Линклар

O‘zbekistonlik talabalar - O‘zbekiston "boshog‘rig‘i" emas!


O‘sh Davlat Univyersitetida yuzlab o‘zbekistonlik talabalar tahsil olar edi.

O‘sh Davlat Univyersitetida yuzlab o‘zbekistonlik talabalar tahsil olar edi.

Iyun fojeasi tufayli 1 sentabrda yangi o‘quv yilini boshlay olmagan O‘shdagi 4 ta oliy o‘quv yurtida yangi o‘quv yili 18 oktabr kuni boshlandi. Lekin o‘zbekistonlik talabalar O‘shga borgani yo‘q.

Mingga yaqin o‘zbekistonlik oilaga bevosita aloqador bu muammo o‘zi yechimini kutayotgani to‘g‘risida 27 sentabr kuni gapirgan edik.

O‘shdagi oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yili 18 oktabrda boshlanishini o‘shandayoq bilardik va shuning uchun maqolani mana bunday yakunlagandik:

"O‘shga qaytgisi kelmayotgan talabalar shu kunda Toshkentga yana bir marta murojaat qilib ko‘rmoqchi. Ular vazirlikka yana xat yozmoqchi".

Qayta-qayta qilgan murojaatlarimizga javob bo‘lmadi, deydi farg‘onalik talabaning otasi:

- Yo‘q, rasmiy javobning o‘zi yo‘q.

Ozodlik: Qariyb bir oy oldin gaplashganmiz. O‘shanda javob yo‘q edi. O‘shandan keyin nima o‘zgarish bo‘ldi.

- Hech qanday o‘zgarish yo‘q. Javob haligacha kelgani yo‘q, deydi farg‘onalik talabaning otasi.

Suhbatdoshimizning o‘g‘li O‘sh davlat univyersitetining tibbiyot fakultetida o‘qiydi. Bu yil u 5-kursda o‘qishini davom ettirishi kerak edi. Talabaning 18 oktabr kuni o‘qish boshlanganidan xabari bor. Lekin u O‘shga bormadi.

Talabaning aytishicha, o‘zi va univyersitetdoshlarining O‘shga bormayotganiga ikkita sabab bor.

Birinchi sabab:

- Chegara berk. O‘tib bo‘lmaydi chegaradan. Juda qattiq qilib tashlaganda chegaralarni, deydi farg‘onalik talaba.

Yana bir sabab – ota-onalarning o‘z o‘g‘il-qizlari O‘shda xavfsiz yashab, o‘qishiga ishonchi yo‘qligidir.

- Chegara ochilgani bilan muammoni yechib bermaydida u. U yerda yashash kerak, o‘qish kerak, ko‘chada yurish kerakku, deydi farg‘onalik talabaning otasi.

O‘shdagi o‘quv yurtlari talabalaridan besh-olti nafari bilan gaplashdik. Ular 18 oktabr kuni Andijonda, Farg‘onada, Namanganda edi. O‘shda emas.

27 sentabr kungi materialimizda Toshkent Kimyo-texnologiyalar instituti, Farg‘ona va Andijon davlat univyersitetlarida talabalarni ko‘chirish masalasini o‘rganuvchi idoralararo komissiyalar tuzilgani, O‘shda o‘qiyotgan talabalar ana o‘sha komissiyalarga murojaat qilgani to‘g‘risida xabar qilgan edik.

18 oktabr kuni O‘zbekiston Oliy ta‘lim vazirligining o‘zini tanishtirmagan mas‘ul xodimi bilan bog‘landik. Uning aytishicha, biz aytgan komissiyalar Qirg‘izistonda o‘qiyotgan talabalar uchun maxsus tuzilgan komissiyalar emasdi.

- O‘qishni ko‘chirish, tiklash, boshqa bir masalalar bo‘yicha har yili maxsus komissiya taxminan iyun oyining oxiridan 5-10 avgustgacha hujjat qabul qiladi. Faqat O‘shdagi voqealardan keyin emas. Bu har yili. 100 yildan beri desak ham bo‘ladi qo‘pol qilib aytganda. Masalan Nukusdan Toshkentga, Toshkentdan Buxoroga, Buxorodan Toshkentga, kimdir oilaviy sharoitga ko‘ra hammasini bir yilda bir marta ko‘rib chiqiladi. Shuning uchun shu komissiya tuziladi.

Ozodlik: Juda ko‘p talabalar bilan gaplashdim. Ularni O‘zbekiston Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishmabdi. Ular o‘qiydigan sharoit yo‘q O‘shda. Bular endi hozir aro yo‘lda qolishdi. Ë O‘shga qaytib borisha olmayapti, ë O‘zbekistonda Oliy o‘quv yurtlariga kira olishmayapti. Shu masala bilan biror-bir kishi maxsus shug‘ullanayaptimi vaziyatning favqulodda ekanligidan kelib chiqib?

- Vaziyat favqulodda ekanligidan kelib chiqqan holda Qirg‘iziston hukumati qandaydir qaror qabul qilib, qandaydir choralar ko‘rilaëtgan bo‘lsa, aynan o‘sha choralar birinchi navabatda ko‘rilishi kerak. Birinchidan, O‘shga hech kim O‘zbekiston fuqarolarini yubormagan. Kimdir borgan bo‘lsa, xususiy yo‘li bilan borgan. Ularni bu ëqqa o‘tkazish to‘g‘risidagi masala umuman ko‘rilmagan. Bizning oliy ta‘lim muassasalardagi joylar o‘zi cheklangan. Birdaniga 1000-2000ta odamni bu yerda hech kim qabul qila olmaydi. Qaytib borib o‘qishi kerak ular, tamom, deydi O‘zbekiston Oliy ta‘lim vazirligining o‘zini tanishtirmagan mas‘ul xodimi.

O‘sh davlat univyersiteti xalqaro bo‘limi xodimi Qanat Dalbayev 27 sentabrdayoq "Shaharda tinchlik va osoyishtalik, hayot o‘z iziga tushib ketdi", degan edi.

Xo‘p, O‘shda vaziyat barqaror bo‘lib qoldi ham, deylik. Shu gapga ishonib, o‘zbekistonlik talabalar yo‘lga chiqdi ham deylik.

Ularni taqa-taq yopiq chegaradan kim o‘tkazadi?

Ta‘lim masalalariga oid savolga javob beradigan odam topish mumkindiru Toshkentdan, lekin chegaraga oid savolga javob beradigan odamni topishning sira iloji yo‘q.

Shunday qilib, Toshkent Qirg‘izistonda o‘qiyotgan o‘z fuqarolarining muammolarini yechay ham demayapti, O‘shga borib o‘qishini davom ettirishi uchun chegarani ochib ham bermayapti.

Mana shunday sharoitda talabalar yechimni Rossiyadan izlashni boshladi. O‘shda o‘qiydigan farg‘onalik talabalardan yana biri mana bunday dedi.

- Bir narsa qilamizda endi. Biror yil akademicheskiy olib qo‘ysak, tinchisa boramiz. Bo‘lmasa¸ Rossiyaga perevod qilamizmi. Rossiyaga qilishning imkoni bor ekan. Bolalar qilibdi. Bir-ikkitasi ketdi ham. O‘qiyapti hozir, deydi O‘shda o‘qiydigan farg‘onalik talabalardan biri.
XS
SM
MD
LG