Линклар

logo-print

Bahodir Qo‘chqorov: "Yoshligimda sho'h bo'lganman"


O‘shlik referi o‘zbekistonlik hamkasblari bilan Janubiy Koreya va Yaponiya o‘rtasidagi o‘yinga hakamlik qiladi

O‘shlik referi o‘zbekistonlik hamkasblari bilan Janubiy Koreya va Yaponiya o‘rtasidagi o‘yinga hakamlik qiladi

O‘shlik futbol hakami Bahodir Qo‘chqorov Janubiy Koreya va Yaponiya o‘rtoqlik uchrashuviga o‘zbekistonlik hamkasblari bilan referilik qiladi. Jahon chempionatida Ravshan Ermatov hakamlik guruhida besh o‘yinda qatnashgan Qo‘chqorov safar oldidan Ozodlikka qanday qilib jahon miqyosidagi referi darajasiga ko‘tarilgani haqida gapirib berdi.

O'qishni hohlamaysizmi? Unda maqolaning audiosini eshiting:


O‘shlik referi Bahodir Qo‘chqorov bilan Bishkekdagi ko‘p qavatli uylardan birida ushrashdik. Bir zumda o‘zbekona dasturxon yoyilib, paxtagul choynakda choy damlandi. Xonaning bir chetida o‘rta kattalikdagi yo‘l jomadoni, noutbuk, hamda bug‘doy talqonidan tayyorlanadigan qirg‘iz milliy ichimligi – jarma to‘ldirilgan idishlar. Bu ichimlik Bahodir akaning hamkasbi o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov uchun tuhfa.

- Shoro bilan Tanni yaxshi ko‘radi. Ravshanga olib ketayapman. Dudlangan forel balig‘ini yaxshi ko‘radi. Quruq bormayman xech qachon, deydi qirg‘izistonlik hakam.

Safarga tayyorgarlik ko‘rayotgan Bahodir akadan bu safar qayerga ketayotganini so‘radik. Bir piyola choy ustida suhbat qilar ekanmiz, Bahodir akaning bir ko‘zi televizordagi futbol o‘yinida.

- Bugun Toshkentga uchaman. Toshkentdan Ravshan, Abdulhamid Rasulov bilan indinga Janubiy Koreyaga uchib ketamiz. U yerda terma komandaning o‘rtoqlik uchrashuvi bor Yaponiya bilan. Shuni o‘tkazamiz. Safardan 14 oktabrda qaytamiz. 17 oktabrda Osiyo chempionlar ligasining yarimfinal matchi bo‘ladi. Uni Saudiya Arabistonida, Riëdda o‘tkazamiz.

Qirg‘izistonga jahon chempionatidan qaytganidan so‘ng Bahodir aka bir hafta dam olib, yaqinlarini ko‘rib, keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik boshlaganini aytadi.

U Qirg‘iziston chempionatining birinchi va oliy ligasiga ham hakamlik qilmoqda.

O‘zining qanday qilib jahon miqyosidagi futbol o‘yinlariga hakamlik qilish darajasiga yetgani haqidagi savolimizga Bahodir Qo‘chqorov bunday javob berdi.

- Futbol maktabida trener bo‘lib boshlaganman. 60-90 rubl olar edim. Erta uylanganman. U pul yetmas edi. Undan tashqari o‘yinchi bo‘la olmadim. Keyin o‘g‘il bolaning tanishlari ko‘p, “do‘stlari, dushmanlari ko‘p”, deganlaridek. Uning ustiga maktabda juda sho‘x bo‘lganman. “Xayotda o‘zini topa olmaydi”, deb ko‘pchilik ishonmagan. Balkim shu sababli men tirishib, isbotlamoqchi bo‘lgandirman. Keyin shans bo‘ldi, faqat ishlash. O‘qituvchilarim, ota-onam to‘g‘ri yo‘nalish bergani uchun shu darajaga yetdim, deb o‘ylayman.

Jahon chempionati o‘yinlaridan eng esda qolgani Bahodir aka fikricha, bu birinchi navbatda shu chempionatda qatnashgani.

- Ikkinchidan, birinchi ochilish o‘yini. “Ochilishni qanday boshlasang, yopilish ham shunday bo‘ladi”, deyishadi futbolda. Men o‘ylaymanki, birinchi o‘yin hayotda esimdan chiqmaydi. Ochilishni chiroyli boshladik. Hamma xursand, muammo yo‘q. Shu o‘yin esimdan chiqmaydi. Hozirgacha minut-minutigacha esimda bor. Yana biri - Argentina va Germaniya o‘yini. Juda qattiq jismoniy o‘yin bo‘lgan. O‘yinlarning hammasi qiyin. Hatto o‘zimizni chempionatdagi birinchi va oliy ligada ham,- deya jahon chempionatidan qolgan xotiralarini eslaydi Bahodir Qo‘chqorov.

O‘shlik Bahodir Qo‘chqorov yoshligidan to‘p tepib, katta bo‘lganini aytadi. Keyinchalik harbiy xizmatda ham futbol o‘ynagan. Bahodir aka 90-yillarda O‘shga qaytadi, lekin o‘sha paytda O‘sh voqealari enidi tinchigan bo‘lsa-da, vaziyat futbol o‘ynashga imkon qoldirmagan edi. Sevimli o‘yinida uzoqlashmaslik uchun Bahodir Qo‘chqorov yigirma yildirki, futbol hakami sifatida ishlamoqda.

- Bir paytlar katta otam aytar edi, “o‘g‘il bola yo‘lida ikkita narsa esingdan chiqmasin. Biri yomon, sho‘x noming chiqadigan yo‘lga yursang bo‘ladi. Sport orqali esa pul topa olmaysan, lekin obro‘ topasan”, degan gapi bor edi. Shunga hech ishonmas edim. Bundan ikki-uch yil oldin bu gapga ishondim. Puli haqiqattan unchalik emas, lekin hurmat izzat o‘shanchalik. Yaxshi o‘yinchi bo‘la olmagan bo‘lsam, balkim jindek yaxshi hakam bo‘lgandirman, deydi miyig‘ida kulib o‘shlik hakam Bahodir Qo‘chqorov.

30 sentabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tunbayeva Bahodir Qo‘chqorovga “Qirg‘iziston jismoniy tarbiya va sporti xizmat ko‘rsatgan xodimi” unvonini berdi. Bu unvon O‘shdagi uyini to‘ldirib tashlagan faxriy yorliqlar va guvohnomalar qatoridan o‘rin olgan.

O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qatar davlatlaridan o‘shlik hakamga ish taklif etishgan. Bu takliflarni rad etgan Bahodir Qo‘chqorov ayni paytda Qirg‘izistonda bir nechta yoshlarni shogird qilib olib, hakamlikka tayyorlamoqda.
XS
SM
MD
LG