Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:26

O‘zbeklar dunyo nigohida: Siz millioner bo‘lishni hohlaysizmi?


 By surrealpenguin (CC user at Flickr.com)
By surrealpenguin (CC user at Flickr.com)

Agar chindan ham millioner bo‘lishni istasangiz, albatta O‘zbekistonga keling, u erda faqat millionerlar yashaydi, deb hikoyasini boshlaydi O‘zbekistonga tashrif buyurgan xitoylik turist Lam Li.

Aftidan O‘zbekistonga qilgan safaridan juda ham mamnun bo‘lgan Li janoblari bu boy mamlakatda boshidan o‘tgan sarguzashlarini qog‘ozga, aniqrog'i, kompyuteriga tushurib, Internetdagi blogida chop etdi.

O‘zbekistonga ilk marotaba tashrif buyurgan Lam Lining eng birinchi esda qolarlik taassuroti va millioner bo‘lish uchun birinchi qadami valyuta almashtiruv “qora bozor”larining birida boshlanadi.

“O‘zbekistonning valyuta “qora bozori” sharofati bilan bir zumda men millionerga aylandim. Atigi 500 AQSh dollarini 1 dollarga 2170 so‘m kursida almashtirib, bir zumda 1 085 000 o‘zbek so‘mi egasiga aylandim… Pullarning ko‘pi 500 so‘mlik bo‘lgani uchun, ular cho‘ntaglarimga sig‘mas edi. Ilojim yo‘g‘ligidan men so‘mlarni “pachkalab” orqa sumkamning eng chuqur joyida yashirib olib yurishga majbur bo‘ldim”, deya hikoya qiladi yangi millioner quvonchini yashirolmay.

Lam Li janoblariga millioner bo‘lish yoqib tushdi shekilli, u darhol pullarini “oborot”ga solib, yana ham ko‘paytirish usullarini izlashni boshlaydi. Lining yozishicha, pullarni aylantirib, biznes qilish uchun O‘zbekiston juda qulay mamlakat.

“O‘zbekistonda dollarga nisbatan ikki xil (yani rasmiy va “qora bozor”) kurs bo‘lgani uchun aqlli sayohatchi bu erda tezda mo‘maygina pul ishlab olishi mumkin. Masalan, O‘zbekiston banklarida ATMlarda (bankomat) xalqaro bank kartochkalari orqali AQSh dollari chiqarib olish mumkin. Agar bankomatdan dollarni rasmiy kursda chiqarsangiz, bir AQSh dollariga 1616 so‘m to‘laysiz. Keyinroq esa bu dollarni valyuta “qora bozor”iga olib borib, bir dollarni 2179 so‘mdan sotishingiz mumkin. Daromadni o‘zingiz hisoblayvering”, deydi sayohatchiligini unutib, o‘zini biznesga urgan Lam Li.

Lekin, deydi Li, O‘zbekistonda millioner bo‘lishning yomon tarafi ham bor. Uning aytishicha, 1000 so‘mdek katta pulga atigi kichkinagina yuqori sifatli hojatxona qog‘ozi olish mumkin bo‘lgan O‘zbekistonda katta narsalarni oldi-sottisida pul sanashning o‘ziga ancha vaqt sarflanishi mumkin.

“Bu mamlakatda oldi-sotti juda ko‘p vaqt talab etadi, chunki xaridor ham, sotuvchi ham pulni to‘lig‘icha sanashi kerak-da. Odamlarning aytib berishicha, bir biznesmen avtomobilni naqd o‘zbek puliga olish uchun ikkita pulga to‘la chamadonni qo‘ltiqlab, avtosalonga kiribdi. Kassada o‘tirgan ayol pulni sanash uchun to‘rt soat vaqt sarflabdi! Undan ko‘ra pul sanaydigan apparat olsa bo‘lmaydimi?” deya taajjublanadi Li janoblari.

Dunyo bo‘ylab ancha sayohat qilib qo‘ygan Lam Li O‘zbekistondan juda ham iliq taassurotlar bilan qaytgani odamni mamnun qiladi, albatta. "Lekin, - deb yozadi Li, - O‘zbekistonda millioner bo‘lish ham, pulni bir pasda yo‘q qilish ham oson. Chunki har bir to‘lovda, hoh u mehmonxona yoki choyxona xizmati bo‘lsin, kamida 10 000 so‘mdan to‘laysan. Bu esa cho‘ntagingni bir pasda quritadi".
XS
SM
MD
LG