Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:39

Rashtdagi aviahalokat qurbonlari soni oshmoqda


6 oktabr kuni Rasht tumanida harbiy vyertolyot halokatga uchrashi ortidan 28 tojik harbiysi qurbon bo‘ldi. Avvalroq aviahalokat natijasida ekipaj a‘zolaridan 4 nafari halok bo‘lgani, 3 texnik xodim esa og‘ir tan jarohati olgani aytilgan edi.

6 oktabr kuni ertalab Tojikiston prezidenti Milliy gvardiyasiga qarashli vyertolyot Rasht tumanida halokatga uchragan edi.

O‘sha zahoti ommaviy axborot vositalariga bu haqda xabar bergan Milliy gvardiya matbuot xizmati boshlig‘i Xayriniso Komilova texnik sabablar tufayli halokatga uchragan vyertolyot ekipajining to‘rt a‘zosi halok bo‘lib, yana uch nafar texnik xodimi yarador bo‘lganini ma‘lum qilgandi.

Ammo kechga yaqin ITAR-TASS axborot agentligi bu voqeaning yangi tafsilotlari haqida xabar tarqatdi.

Manbaga ko‘ra, aviahalokat natijasida 28 harbiy qurbon bo‘lgan. Ulardan yetti nafari Milliy gvardiya harbiylari va 21 nafari esa Milliy xavfsizlik xodimlari ekan.

Qurbon bo‘lganlar orasida Milliy gvardiya qo‘mondoni muovinlari Zafar Olimov va Davron Samadovlar ham borligi aytiladi.

Ayrim norasmiy manbalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, yana to‘qqiz harbiy og‘ir holda kasalxonaga yotqizilgan.

Tojikiston Milliy gvardiyasi mas‘uli Xayriniso Komilova vyertolyot texnik sabablar tufayli halokatga uchraganini va ayni paytda voqea joyida maxsus komissiya ish boshlaganini ma‘lum qildi.

- Vyertolyot Milliy gvardiyaga tegishli. Bu haqda kecha ham aytilgan, boshqa tafsilotlar keyinroq beriladi, deya gapni qisqa qildi Xayriniso Komilova.

Milliy gvardiya mas‘uli aviahalokatda 28 kishi qurbon bo‘lgani e‘tirof etdi, lekin ular orasida Milliy gvardiyaning 7 xizmatchisi bo‘lganini aytib, boshqa idoralarga qarashli askarlar orasidagi talafotlarni izholashdan bosh tortdi. U shuningdek, yaradorlar soni o‘nga yaqinligiga oid ma‘lumotlarni tasdiqladi.

Asnoda aviahalokat sabablari turlicha izohlanmoqda.

Ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, harbiy vyertolyotga me‘yoridan ortiq yuk yuklangani uning halokatga uchrashiga sabab bo‘lgan.

Boshqa ma‘lumotlarga ko‘ra esa, vyertolyot o‘sha hudud aholisi yuklarini daryoning bu qirg‘og‘idan u qirg‘og‘iga o‘tkazish uchun xizmat qiladigan simga urilgan.

Ayni paytda Rasht vodiysida hukumat kuch ishlatar tizimlarining terrorchi guruhlarga qarshi amaliyotlar davom etayotir.

Bu amaliyot 19 sentabr kuni Rasht vodiysining Kamarob darasida Mudofaa vazirligi harbiylariga pistirmadan noma‘lum kishilar hujum uyushtirganidan so‘ng boshlab yuborilgan edi.

Rasmiy manbalarning qayd etishlaricha, halokatga uchragan vyertolyot amaliyot o‘tkazilayotgan hududga uchib ketayotgandi.

Ayni paytda Milliy gvardiya vyertolyoti jangarilar hujumiga uchragani haqida ham xabarlar kelmoqda.

Tojikiston Milliy xavfsizlik xizmatining ismi oshkor etilmasligini so‘ragan xodimi bu xabarni tasdiqlar ekan, vyertolyotga pastdan hujum qilingan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

- Vyertolyot pastdan o‘qqa tutilgan. O‘lganlardan o‘n beshtasini olib kelishdi. Avval o‘likxonaga olib borishib, keyin o‘sha yoqdan yaqinlariga topshiriladi, dedi anonim suhbatdoshimiz.

Hozirda Rasht bilan respublikaning barcha hududlari o‘rtasida telefon aloqasi uzib qo‘yilgani uchun shu tobda u yerda nimalar kechayotgani haqida ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Rashtga eltuvchi yo‘llar ko‘pchilik uchun, jumladan, jurnalistlar uchun to‘silgani ortidan u yerdagi amaliyotlarni voqea joyidan turib kuzatish va bu borada to‘laroq tafsilotlar berish imkonsizdir.

Ko‘p hollarda Tojikiston kuch ishlatar tizim mas‘ullari Rasht voqealari bilan bog‘liq savollarimizni ochiq qoldirishni ma‘qul ko‘rmoqdalar.

Ayni paytda Rashtda yana 6 nafar tojik harbiysi minaga uchrab halok bo‘lgani haqida xabarlar kelmoqda.

Tojikiston Milliy gvardiyasi matbuot xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, harbiylar joylashgan avtomashina 6 oktabr kuni minaga uchrab portlashi oqibatida olti harbiy jon taslim qilgan, yaradorlar soni esa aniqlanmoqda ekan.
XS
SM
MD
LG