Линклар

Karimov qutlovi ortida qanday ma‘no bor?


O‘zbekiston prezidenti qirg‘izistonlik hamkasbini saylovlar eson-omon o‘tib olgani bilan qutladi.

O‘zbekiston prezidenti qirg‘izistonlik hamkasbini saylovlar eson-omon o‘tib olgani bilan qutladi.

Bundan bir necha kun oldin O'zbekistin prezidenti Islom Karimovning Qirg'iziston prezidenti Roza O'tunboevaga parlament saylovlarini "barqaror va demokratik sharoitda" o'tgani bilan yo'llagan tabriklari haqida qisqacha ma'lumot bergan edik. Maqolaning so'ngida sizga, aziz mushtariyga savol bergan edik - "Bu tabrik xalqaro siyosatdagi oddiy protokol "mulozamati"mi, yoki rasmiy Toshkentning Qirg'ziston bilan yaqinlashishining alomatlaridan birimi?"

Bu ham savol bo'ldimi, ahir bu oddiy narsa-ku, deyishingiz mumkin, albatta. Lekin iyun oyida Qirg'izistonning O'sh va Jalolobod shaharlarida yuz bergan va asosan o'zbeklarning umri v moliga zomin bo'lgan mudhish voqealarni va Qirg'iziston parlament saylovlarida millatchilikni ochiqchasiga targ'ibot qilgan siyosiy partiyaning g'alaba qozonganini hisobga olsak, bu savollar O'zbekiston va o'zbeklar uchun o'rinliligi yaqqol ko'zga tashlanadi.

Bugun Ozodlik shu savollarga javob izlab bir qator siyosatshunos va tahlilchilar bilan suhbat qurdi:

O'qishni hohlamaysizmi? Unda suhbating audiosini eshiting:


O‘zbekistonlik tahlilchi Farhod Tolipovning fikricha, iyun fojeasi bo‘lmagan taqdirda ham, O‘zbekiston rahbari qo‘shnisini saylovdek katta siyosiy tadbirni o‘tkazib olgani bilan tabriklagan bo‘lardi.

- Chunki bunday yirik voqea har qanday mamlakatda bo‘lsa ham qo‘shni davlatlarni, daje uzoqdagi davlatlarning rahbarlari tabrik xatlarni, telegrammalarni yuborishadi. Men aminmanki, O‘tunbayevaga bitta O‘zbekiston rahbari emas balki boshqa davlat rahbarlari shu jumladan Rossiya prezidenti ham tabrik xatini yuborgan bo‘lsa kerak. Mening bunga shak-shubham yo‘q. Shuning uchun ham o‘sha tabriklarning orasida O‘zbekiston rahbarining tabrigini ajratib, qandaydir maxsus munosabatlarni izlash o‘rinsiz, deydi Farhod Tolipov.

Qirg‘izistondagi “Qabar” agentligining O‘zbekiston rahbari tabrigi to‘g‘risidagi 14 oktabr kungi xabar bergan.
Bunday degani bilan, o‘zbekistonlik tahlilchi Farhod Tolipov, O‘zbekiston rahbarining tabrigi oddiy tabrikkina bo‘lmasligi ehtimolini ham soqit qilmaydi.

- Ammo shu bilan birga biz bevosita qo‘shni davlatmiz. Qirg‘izistonda bo‘laëtgan voqealarga, o‘zgarishlarga biz hozir juda ham befarq emasmiz. Sinchkovlik bilan kuzatib turibmiz. Yaqindagina u yerda yashaëtgan o‘zbeklar bilan sodir bo‘lgan fojiali voqealar bizni ham tegib o‘tdi. Albatta O‘zbekiston Qirg‘izistonda bo‘laëtgan o‘zgarishlarni ustuvor yo‘nalish deb kuzatib kelayapti va bu ham tabiiy, deydi o‘zbekistonlik tahlilchi Farhod Tolipov.

Qirg‘izistonlik tahlilchi Mirsuljan Namazaliyevning fikricha, Karimovning tabrigi zamirida O‘tunbayevaga yuborilgan muayyan mujda ham yo‘q emas.

- Karimovning Qirg‘iziston sobiq rahbarlari bilan munosabatlari yaxshi bo‘lmagani hech kimga sir emas. Karimovning boshqa qo‘shnilari bilan munosabatlari ham buzilgan. Mana shunday sharoitda Karimov Qirg‘izistonning yangi rahbariyati bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatmoqchidir, deydi qirg‘izistonlik tahlilchi.

Mirsuljan Namazaliyevning fikricha, Toshkentning Bishkek bilan munosabatlarini nisbatan iliq ushlab turishga harakat qilayotganidan yana bir maqsadi bo‘lishi mumkin.

- Avvaliga qochqinlarni qabul qilib oldi, mana endi Qirg‘izistondagi demokratik o‘zgarishlarni olqishlagan bo‘layapti-ki, bularning hammasi boshqa mamlakatlarga, avvalo G‘arbga yo‘naltirilayotgan signallardir. Toshkent shunday yo‘l bilan G‘arb bilan bo‘lgan avvalgi munosabatlarini tiklab olmoqchi bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, deydi bishkeklik tahlilchi Mirsuljan Namazaliyev.

Moskvalik tahlilchi Sanobar Shermatovaning fikricha, Karimovning O‘tunbayevaga yo‘llagan tabriknomasi zamirida oddiy protokol majburiyatidan ko‘proq ma‘no bor.

Chunki O‘tunbayeva bilan Karimov o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar har joim ham yaxshi bo‘lib kelgan, der ekan, Sanobar Shermatova Roza O‘tunbayevaning 2005 yilgi inqilobdan keyin tashqi siyosat masalalariga mas‘ul arbob sifatida Toshkent bilan munosabatlarini yaxshilashga harakat qilganini eslab o‘tdi.

- 7 aprel voqealaridan (2010) keyin Qambarota-1 GESi qurilishi qo‘shni mamlakatlar rozi bo‘lgan taqdirdagina boshlanishi lozimligi to‘g‘risida bayonot bergan edi. Avvalgi prezident esa, bunday pozitsiyada bo‘lmagan edi.

Va O‘tunbayevaning bunday pozitsiyasi, albatta, Toshkentning nazaridan chetda qolmadi, albatta, o‘z bahosini oldi, dedi moskvalik tahlilchi Sanobar Shermatova.

Tahlilchidan, bas, Toshkent Bishkek bilan munosabatlarini, iyun fojeasiga qaramay kamida iliq ushlab turishga harakat qilayotgan ekan, unda nima uchun Karimov O‘shga bo‘lmasayam, hech yo‘q Bishkekka kelib qo‘ymadi, deb so‘radik va undan mana bu javobni eshitdik:

- Xohlamaysiz ekan-a! Shu kunda Qirg‘iziston boshqa davlatlar yetakchilarini qabul qiladigan ahvolda emas. Bu mamlakatda boshqa davlatlar rahbarlarini taklif qiladigan hokimiyat mana endi shakllanayapti, dedi moskvalik tahlilchi Sanobar Shermatova.

**
Ho'sh, aziz mushtariy, siz nima deb o'ylaysiz - Karimovning bu tabrigi ostida qanday ma'no bor?
XS
SM
MD
LG