Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:48

Hamma xavf o‘zbeklardan!


Sarvar Usmon

Aytilgan so‘z – otilgan o‘q. Bas, shunday ekan, aytilmagan so‘z – ichingda qolib ketgan o‘qdir. Aytilmagan so‘z ichingni kemiradi. Aytsang, qutulasan. Aytmasang – yo‘q.

Bugun aytmoqchiman: O‘shga qilgan komandirovkam davomida Sizga yetkazganim xabarlar doirasidan tashqarida qolgan gaplardan biridan aytib qutulmoqchiman.

Hechdan ko‘ra kech.

22 iyul kuni Hikmatillo hojining uyida tintuv tugaganidan keyin hamkasblarim bilan Jaloloboddagi ahvolni ko‘rish, viloyat gubernatori Bektur Asanovdan ba‘zi savollarimizga javob olish uchun yo‘lga chiqdik.

1990-yilgi voqealarni ko‘rganim, o‘sha vaqtda shahardayam, uning atrofidayam har bir chorrahada blokpostlar bo‘lgani esimdaligi uchun yo‘lga azondayoq chiqmaganligimizni o‘ylab yuragim siqildi. Kunimiz yo‘lda o‘tadigan bo‘ldi, Jalolobodga kechgacha yetib olsak, marra bizniki, deb o‘yladim.

Soyguzardan chiqib, birpasda Toshloqqa yetdik, undan u yog‘i Uvombo‘yi, Qirariq, Mirozaolim, Furqat va mana, qishloqdan chiqavyerishda - blokpost.

Mashinaning old o‘rindig‘ida radiomiz qirg‘iz xizmati muxbiri Janish o‘tirgani uchunmi yoki orqa o‘rindiqda - yonimda ikki g‘arblik (Brus bilan Jeymi – hamkasblarim) bo‘lgani uchunmi, har qalay, uzunligi bir quloch avtomatni yelkasiga tashlab olgan askar ko‘p boshimizni og‘ritmadi. Pasportlarimizni ko‘rdiyu qo‘yib yubordi.

Bo‘ldi. Shundan boshqa blokpost ko‘rmadim. Jalolobodga borguncha bir necha aholi punkti bor. Eng yiriklari: Qahramon, O‘ttizadir, Janiariq, Qurshob, O‘zgan...

O‘shdan uzoqlashgan sari ko‘p qishloqlarni bilmayman, bilsam ham adashtirib yuborishdan cho‘chiyman, shuningchun ularni aytmayapman.

Jalolobodga kiravyerishda birgina joyda post ko‘rdik. U ham yo‘l-patrul xizmati – o‘zimizning "qadimiy" GAIniki.

Bo‘ldi, boshqa yo‘q. Nega yo‘q? Axir har ikkala viloyatda Komendant soati-ku?

Jaloloboddan O‘shga, Komendant soati boshlanib qolgunicha yetib kelishning mo‘ljalini olib, qaytdik.

Furqatga kelganimizda qosh qorayib qolgan, yo‘lning ikki chetidagi kuyib kul bo‘lgan uylar yurakni g‘ijimlaydigan darajada vahimali ko‘rinardi.

Haydovchimiz Uvombo‘yidan o‘tib, Toshloqqa yurmay, Gagarin ko‘chasiga burdi mashinani.

Ko‘chada zog‘ ko‘rinmaydi. Mashinayam.

O‘shda nima bo‘lganini bilmagan odam bu shaharga qo‘qqisdan shu daqiqalarda kelib qolsa, bu yerda o‘lat tarqagan ekanu hamma o‘lib bitibdi-da, deb o‘ylagan bo‘lardi.

Soyguzarga yetay deganda ko‘chaning o‘rtasida 4 askar ko‘rindi. Har birining qo‘lida bir qulochli avtomat.

Jim-jit ko‘chada ularning kirza etiklari asfaltga gursillab tushayotganini aniq eshitdim (yoki eshitganday bo‘ldim?)

Mana Soyguzar. Yetib keldik. Lekin Janishni uyiga yetkazib qo‘yish kerak edi. "Yugo-vostok"ka. (Bu mikrorayonda sovyet davrida asosan o‘rislar yashagan, keyingi yillarda ular ko‘chib ketib, titul millat vakillari ko‘pchilik bo‘lib qolgan).

Soyguzardan yaxshi yugursangiz, "Yugo-vostok"markaziga
5 minutda yetasiz.

Komendant soati boshlanishiga yana 15 minut bor. Ketdik. Ipak kombinati atrof-hududi tugab, "Yugo-vostok" boshlanadigan joyda - blokpost. Besh-oltita mashina ham ko‘rindi.

To‘xtatishmadi. Ketavyerdik. Janish mashinadan Qirg‘iz-O‘zbek univyersiteti binosi oldida tushdi (shu kunda bu o‘quv yurti nomi o‘zgartirilgan).

Blokpostdan o‘tishimiz bilanoq atrof gavjumlasha boshlagan edi. Janish tushgan joyda hayot qaynayapti. Yana 10-12 daqiqadan so‘ng Komendant soati boshlanadi, desangiz, birov o‘lsa ishonadigan emas.

Nima bo‘larkin Komendant soati boshlanganidan keyin, deb o‘yladim. Bilgim keldi. Qolgim keldi.

Qolmaganimni aytaymi?

Yo mening o‘rnimda Siz qolgan bo‘larmidingiz?

Qaytdik. Yana blokpostdan o‘tish kerak.

Mashinada Janish yo‘q.

Brus menga qaradi. Men Jeymiga qaradim. Jeymi Brusga qaradi.

To‘xtatishsa-ya?!

Yo‘q. To‘xtatishmadi. Soyguzarga eson-omon qaytvoldik.

Keyin rosa o‘yladim.

Turib o‘yladim. O‘tirib o‘yladim. Yotib o‘yladim.

O‘shdan nari Jalolobodga yetguncha blokpost yo‘q ekan, demak xavf yo‘q ekan-da? Demak, xalqning yoki uning orasidagi ba‘zi guruhlarning stixiyali ko‘tarilib ketish xavfi yo‘q ekan-da?

Demak, konflikt nazoratda ekan-da?

Konflikt nazoratda bo‘lsa, u Nazorat Qilinayotgan (Boshqarilayotgan) Konflikt, deyiladimi?

Boshqarilayotgan Konfliktni kimdir boshqaradimi?

Demak, O‘sh voqeasi Kim(lar)dir Boshqarayotgan Konfliktmi?!

Mening bu xulosam noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin.

Unda "zapas" xulosam ham bor. Titul millat vakillari Komendant soatidayam bemalol yurgan, o‘zbeklar esa tashqariga burniniyam chiqara olmayotgan ekan, demak, barcha xavf o‘zbeklardan!

Shuning uchun ham Gagarin ko‘chasida askarlar shirin uyqudan qolib, bir qulochli zil-zambil avtomat miltiqlarni tuni bilan ko‘tarib yurishga majbur.

Kirza etiklarini yanayam qattiqroq, yanayam gursillatibroq ursinlar asfaltga!

Toki o‘zbeklar uyqusida ham eshitib yotsin!

Aks holda, ular yana o‘z uylariga o‘t qo‘yvoradi.

***

O‘qiganingiz, bilganingiz voqealarga bir detal bo‘lib xizmat qilmasa, aslida prinsipial bir yangilik ochmadi Siz mushtariy uchun.

Uni, balki, "O‘sh daftari" – safarnomam to‘liqlanib qolsin uchun ham yozgandirman.

Lekin kecha bir gapni eshitmaganimda, vaqti o‘tdi deb, uni yozmagan bo‘lardim.

O‘sh voqealari kunlari butun O‘sh taniydigan jurnalist va dramaturg, qator kitoblar muallifi, o‘zbekcha viloyat gazetasining ko‘p yillik muharriri, Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi A.A.ning Rossiyaga ketib qolganini eshitdim.

O‘shda bo‘lgan kunlarim mashinada o‘tib ketayotib A.A.ni uzoqdan ko‘rgan, mashinani burdirib qaytib kelib, topolmay qolgan edim.

Surishtirdim. Uyiga bormoqchi bo‘ldim. Baribir topolmaysiz, deyishdi. Uyini bosqinchilar egallab olgan, deyishdi. Choy qoshig‘iyam qolmagan uyida. Omadi bor ekan, yanayam uyiga o‘t qo‘yib yuborishmadi, deyishdi.

Lekin o‘zini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim uchun hay, dedim, ko‘pga kelgan to‘y, dedim. Ko‘rganimda egnidagi ko‘ylak, boshidagi shlyapa doimgiday oppoq edi. Oqlik ko‘nglimni tinchitdi.

Ozib ketganini stressdan ko‘rdim.

Dil yaralari bitib ketadi, deb umid qildim.

Axir hokimiyatga yaqin odam, ko‘chada qo‘yishmas, dedim.

Yo‘q, bo‘lmabdi. Ketibdi. Saratovdami, Samaradami, Orenburgdami ekan shu kunda.

Yoshi 70 ga yaqinlashib qoldi A.A.ning.

Iyun fojeasi arafasida O‘sh shahri meri M.M. A.A.ni millatlararo munosabatlar bo‘yicha o‘ziga maslahatchi qilib tayinlagan edi.

Ana shunaqa gaplar.
XS
SM
MD
LG