Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:13

Qirg‘iz rasmiylari saylov chog‘ida fitna chiqishidan cho‘chimoqda


Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi 10 oktabrda o‘tadigan parlament saylovlarida notinchliklarga sabab bo‘ladigan 10 ta hudud borligini bildirdi. Ichki ishlar vaziri bu hududlar ayni qaysi shahar yoki tumanlar ekanini ochiqlamagan bo‘lsa-da, mahalliy kuzatuvchilar vazir O‘sh va Jalolobod viloyatlarini nazarda tutganini aytmoqdalar.

Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashining sobiq kotibi Miroslav Niyozovning aytishicha, mamlakat hududida millatlararo nizo to‘la bartaraf etilmagan va millatchilik g‘oyalarining avj olib borayotgani bu ziddiyatni yanada kuchaytirishi mumkin. Bunday vaziyat ayni saylov kunlari ham yuzaga kelishi mumkin.

- Eng avvalo, millatlararo munosabatlar muammosi borligini e‘tirof etish kerak. Bu muammo hal etildi, deganlar yanglishadi. Saylov kunlari bu yo‘nalishda o‘ta ehtiyotkorlik bilan harakat qilish kerak. Aks holda, millatlararo nizo ekstremistik va terrorchilik o‘zaniga burilib ketishi mumkin, - dedi Miroslav Niyozov.

Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisning aytishicha, mamlakatda notinchliklar keltirib chiqaradigan ikkinchi omil siyosiy partiyalarning hokimiyat uchun bo‘lgan kurashidir.

- Negaki, saylovda mag‘lub bo‘lgan siyosiy partiyalarning deyarli barchasi hokimiyatga kelish uchun albatta qandaydir harakatlarni amalga oshiradi, - dedi Miroslav Niyozov.

Biroq O‘sh va Jalolobod voqealarini o‘rganish mustaqil komissiyasi a‘zosi Marat Jumanazarov fikricha, xavfsizlik masalalari bo‘yicha taxlilchilar pashshadan fil yasamoqdalar.

Marat Jumanazarov qirg‘izlar ham, o‘zbeklar ham bugungi kunda xalq diplomatiyasini qo‘llagan holda osoyishtalikni saqlab qolish uchun harakat qilayotganliklarini, shuning uchun ham saylov arafasida va saylovdan keyin ham bu mintaqada vaziyatning beqarorlashuvi kutilmayotganini aytadi:

- Bugungi kunda O‘sh viloyatida notinchlik kelib chiqishi uchun asos yo‘q. Qirg‘izlar haligacha g‘azabda bo‘lsalar ham tinchlik kerakligini tushunib yetganlar. O‘zbeklar ham bo‘lgan voqealar yana qaytarilishini istamaydi, - dedi Marat Jumanazarov.

Ammo o‘shlik huquq himoyachisi Abdumannop Halilov shaharda saylov arafasida o‘zbeklar orasida xavotir mavjud ekanini aytadi:

- O‘shlik o‘zbeklar shahardagi saylov uchastkalariga borishga qo‘rqishayapti. Bu yerda to‘polon, urush chiqib ketishi mumkin, degan hadiksirashlar bor. Shuning uchun odamlar: “saylov komissiyasi agar uyimizga kelsa, saylaymiz, bo‘lmasa saylovga chiqmaymiz”, deyishmoqda. Odamlar o‘zbek bilan qirg‘izni bir-biri bilan urishtirib qo‘yish niyatidagi kishilarning bu vaziyatdan foydalanib qolishidan cho‘chishmoqda, - dedi Abdumannop Halilov.

Qirg‘izistonda parlament saylovi 10 oktabrda o‘tkaziladi. Mazkur saylovda 29 partiya ishtirok etmoqda.
XS
SM
MD
LG