bo‘ldi¸ bizlar axmoqona bir loyihaga qarshi kurashni boshlaganmiz. Men shaxsan O‘zbekiston prezidenti buni boshlaganman. Ya‘ni bir vaqtlar Tojikistonni Amudaryo tepasida Rog‘un degan bir katta stansiyasini, gidrostansiyasining qurilishi haqida bilasizlar. Uning kuchi 3 million 600 ming megavattni tashkil qiladi va eng muhimi shuki, uning plotinasi 350 metr balandligi. Sayano-Shushenskiy degan Sibirda bo‘lgan fojiani eshitgansizlar. 75ta odam shu fojiadan halok bo‘lgan.

Eng muhimi shuki, Sayano-Shushenskiyning loyihasini qurgan gidroproyekt Ragunning proyektini qilgan. Ya‘ni egasi bitta. 40 yil oldin Sovyet davrida hech kim buni tekshirmagan. Endi vaqti-soati kelganda, uni qurishni boshlaganda Sovyet davrida puli bo‘lmagani uchun va SSSR tarqalib ketgandan qolib ketgan bu¸ dedi “Qoraqalpog‘iston uchun¸ Orol uchun kurashish kerak” degan gapini erkin izohlashga o‘tgan Islom Karimov.

- 350 metrlik to‘g‘onoqni ko‘tarsa agar, unga 8 yil suv to‘planar ekan. 8 yil davomida suv to‘planar ekan. Bizlar - pastda turganlar nima 8 yil poylab turamizmi? Qoraqalpog‘istonga, Xorazmga umuman O‘zbekistonning Amudaryo qirg‘og‘ida yashayotgan inson nima ish qiladi? Qanday tirikchilik ko‘radi? Qanday dehqonchilikni ko‘ramiz? Umuman irrigatsiya masalasi mutlaqo hammasi yo‘q bo‘lib ketadi.

Sirdaryo suvi hozir Orolga kelmayapti. “Orol bo‘yini boqadigan nima?” deb mendan so‘rasangiz, hozir Amudaryodan kelgan suv. Orol quriyotgan bir paytda Amudaryoni mahkam ushlab turishimiz kerakmi yo‘qmi¸ suvining bir grammini ham kamaytirmaysan¸ deb¸ dedi dehqonlar bilan dehqonchasiga gaplasha turib O‘zbekiston rahbari.

Sirdaryo va Amudaryoning quyi qismida joylashgan O‘zbekiston¸ prezident ta‘kidlagan kabi¸ yillardan beri Tojikiston hukumatining Rog‘un GESi qurish rejasiga ham siyosiy-diplomatik¸ ham iqtisodiy jihatdan qarshilik ko‘rsatib kelmoqda. Toshkent rasmiylari¸ xususan prezident Karimovning o‘zi qator xalqaro minbarlar¸ chunonchi ikki hafta oldin BMT Bosh assambleyasidagi nutqida bu ulkan gidroinshoot loyihasiga keskin qarshiligini ifodaladi. Ayni paytda O‘zbekiston hukumati Rog‘un qurilishi uchun mo‘ljallangan yuklar ortilgan minglab vagonlarni o‘z hududidan o‘tkazmay¸ loyihani iqtisodiy jihatdan sabotaj ham qilib kelmoqda.

Mustaqil tahlilchi Sanobar Shermatovaga ko‘ra¸ Qoraqalpog‘istonda dehqonlar huzurida Rog‘un qurilishi borasida aytilgan gaplar¸ Karimovning Imomali Rahmonga yo‘llagan yanada keskinroq ogohlantiruvidir.

- Buning Rahmonga yo‘llangan yana bir signal¸ avvalgilaridanda qattiqroq signal ekani ehtimolga juda yaqin. Karimov ochiqchasiga¸ “Bizni suvsiz qoldirishingga qarab turmaymiz!”¸ demoqda. Bunday bayonotning Imomali Rahmon o‘z muxoliflari bilan qurolli amaliyotlarga kirishgan qaltis bir vaziyatda qolgan kunlarda aytilishi¸ bu signalni yanada kuchaytiradi. Bu gapda Rahmon uchun jiddiy ishoratlar bor. Ammo bu Karimov gapiga quloq solmayotgan Rahmonni¸ hozir vaziyati og‘irlashib qolgan bir paytda¸ qulatishga kirishadi¸ degani ham emas¸ deydi Sanobar Shermatova.

Islom Karimovning Rog‘unni “axmoqona loyiha” deb atab¸ O‘zbekistonning Amudaryo suvi to‘silishiga yo‘l qo‘ymasligiga oid bayonotiga munosabat bildirayotgan Tojikiston vakillari¸ uni odatdagidek¸ “asossiz vahima”¸ deya atamoqdalar.

- O‘zbekiston tomonining gaplarida asos yo‘q. Bu suv omborining to‘lishi ular aytganidek 8 yilga emas, balki 15-17 yilgacha ham cho‘zilishi mumkin.

Ikkinchidan¸ biz suv omborini to‘ldirish uchun suvning bor-yo‘g‘i 5 foizini olamiz. Bilasizmi, qurg‘oqchilik yillarida Vaxsh daryosining suvi 20-22 foizgacha kamayadi. Lekin bu hech narsaga salbiy ta‘sir ko‘rsatmas edi. Suv omborining qurilishi hech qachon na Orolda, na Qoraqalpoqda suvning kamayishiga sabab bo‘la olmaydi¸ deydi Tojikiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Ijtimoiy muammolarni tadqiq qilish markazining Geografiya va ekologiya kafedrasi mudiri¸ professor Xolnazar Muhabbatov.

Tojikiston parlamenti qoshidagi Agrarlar va ekologiya qo‘mitasi raisi¸ Tojikiston sobiq Suv va meleoratsiya vaziri Said yoqubzod esa¸ Karimov bayonotini ilmiy jihatdan asoslanmagan¸ siyosiy bayonot deya atadi.

- Mening fikrimcha¸ bu qarshilikning biror-bir siyosiy jihati bo‘lsa kerak. Bu qarshilikning qishloq xo‘jaligi yoki energetikaga hech qanday aloqasi yo‘q. Islom Karimov Tojikistonning doim O‘zbekistonga qaram bo‘lishini istaydi.

Hali shu paytgacha Tojikiston respublikasi biror-bir davlatni suvsiz qoldirgani yo‘q. Aksincha¸ suv kam bo‘lgan yillari biz so‘rovga ko‘ra kerakli suvni berardik. Bu birinchi masala.

Ikkinchi, Orol dengizi masalasi. Orol dengizi muammosi bu O‘zbekiston va Qozog‘istonning o‘z ichki iqtisodiy muammosidir. Sobiq ittifoq paytida paxta maydonlar juda kengaytirildi va bu juda katta suv resurslarining sarflanishiga sabab bo‘ldi. Tojikistonning Orol dengizining qurishiga hech qanday aloqasi yo‘q¸ deydi Karimovning 6 oktabr kungi bayonotiga e‘tiroz bildirgan tojik deputati.

O‘zbekistonlik keksa jurnalist Sharof Ubaydullayev¸ Islom Karimovning Rog‘un loyihasiga qarshi kurashini nafaqat o‘zbekistonliklar¸ balki mintaqadagi qolgan hukumat va xalqlar ham qo‘llashi lozim¸ degan fikrda.

- Sirdaryoning bosh qismida Qirg‘izistonda ham millatchilik qay darajada fojeaviy tus olayotgan¸ qirg‘iz o‘rtoqlarimiz ertaga Sirdaryo suviga to‘la hukmronlikni o‘rnatish ustida jadal ish ko‘rayotgan bir paytda, ikkinchi tomondan Rog‘un GESi avj olayapti. Rog‘un GESi bu O‘zbekistonga nisbatan qo‘yilgan uzoq davom etadigan uzoq muddatli bombaning aynan o‘zi. Men mana shu nuqtai nazardan prezident Islom Karimovni juda chuqur tashvish tortayotganligini to‘la qo‘llab-quvvatlash tarafdoriman¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Rog‘un bo‘yicha xavotirlarini ifodalagan o‘zbekistonlik jurnalist.
XS
SM
MD
LG