Линклар

Qozog‘iston o‘zbekistonlik qochqinni O‘zbekistonga topshirdi


Qozog‘iston o‘zbek qochqinlari uchun xavfli makonga aylanib qoldi.

Qozog‘iston o‘zbek qochqinlari uchun xavfli makonga aylanib qoldi.

Qozog‘iston hukumati o‘zbekistonlik qochqinni rasmiy Toshkentga berib yuborgani ma‘lum bo‘ldi. 36 yoshli Sayidahmad Xolmatov bir necha oy avval O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani aytilmoqda. Ayni paytda Olmaota hibsxonasida qolayotgan 29 qochqinning taqdiri ham mavhum bo‘lib qolmoqda.

O'qishni hohlamaysizmi? Unda maqolaning audiosini eshiting:


Qozog‘iston bosh prokuraturasi rasmiy Toshkent terrorchilikda ayblayotgan O‘zbekiston fuqarosini ekstraditsiya qilganini e‘lon qildi.

Qarag‘anda viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xodimi Nurbek Kuzbakovga ko‘ra, Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasi qidiruvga e‘lon qilgan Sayidahmad Xolmatov shu yilning 22 aprelida Jazqozg‘on shahrida qo‘lga olingan.

- 2009 yilning 23 iyulida Andijon shahar sudi uni hibsga olish haqida qaror qilgan. Qozog‘istonda ekanligi aniqlanganidan so‘ng, Satpayev tuman sudi ekstraditsiya qilish uchun hibsga olish haqida sanksiya bergan. 21 avgustda Sayidahmad Xolmatov Olmaotaga, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish uchun jo‘natilgan edi,- dedi Qarag‘anda prokuraturasi rasmiysi.

Uning aytishicha, Andijon viloyatining Jalolquduq tumani Do‘ngqishlog‘idan bo‘lgan 36 yoshli Sayidahmad Xolmatov Qozog‘istonda noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanmagan. Xolmatov mardikorlik qilgani kelgan, deya qo‘shimcha qildi Nurbek Kuzbakov.

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi o‘z so‘rovida Sayidahmad Xolmatovni jinoiy tashkilot tuzganlik, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlik, terrorchilik, ekstremistik tashkilot tuzganlik va uni boshqarganlikda ayblagan.

“O‘zbekiston bosh prokuraturasi talabini o‘rganib chiqib, Qozog‘iston bosh prokuraturasi Sayidahmad Xolmatovni ekstraditsiya qilish qarorini qabul qilgan”, deyiladi Qozog‘iston bosh prokuraturasi tarqatgan xabarda.

Ayni paytda O‘zbekistonga jo‘natilgan andijonlik Sayidahmad Xolmatov qayerda saqlanayotganligi haqida ma‘lumotlar yo‘q.

So‘nggi paytda Qozog‘istondagi o‘zbekistonlik qochqinlar xavf ostida qolmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston talabiga ko‘ra, Qozog‘istondan 29 qochqin ekstraditsiya qilinishi mumkin. Bir necha oydan buyon Olmata hibsxonasida saqlanayotgan o‘zbekistonlik qochqinlar terrorchilik, diniy ekstremistik tashkilotlariga a‘zolikda ayblanmoqda.
XS
SM
MD
LG