Линклар

“Islom va musulmonlar” dasturining bu sonida yaqinda internetda paydo bo‘lgan videofilm haqida bo‘ladi. Bu filmda 15 yil muqaddam Toshkent aeroportida g‘oyib bo‘lgan Abduvali qori Mirzayevga nisbatan huquq-tartibot idoralari ta‘qib-tazyiqlari haqida gap boradi.


“Youtube.com” sayti e‘lon qilingan “Zanjirband killer” nomli videofilm, bizga kelgan ma‘lumotlarga ko‘ra, shu kunlarda O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi dindorlarning ham qo‘llariga yetib borgan va kichik-kichik qismlarga bo‘linib, qo‘l telefonlarida tarqalgan.

O'qishni hohlamaysizmi? Unda maqolaning audiosini eshiting:


15 yillik sukunatni buzgan “iqrornoma”


Videofilm qahramoni, o‘zini 1979 yilda Qirg‘izistonning O‘sh viloyati, Laylak tumanida tug‘ilgan Xayrulloxo‘ja Qodirxo‘ja o‘g‘li, deb tanishtirgan yigit o‘zining 13-14 yoshligidan Andijon viloyatidagi ba‘zi mahalliy imomlar vositasida O‘zbekiston maxsus xizmatiga ayg‘oqchi bo‘lib yollangani va oxir-oqibat maxsus xizmatlarning yollanma qotiliga aylanganini so‘zlab beradi.

Kamera qarshisiga yolg‘iz o‘tkazib qo‘yilgan Xayrulloxo‘jani kamera ortida turgan noma‘lum shaxs so‘roq qiladi.

Kadr ortidagi tiniq va rovon nutq bilan matn o‘qigan yana bir ovoz sohibi bu josusga yuklangan asosiy vazifa O‘zbekiston islomiy harakati yetakchisi, endilikda marhum Tohir Yo‘ldoshni o‘ldirish edi, deb taqdim qiladi.

Hech bir qiyin-qistovsiz, o‘z ixtiyori bilan qilgan jinoyatlariga iqror ekanini aytgan Xayrulloxo‘ja Qodirxo‘ja o‘g‘li o‘z faoliyatini andijonlik taniqli imom, 1995 yil 29 avgust kuni Toshkent shahar aeroportidan o‘g‘irlab ketilgan Abduvali qori Mirzayevni mahv qilishdan boshlaganini hikoya qiladi.

- Men kichkina ësh bola edim. Abduvali qori akaning xaëllariga ham kelmasdi bu. "Jomiy" masjidi, ya‘ni Abduvali qori akaning o‘ziga qarshi, mana shu Abduvali qori aka yo‘qolguncha agentlik faoliyatini qilganman. Keyin "Jomiy" masjidi ëpilguncha jomega qarshi agentlik qilganman.

Xayrulloxo‘ja 12 yoshidan boshlab, keyingi 7 yil davomida Andijon shahridagi Aburahmon Jomiy nomli masjid va uning imomi Abduvali qori Mirzayevga qarshi josuslik qilgani, xususan, 1993 yilning qishida Mirzayevlarning uyiga o‘t qo‘yishda ishtirok etgani va 1995 yilda Abduvali qorining Moskvadagi Xalqaro Islom anjumaniga borish uchun Toshkentga yo‘l olganini ham maxsus xizmatlarga ma‘lum qilgan 4 kishilik josuslar guruhi tarkibida bo‘lganiga ham iqror bo‘ladi.

Keyin esa u Abduvali qorining tergovida ishtirok etgani haqida so‘zlaydi.

- Avval Abduvali qori akadan so‘radi tergovchi: “Xayrulla Sultonovni taniysizmi? Mana shuni taniysizmi?”, deb shunday savollarni berdi. “Ha, taniyman” dedi. “Sizning bu bilan oldindan dushmanchiligingiz ëki bir narsangiz bormi bu bilan?”, dedi. Abduvali qori aka “yo‘q”, dedi. Men uncha yuzlariga qaray olmayapman endi. Sababi o‘zimni g‘alati, boshqacha his qilyapman.

Agar so‘zlariga ishonilsa, Xayrulloxo‘ja o‘sha vaqtlarda 16 yoshlardagi o‘spirin bo‘lgan va “qori aka, qori aka”, deb uni erkalab yurgan ustoziga qarshi tuhmat qilib, 3 ta jiddiy ayblov: jihodga da‘vat qilganlik, hijratga da‘vat qilganlik va hukumatga qarshi qurolli isyon qilib, Islom davlatini qurishga da‘vat qilganlik ayblovlarini ilgari surgan.

- Birinchi jihod to‘g‘risida gapirganda, tergovchi Abduvali qori akadan so‘rayapti. “Siz iqrormisiz mana shu gaplarni gapirganingizga?” U kishi kallasini qimirlatib, iqror bo‘lib turibdi. Menga endi ovozlari uncha yaxshi eshitilmayapti. Jihod va hijrat to‘g‘risida gapirgan, deganlarimga iqror qildilar. Ya‘ni, kallasini qimirlatdilar. Oxirgi uchinchi tuhmatimda esa keskin rad qilib, boshlarini qimirlatdilar.


(Bu video “Zanjirband killer” nomli filmdan parchadiir. Unda so‘zlayotgan o‘zini Xayrulloxo‘ja Qodirxo‘ja o‘g‘li, deb tanishtirayotgan yigitning shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lgani yo‘q. Ozodlik tahririyati.)

Xayrulloxo‘ja shu bo‘yicha Abduvali qori Mirzayevni o‘zi ham, boshqalar ham ko‘rmagani va bu tergov o‘ta maxfiy tarzda Andijonda olib borilganini gapirib beradi.

Ya‘ni, uning so‘zlariga ko‘ra, Abduvali qori 1995 yilda avgustda Toshkent aeroportida maxsus xizmatlar tomonidan qo‘lga olingan va keyinchalik Andijonga olib kelingan. Tergov va so‘roq vaqtida Xayrulloxo‘ja Qodirxo‘ja o‘g‘li ham ishtirok etgan va Abduvali qori Mirzayev, so‘zlab berilgan tergov tafsilotlari mazmuniga ko‘ra, O‘zbekistonda hukumatni qurolli yo‘l bilan ag‘darib, o‘rniga Islom davlati qurishga urinishda ayblangan.

Videoqissa bir necha qismdan iborat bo‘lib, uning birinchi qismidagina Abduvali qori Mirzayev haqida gap boradi. Keyingi qismlarda josusligiga iqror bo‘lgan Xayrullo Sultonov Andijon shahridan keyin Rossiyaning Surgut oblastiga borgani, keyin Afg‘oniston va Pokistonga o‘tgani va u yerdagi qilmishlari haqida uzundan uzoq hikoya qiladi.

Biroq, biz bu videofilmning kelib chiqishi va undagi voqelikka oid ma‘lumotlarni to‘liq o‘rganish imkoniga ega bo‘lmaganimiz sababli uning davomiga to‘xtalmadik.

“Zanjirband killer”ning oilasi muttasil ta‘qib ostida

Aniqlaganimiz shu bo‘ldiki, Xayrullo Sultonov, degan beshkentlik yigit bo‘lgan va hozirgi kunda Laylak tumanida yashayotgan oilasi Xayrulloning qayerda ekanini bilmaydi.

Xayrullo Sultonovning oila a‘zolari bilan suhbatlashishining imkoni bo‘lmadi.

Laylak tumanida istiqomat qiladigan suhbatdoshimiz Usmonjon akaga ko‘ra, bu oila muttasil kuzatuv ostida va Xayrulloning o‘zi 1998 yillardan buyon bedarak ketgani bois har qanday ommaviy axborot vositalari bilan muloqotdan qochadi.

Ammo, ular bilan bo‘lgan suhbati asosida Usmonjon aka bizga mana bularni so‘zlab berdi.

- Haqiqatan yoshligidan Andijonga o‘qishga olib borilgan ekan bu bola. Otasi olib borib qo‘ygandan keyin orada o‘qib yurib, bir uyiga kelar ekan. Kelgandan keyin yana masjidga qatnab yurib, Ramazonda xatmni ham o‘tagan ekan. Shunday deb aytishayapti.

Shunday bo‘lib-bo‘lib, keyin bu bola Rossiyaga ketar ekan. Rossiyaga borib ishlagandan keyin Rossiyadan kelib, oila-a‘zolarining aytishicha, Arabistonga ketgan. Ikkita ukasi, bitta akasi bor ekan. Otasi kasal bo‘lib, davleniye bo‘libmi, insult bo‘libmi, shunday bo‘lib xullas shu kasallik bilan olamdan o‘tar ekan Abduqodir aka.

Buning ikkita ukasi uylangan ekan. Bu bola hali uylangani yo‘q ekan. Shundan beri qaytib kelgani yo‘q ekan. Oilalarida “Arabistonga ketgan”, deb aytishdi, deydi Usmonjon aka.

Yana takrorlaymiz, garchi, “Jundulloh” studiyasi “zanjirband” qilingan MXX josusi, deb taqdim qilgan Xayrullo Sultonov, degan yigit borligi norasmiy bir tarzda aniqlagan va uning yaqinlari bilan bilvosita muloqot o‘rnatganimizga qaramasdan, biz “Zanjirband killer” videofilmida tilga olingan voqelikni tasdiqlash yohud inkor qilish, uni muhokama qilish maqsadida emasmiz.

Faqatgina uning Farg‘onada paydo bo‘lgan qisqagina qismi mazmuni – Abduvali qori Mirzayevga doir qismigagina oydinlik kiritishga urinib ko‘rdik.

“Zanjirband killer” iddaolari xususidagi shubhalar

1995 yilda sirli tarzda o‘g‘irlanganidan buyon — yaqinlari va safdoshlarining qat‘iy ta‘kidiga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan o‘g‘irlanganidan buyon — Abduvali qori Mirzayev haqida mutlaqo hech qanday ma‘lumot yo‘q.

O‘zbekistonda esa, bu kishi haqidagi ma‘lumotga tashna kishilar soni ko‘pchilik.

Toshkent aeroportining bojxona va pasport nazoratidan keyingi samolyot trappiga qadar bo‘lgan oralig‘ida sirli tarzda g‘oyib bo‘lib qolganidan keyin Abduvali qori Mirzayevning taqdiri qanday kechgani haqida biror aniq ma‘lumotimiz yo‘q.

Ammo, uning MXX tomonidan o‘g‘irlangani, hozir hayot ekani va qamoqxonada saqlanayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi mavjud rasmiy va norasmiy ma‘lumotlarga biroz so‘ngra to‘xtalamiz.

Hozir esa “Zanjirband killer” so‘zlab bergan ma‘lumotlar xususida.

Abduvali qori Mirzayev yonida yillar davomida yurgan maslakdoshlar va shogirdlardan ba‘zilarining so‘zlariga ko‘ra, Xayrulla Sultonov tilga olgan ma‘lumotlarda jon bor, ammo, bu ma‘lumotlar keltirilgan vidofilmning, “Judulloh” studiyasi iddao qilgani kabi, Olloh yo‘lidagi xolis xizmat uchun hozirlgani shubhalidir.

Eshittirishni tayyorlash asnosida Abduvali qorining qarindoshi bo‘lgan, uning qo‘lida ta‘lim olgan yoki shunchaki u kishining ma‘ruzalarini tinglab ko‘rgan kishilar bilan suhbatlashdik.

Aksari xorijda bo‘lishiga qaramay, suhbatdoshlarimizning deyarli hammasi ismi va manzilini oshkor qilmasligimizni qattiq iltimos qildi. Shu bois ularga shartli ismlar qo‘ydik.

Dastlab, Abduvali qorining yonida yurganini iddao qilgan Xayrulloni ko‘rgan bormi, deb so‘raganimizda, Mirzayevning yonida 10 yildan ortiqroq yonma-yon yurganlar orasida ham “ha”, deb javob bergani bo‘lmadi. Ammo, shunday yoshgina josus bolalar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini hech kim ehtimoldan soqit qilmadi.

Ammo, “Zanjirband killer” monologidagi yana bir muhim jihat — u kishiga qo‘yilgan ayblovlar haqida bildirilgan munosabatlar biroz farqli bo‘ldi.

Xayrulla Sultonov Abduvali qoriga qarshi tergovda ishtirok etganini aytar ekan, o‘zi “tuhmat”, deb atagan va MXX tomonidan tayinlangan uchta ayblovni ilgari surganini aytgan: hijrat, jihod va qurolli yo‘l bilan hokimiyatni ag‘darib, Islom davlati qurishga da‘vat qilish.

Muhimi, Xayrulloxo‘janing so‘zlariga ko‘ra, bularning dastlabki ikkitasiga Abduvali qori iqror bo‘lgan, uchinchisini inkor qilgan.

Aslida “Zanjirband killer”ning Abduvali qorini tanigan va bilganlar uchun shubhali tuyulgan joyi ham shunda — film mazmunidan Abduvali qori baribir ham jihodga va hijratga da‘vat qilgan, degan ma‘no kelib chiqmoqda.

“Abduvali qori tugun emas, savobni olishga da‘vat qilgan”

Abduvali qori bilan 10 yilga yaqin hammaslak bo‘lgan va u kishidan ilm olgan vodiylik suhbatdoshimiz Abubakr aka biz bilan suhbatda buni to‘liq inkor qildi.

- U vaqtda kengchilik bo‘lgan. Islom an‘analarini qilaman degan odamlar bemalol bajarib yurgan. U vaqtda hijrat qilishlikka da‘vat qilishligi umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmasdi, Abduvali qori akaning davrida. Islomiy nuqtai nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, u vaqtning sharoitiga ët narsa edi hijrat qilishlik. Jihodga ham da‘vat qilgan emas. Chunki Abduvali qori aka Qur‘ondan tafsir qilardi. Qur‘ondan tafsir qilganda, “Tavba” surasiga kelganda, “Tavba” surasi ko‘proq jihod oyatlarini o‘z ichiga olganligi uchun bu surani tafsir qilmasdan o‘tib ketgan. Hozirku albattayu, ana shu vaqtda ham hattoki vaziyat ko‘tarmas edi shu narsani. Chunki ochiqdan-ochiq uni tafsir qilmaydigan bo‘lsa, bu tafsir ilmiga, Qur‘ondagi ilmga, zid bo‘lib qolardi. Ochiq aytadigan bo‘lsa, u vaqtda sharoit ko‘tarmas edi. U kishi o‘zini vahhobiy, deb bilmasdi ëki vahhobiy oqimiga birovni da‘vat qilgan emas. O‘zining bilganicha shu oyat, hadisdan tafsir qilib, sharhlab berib, dindagi yo‘q narsalarni aytgandan keyin o‘zining shaxsiy manfaatlarida ishlatganlarga bu ëqmagan. Nikohga boradigan bo‘lsa, nikoh qilsa ëki birovning janozasini o‘qiydigan bo‘lsa, “nikoh o‘qiganning savobini ëki janoza o‘qiganning savobini bitta tugunga almashtirmaslik kerak”, deb shunga targ‘ib qilganligini bilaman.

Ozodlik: Uni qanday tushunish kerak? Tugunni olmaslik kerak deganimi bu?

- Tugunni olmasdan savobni olib ketavyersin degani. “Tugun uchun bormasin”, degan narsaga da‘vat qilgan deb bilaman, deydi Abduvali qori bilan 10 yilga yaqin hammaslak bo‘lgan va u kishidan ilm olgan vodiylik suhbatdoshimiz Abubakr aka.

“Abduvali qori dinni siyosat va kayfiyatga moslashtirmagan”

Yana bir suhbatdoshimiz – Abduvali qori masjidida 4 yildan ortiq tahsil olgan Usmon akaning so‘zlariga ko‘ra ham Abduvali qori o‘z ma‘ruzalarida jihoddan gap boruvchi “Tavba” surasini tafsir qilmagan. Ammo, buning boisi boshqa bo‘lgan.

- Yo‘q, tafsir qilganlarida Qur‘ondan 12tami, 10tami porani tafsir qilganlar, xolos. Qolganiga mana 1995 yil yo‘qolganlari uchun ulgurmagan. Chunki u kishini olib ketishdiyu, deydi Abduvali qori masjidida 4 yildan ortiq tahsil olgan Usmon aka.

Biroq jamoatdan savol tushgan kezlarda va alohida oyatlar tafsiriga to‘g‘ri kelgan kezlarda agar jihod va hijratdan gap borsa, Abduvali qori bu harakatlar hukmi “Qur‘on”da qanday bo‘lsa, shundayligicha, hech bir o‘zgartirishsiz, yumshatish yohud keskinlashtirishsiz gapirishga harakat qilgan.

Boshqacha aytilsa, dinni siyosiy vaziyatga yohud uning so‘zlarini tinglayotgan minglab olomonning kayfiyatiga moslashtirmagan.

“Qur‘on”da jihod yohud hijrat haqida nima deyilgan bo‘lsa, shundoqligicha sharhlashga harakat qilgan.

“Abudvali qorini vahhobiyga chiqargan hukumat va hasadgo‘y imomlardir”

Agar Xayrullo Sultonovning so‘zlari rost bo‘lsa, Abduvali qorining hijrat va jihod haqida gapirganini tan olgani shundan bo‘lishi ham mumkin, deya taxmin qiladi yana bir suhbatdoshimiz — Abduvali qorining yaqin safdoshlaridan biri Umar aka.

- Men shunday, deb javob bera olamanki, u kishi Qur‘onda, hadisda bor gapni gapirgan. Biror-bir tomonga urg‘u berib gapirmagan. Jihod oyatlarini o‘shanday tarjima qilgan. Hijrat oyatlarini Qur‘onda qanday bo‘lsa, o‘shanday tarjima qilgan. Bir tomonga urg‘u berib, “Hijrat qilish kerak. Jihod qilish kerak”, degan gaplarni aslo gapirmagan. Faqat Xudoning buyrug‘ini yetkazgan, Payg‘ambarning sunnatini yetkazadigan odam edi u kishi. Ya‘niki, “dinni sof holida haëtimizga tadbiq qilaylik”, deb. Ya‘ni “Savobli ish bo‘lsa, savobli ish yo‘lida haq olinmasin. Savobni Ollohning o‘zidan kutilsin”, degan mav‘izalarni ko‘p eshitganmiz. Ba‘zi bir imomlar shunga mubtalo bo‘lgandiku. Bundan xabaringiz bor. Ya‘ni o‘sha tugunga, pulga hirs qo‘ygan imomlar bo‘ladi albatta. Odamlar har xilku. Imomlar ham har xil. Ëqmagan o‘shalarga. Shuning uchun “Bular vahhobiy va hokazo”, deb nomlar qo‘yilishga sabab bo‘lgan deb o‘ylayman.

Ozodlik: Ya‘ni vahhobiylik nomini Abduvali qoriga hukumat emas hasadgo‘y dindorlar qo‘ygan bo‘lishi mumkin?

- Har tomonlama bo‘lgan bo‘lsa kerak. Hasadgo‘y imomlar, hukumat ham qo‘ygan bo‘lishi mumkin, deydi Abduvali qorining yaqin safdoshlaridan biri Umar aka.

Biroq barcha suhbatdoshlarimiz Abduvali qori ma‘ruzalarida qurolli isyon yohud amaldagi hukumatlarga qarshi jihoddan gap bormagan, degan fikrda yakdil bo‘ldilar.

Abduvali qori Mirzayev yo‘qolganidan 15 yil o‘tib paydo bo‘lgan va suhbatdoshlarimiz shubha bilan e‘tirof etganidek, har bitta voqelikka mos fotosuratlar hamda videotasvirlar bilan boyitilgan “Zanjirband killer” qissasi haqida qorining yonida yurgan va shuning uchun hozirga qadar muttasil ta‘qib va tazyiqlarni boshdan kechirayotgan suhbatdoshlarimizning munosabatlari shunday bo‘ldi.

Ammo, bu qissa haqida yakuniy bir xulosani chiqarishdan ularning barchasi tiyildi. Albatta, bularning barchasi Abduvali qori Mirzayevning tarafdorlaridir. Umar aka aytganidek, bu kishining tanqidchilari ham bor va "Islom va musulmonlar" eshittirishining kelgusi sonlarida aynan ularga mikrofon tutish harakatidamiz.

O‘zbekiston MXX: “Abduvali qoriga oid tergov to‘xtatilgan”.

O‘zini MXX ayg‘oqchisi edim, deya tanishtirgan va O‘zbekiston islomiy harakatining "sha‘riy mahkamasida" iqrorlik ko‘rgazmalarini bergan Xayrullo Sultonov borasida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati munosabatini ham so‘radik.

Milliy xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Olim To‘raqulovdan, shuningdek, o‘z vaqtida Abduvali qoriga nisbatan sirtdan e‘lon qilingan va vaqtincha to‘xtatilgan tergov ishi haqda ham so‘radik.

- Bo‘lmagan gaplar. Buni o‘sha videoqissani yasagan odamlardan so‘rang. Boshqa hech narsa ayta olmayman.

Ozodlik: Abduvali qoriga nisbatan vaqtincha to‘xtatilgan tergov ...

- O‘sha paytda aytgan javoblarim hammasi to‘g‘ri. Boshqa hech narsa qo‘sha olmayman.

Ozodlik: O‘zgarish bo‘lmagan-a undan keyin?

- Yo‘q, dedi O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Olim To‘raqulov.

MXX matbuot kotibi 2005 yilda Ozodlikka bergan intervyusida: “Abduvali Mirzayevga 1999 yil 15 may kuni Bosh prokuratura tomonidan bir necha moddalar bo‘yicha sirtdan ayblov va qidiruv e‘lon qilingan. 2001 yilda ayblanuvchining qayerda ekani noma‘lum bo‘lgani sababli tergov harakatlari vaqtincha to‘xtatilgan. Yana takror aytaman, uni MXX xodimlari o‘g‘irlab ketgan, degan iddaolar quruq tuhmatdan iborat”, degan edi.

Ammo, bu orada va undan avval ham minglab odamlar Abduvali qoriga ergashgani, undan tahsil olgani va hattoki, uni bilgani uchun ta‘qib qilindi, tazyiqlar ostida qoldi, qamoqlarga bandi qilindi.

Minglab dindorlar hijratga ketdi.

Yana minglab odam ishidan, o‘qishidan, yaqinlaridan ayrildi.

Boshqacha aytilsa, Abduvali qori Mirzayev nomi O‘zbekistonda 1991 yildan so‘ng dindorlarga nisbatn boshlanib ketgan o‘ta shavfqatsiz repressiyalarning avvali bilan bog‘lanadi.

Suhbatdoshlarimizdan biri e‘tirof etganidek, hukumat tomonidan xalqning diliga mislsiz qo‘rquv solishda qo‘llaniladigan “olabo‘ji”ga aylantirilgan Abduvali qori Mirzayevning o‘zi haqida esa mana 15 yildirki biror ma‘lumot yo‘q.

Faqat shu vaqtgacha tilga olingan bir-ikkita shov-shuvli bayonotlarni yana yodga olish mumkin.

Abdulquddus Mirzayev: “Abduvali qori MXX tomonidan o‘g‘irlangan!”

O‘z vaqtida qorining o‘g‘li Abdulquddus Mirzayev Abduvali qori shubhasiz MXX tomonidan o‘g‘irlangan va bu haqda mutlaqo aniq ma‘lumotlarimiz bor, mazmunida intervyu bergan edi.

Marhum Abdulquddus Mirzayev bu intevyuni 2007 yilda otib ketilgan o‘shlik jurnalist Alisher Soipovga bergan edi.

O‘sha intervyudan iqtibos:

“Abduvali qorini kimlar olib ketgani, Milliy Xavfsizlik Xizmatining (MXX) qaysi bo‘limi bu ishga boshchilik qilgani, bu amaliyotni shaxsan kim boshqargani, qanday rusumdagi mashinalarda olib ketilgani, dastlabki ushlab turilgan joylar, dastlabki tergov mazmunlari, dastlabki tergov qilgan shaxslar haqida to‘la, ishonchli ma‘lumotlarga egamiz.

- Ya‘ni, Siz dadangizning o‘g‘irlanish tafsilotlarini bilasiz, shundaymi?

- Abduvali qori Andijon aeroportidan Toshkentga 155-yo‘nalish bilan uchib boradi. Toshkentdan Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchmoqchi bo‘lgan. Barcha tekshiruv ro‘yxatlaridan va nihoyat pasport tekshiruvi – oxirgi tekshiruvdan o‘tib, samolyot trapi oldiga kelganda, MXX xodimlari tomonidan yana qo‘shimcha tekshiruv uchun olib ketilgan va shu bilan qaytib chiqmagan”.


Abdulquddus Mirzayev Haj safarida avtofojeadan vafot etgan 2007 yilning 26 sentabriga qadar dadasi Abduvali qori tirikligini aytib kelar edi. O‘limidan avval qurilgan bu suhbatda ham buni ta‘kidlagan edi.

Yana bir iqtibos:

“Hozir shu ishga aloqador odamlar, ularning ichida ham vijdoni qiynaladigan yoki pul uchun ishlaydigan odamlar bor, bizga shu kunga qadar dadamiz qanday holatda ekanini, juda aniq aytilmasa-da qaysi joylarda saqlanayotgani, xususan tergov mazmuni, tergov qilgan shaxslar haqida ma‘lumot yetkazib turishadi. Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir Abduvali qori O‘zbekistonda, Toshkent viloyatida saqlanyapti. Sog‘lig‘i yomonlashib, bundan 4-5 yil muqaddam xastalangan. Harbiy shifokorlar qarab, sog‘lig‘i tiklangan”.

Bu gap 2007 yilda aytilgan edi.

MXX sobiq josusi: “Abduvali qori degan shaxs tirik...”

Bundan avval 2003 yilda — O‘zbekiston qamoqxonasidan turib bayonot bergan mahbus Zayniddin Asqarov aytgan va u Abduvali qori turmada ekani va tirik ekani haqida shaxsan sobiq Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatovdan eshitganini aytgan edi.

Oxirgi ma‘lumotni esa 2008 yilda — O‘zbekistondan qochib chiqqani aytgan va o‘zini MXX ning sobiq josusi, deb taqdim qilgan Ikrom Yoqubovdan eshitgan edik.

- Milliy xavfsizlik xizmati tergov boshqarmasining xodimining gapiga qaraganda Abduvali qori degan shaxs tirik. Bir qo‘li kesib tashlangan va ahvoli og‘ir, degan edi 2008 yilda Ikrom Ëqubov.

Ammo, O‘zbekiston hukumatining kuch ishlatar idoralari — Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va prokuraturasi Abduvali qori Mirzayevning g‘oyib bo‘lgani hamda unga nisbatan O‘zbekiston Ommaviy axborot vositalarida tilga olingan ayblovlar borasida biror jiddiy rasmiy ma‘lumot bermagan.

Albatta, bundan tashqari yana ovozalar darajasidagi gap-so‘zlar ham bor.

15 yillik sukunatni buzgan ovozalar

Ovozalardan biriga ko‘ra, Abduvali qori 2003 yilda qamoqxona ichkarisida otuvga hukm qilingan va otib yuborilgan.

Yana bir ovozaga ko‘ra, 2006 yillarda xastalanib ancha quvvatini yo‘qotgan Abduvali qorini muxlislaridan biri bo‘lgan qozog‘istonlik bir tadbirkor katta pul evaziga o‘zbek generallarining biridan sotib olgan va Qozog‘iston orqali arab davlatlaridan biriga jo‘natib yuborgan.

Yana bir ovozada Abduvali qorini o‘sha 1995 yildayoq aeroportdan MXX yoki Ichki ishlar idorasiga olib bormay, Toshkent viloyatidagi bir chekka tumanga oborib so‘roq qilishgan va o‘sha yerda o‘ldirib yuborishgan.

Andijon viloyatida 2003 yillarda tarqalib ketgan yana bir ovozaga ko‘ra esa, Abduvali qori og‘ir betobligi uchun Andijon turmasiga olib kelingan.

Xullas, dasturni tayyorlash asnosida suhbatlashganimiz kishilardan bu kabi yana bir qancha ovozlarni eshitdik va takrorlaymiz, bularning barchasi tasdiqlamangan quruq gap-so‘zlardir.

Va albatta, bular Abduvali qori g‘oyib bo‘lganidan keyingi 15 yil ichida tarqalgan ovozalardan birozginasi, xolos.

Ana shu 15 yillik tanaffusdan so‘ng internetda paydo bo‘lgan “Zanjirband killer” qissasi, mabodo, asossiz ovozalardan yana biri bo‘lgan taqdirda ham, o‘zbekistonlik dindorlar, ayni paytda ko‘pchilik ziyolilar hamda o‘zbek muholifatining ko‘pchilik yetakchilari tomonidan birdek tan olinib, e‘tirof etilgan Abduvali qori shaxsiga bo‘lgan ulkan qiziqish bois endi Farg‘ona vodiysidagi dindorlarning qo‘llaridagi telefonlarda qo‘lma-qo‘l bo‘lmoqda.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG