Линклар

O‘sh viloyat Qorasuv tuman davlat ma‘muriyati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Abdusattor Shoyatovning uyida 12 oktabr kuni ertalab tintuv boshlandi. Bu haqda Ozodlikka Shoyatovning uyi atrofida yig‘ilgan yuzlab qorasuvliklardan bir nechasi xabar qildi.

O‘zini Gulmiraxon, deb tanishtirgan hamshira ayolning aytishicha, 12 oktabr kuni ertalab yuziga niqob taqqan kamida 10 kishi qo‘llarida qurol bilan Shoyatovning uyiga bostirib kirgan va tintuv boshlagan. Bostirib kirganlar o‘zlarining qaysi idoradan ekanliklarini, nima maqsadda kelganlarini aytmagan.

Qurollilar qo‘ni-qo‘shnilarning bu haqdagi savollariga javob berish o‘rniga, ularga avtomatlarini qaratib, tahdid qilgan.

Shoyatovning uyi oldidan xabar bergan hamshira Gulmiraxon, pensioner Olimjon akalarning aytishicha, 12 oktabr, mahalliy vaqt bilan kunduz soat 1 larda ham tintuv yakuniga yetmagan, atrofda esa, 5 ming nafar atrofida odam yig‘ilib turgan edi.

- Shoyatovning uyida boshlangan tintuvni qorasuvliklar o‘zbeklarga saylov tufayli to‘xtab qolgan bosimning qayta tiklanishi, deb baholamoqda, dedi Olimjon aka.

O‘sh viloyat Qorasuv tuman davlat ma‘muriyati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Abdusattor Shoyatov, xabarlarga qaraganda, iyun voqealari kunlari O‘sh shahri yaqinidagi Narimon qishlog‘iga militsiya xodimlari bilan borganida kaltaklangan va og‘ir tan jarohatlari olgan. O‘shandan buyon ishga chiqqan emas. Shoyatovning ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risida ham shu paytgacha ma‘lumot paydo bo‘lmagan.

Norasmiy xabarlarga qaraganda, shu kunda Shoyatov republikadan tashqarida davolanmoqda. Lekin bu ma‘lumotni tekshirishning iloji bo‘lmadi.

Voqeani kechki eshittirishlarimizda kengroq yoritishga harakat qilamiz.
XS
SM
MD
LG