Линклар

Bosh vazir bozor aylandi


Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev bozorlarga har kuni tushib tursa bo‘larkan, demoqda paytdan foydalanib qolgan toshkentliklar.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev bozorlarga har kuni tushib tursa bo‘larkan, demoqda paytdan foydalanib qolgan toshkentliklar.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 10 oktabr kuni Toshkent dehqon bozorlarini aylandi. Bosh vazirning poyqadami hali bozorlar ostonasiga yetmasdan narx-navolar tashlab yubordi. Bozor xo‘jayinlari vazirning “nega bozorda narxlar buncha baland?” deyishidan qo‘rqib, narx-navoning popugini vaqtincha pasaytirib qo‘yishdi.

O'qishni hohlamaysizmi? Unda maqolaning audiosini eshiting:


Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev bozorlarga tusharmish, degan xabar bir kun oldin Toshkentdagi barcha bozorqo‘mlar qulog‘iga yetib bordi. Shahardagi barcha dehqon bozorlari shu kuni narx-navoni vazir bir-ikki oy avval belgilab bergan narx darajasiga tushirdi. Biroq Bosh vazir ba‘zi bozorlarga bordi, ba‘zilariga bormadi.

Bosh vazir Beshyog‘och, Qo‘yliq va Eski jo‘va dehqon bozorlarini aylandi.

Bosh vazir tashrifidan so‘ng Eski Jo‘va bozori direktori ishdan olindi. Eski Jo‘va bozor ma‘muriyati bu xabarni Ozodlikka tasdiqladi.

Mirobod dehqon bozori ham vazir kelishiga “tayyorgarlik” ko‘rgan edi. Yaxshi mol go‘shtining narxi 7000 so‘m qilib belgilab yozib qo‘yildi. Biroq Bosh vazir bu bozorga kirmadi. Bozorning o‘z ismini bildirmagan xodimlaridan biri bozorda ikki xil narx borligini tasdiqladi:

- Go‘shtni suyagi bilan 7000 so‘mdan sottirayapmiz. Tirik baliq 4500 so‘m.

Ozodlik: Hozir ham shunday-a?

- Ha, shunaqa narx-navo.

Ozodlik: Bo‘lmasa narxlar tushib qolibdida.

- Go‘sht ichkaridachi, 10500 bo‘layapti. Bilsangiz, TZPga, nalogoviyga buyruq berilgan. Shunga hozir suyak qo‘shib 7000 so‘mdan sotilayapti. Bundan bu ëg‘iga shunaqa zadaniye beribdi vazir.

Ozodlik: Bundan ortiq bo‘lmasin debmi?

- Ha. Kecha qancha nalogovoylar, Eski jo‘vaning direktorini ishdan olibdiyu.

Ozodlik: Sizlar go‘shtni arzon qilagningiz bilan qoramol bozorda qimmatku?.

- Qimmatda endi, nima qilaylik. Bilmayman, hozircha shu narsa buyruq berilayapti, qilinayapti. Arzonroq mol topiladida,- deydi bozor xodimlaridan biri.

Endi qassoblar va bozor ma‘muriyati arzon mol istashga majbur. Bo‘lmasa Bosh vazirning aytganini qilmasa¸ Eski Jo‘va bozorqo‘mining kuni boshiga tushishi aniq.

Biroq arzon molning o‘zi bozorda yo‘g‘u. Bozor iqtisodiyotining o‘zi narx-navoni shunga to‘g‘irlab qo‘ygan bo‘lsa. Kim o‘z molini zarariga sotishni istaydi?

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida qassoblik qilayotgan Muhammadjonga ko‘ra, hukumatning bunday tadbiri shu yilning yoz oyida bir joriy qilingan edi, biroq ish bermadi:

- Bizda bu o‘tib ketdi. Iyun oyida bo‘lgan edi. “7000 so‘mdan sotasizlar”, dedi. Bir oy 7000 so‘mdan sotdik. Shu bilan mol to‘g‘ri kelmadi. Yana oshib ketdi. 15 kun bekor qoldik. Keyin narx yana joyiga tushib oldi,- deydi sirdaryolik qassob Muhammadjon.

Toshkentning Hamza tumanida istiqomat qiladigan Abduqahhor Musayevga ko‘ra, bozordagi narx-navoni sun‘iy ravishda tushirish hech qaysi zamonda o‘zini oqlamagan. Yetishtirilayotgan mahsulotga sarflangan sarf-xarajat o‘zini oqlab, undan foyda qolmasa, hech kim tadbirkorlik qilmaydi, bu isbot talab etmaydigan aksioma, deydi Abduqahhor aka.

- Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, yem voobshe qimmat. Agar molboqarlardan so‘rasangiz, o‘sha puliga to‘g‘ri kelayaptida molni yetishtirib sotish uchun. Bir kilo sheluxa 400 so‘m. Bir kilo kepak 300 so‘m. Jo‘xori 700 so‘m. Kunjara bilan shrotning o‘zi tagi yo‘q. Mutlaqo to‘g‘ri kelmaydida. Bu narx juda realniy yemning hisobida. Ko‘zbo‘yamachilar minbarga chiqib olib vaysayvyeradi,- deydi Abduqahhor Musayev.

Toshkentlik Abdumannon Xoljo‘rayev hukumatning bozorlardagi bunday o‘yinlarini “lo‘ttivozlik” deb atar ekan, odamlar allaqachon bunday o‘yinlarga ko‘nikib qolganligini qo‘shimcha qiladi.

- Ikki xil narx bor bozorda. Sennik qo‘yilgan, lekin o‘sha sennikka qarab go‘sht bermaydi ëki kam beradi. “Endi aka bu buyruq bilan qo‘yilgan narsa”, deb ochig‘ini aytadi. Farhod bozori qoshida Torgovo Zakupochniy Predpriyatiye (TZP), degan firma ochilibdi. O‘shaning direktori Bahodir Ergashev degan ekan. Bevosita shu odam bilan gaplashdim. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari bo‘yicha narx ikki xil edi. Masalan, piëzga 250 ëzib qo‘yibdida, 300-350dan sotayapti. Kartoshkaga 400 ëzib qo‘yibdida, 600dan sotayapti. Qiziqib, shularni borib surishtirdim. TZPning direktori “Yo‘q, shunchadan sotiladi”, dedi va men bilan prilavkaning ëniga keldi. Kelib “Bularga ana shu narxda beringlar”, deb ketdi. Ya‘ni surishtirganim uchun menga. Farhod bozoridagi qog‘ozlarda mol go‘shti 7000dan oshmagan. Qo‘y go‘shti 8000 so‘m. Lekin mol go‘shti 12 mingdan, qo‘y go‘shti 16 mingdan sotilayapti.

Bilasizmi bu nima? Bu lo‘ttibozlik! Buni xo‘jako‘rsin, deb ham bo‘lmaydi. Chunki xo‘janing o‘zi yo‘qku. Mana masalan, men oddiy xaridorman. Ko‘rib turibmanku kundalik narxni. Ë buni Shavkat Mirziëyev bilmaydimi? Biladi. juda yaxshi biladi. Bu bozordagi kundalik savdodagi lo‘ttibozlik. Keyin u televizorga tushirish uchun ëki doim Axborotda jannatmakon qilib ko‘rsatish uchun beriladigan narsalar. Bu matbuot maddohligining bir belgisi,- deydi toshkentlik Abdumannon Xoljo‘rayev.

Unga ko‘ra, Bosh vazir talab qilgan narx-navo u bozorlarga kirib chiqquncha zo‘rg‘a chidab turdi. Bosh vazir bozordan chiqqanidan so‘ng narxlar yana "erkin nafas" ola boshladi.

Biroq juda ham erkin emas. Har holda mahsulotlar yorliqlariga yozilgan narxlarda hamon shaklan qisilib, yozilib turibdi.
XS
SM
MD
LG