Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:04

WikiLeaks Iroq urushiga oid yana minglab maxfiy hujjatni oshkor qildi


WikiLeaks internet saytida yoyinlangan hujjatlarda urush chog‘ida Iroq politsiyasi va askarlari mahbuslarni qiynoqlarga solgani va xo‘rlagani, bundan xabardor bo‘lgan Amerika harbiylari tekshiruv o‘tkazmagani aks etgan.

WikiLeaks internet sayti AQSh harbiylarining Iroq urushiga oid salkam 400 mingta maxfiy hujjatini o‘z saytida ommaga oshkor qildi.

Bu AQSh tarixida shunchalik katta miqdordagi harbiy sirning ilk bor oshkor bo‘lishidir.

WikiLeaks 22 oktabr kuni o‘z saytiga qo‘yishidan oldin ayrim axborot agentliklariga yo‘llagan maxfiy hujjatlarda Iroq kuchlari tomonidan mahbuslarning qiynoqlarga solinishi va xo‘rlangani tafsilotlari aks etgan. Buni bilgan AQSh harbiylari tekshiruv o‘tkazmagani bildirilgan.

Ommaga oshkor qilingan maxfiy hujjatlar orasida zo‘rlash va qotillik voqealari, jumladan, qo‘lga olingan shaxsning Iroq askarlari tomonidan qatl etilishini aks ettirgan videotasvirlar ham bor.

WikiLeaks internet sayti asoschisi Julian Essenj asosan 2004 – 2010 yillardagi voqealarini qamroviga olgan hujjatlarda urush jinoyatlariga oid dalillar borligini aytdi.

23 oktabr kuni Londonda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zlagan Essenj WikiLeaks maxfiy hujjatlarni o‘z sayti orqali ommaga oshkor etishidan maqsad Iroq urushi haqidagi haqiqatni ko‘rsatishdan iborat ekanini aytdi.

- O‘sha materialda, 109 ming odam o‘lgani hujjatlashtirilgan. Ichkarida esa tinch aholidan 66 ming kishi o‘lgani e‘lon qilingan. Biz Iraq Body Count sayti bilan hamkorlikda ishlash orqali Iroqdagi zo‘ravonliklar paytida tinch aholidan taxminan 15 ming odamning o‘limi avval hujjatlashtirilmagani yoki ma‘lum qilinmaganini ko‘rdik, - dedi Julian Essenj.

Bu ma‘lumotlar haqiqiy yoki haqiqiy emasligi hozircha isbotlangani yo‘q. Shunga qaramay, hozirning o‘zida AQSh rasmiylar bunga keskin munosabat bildirdi.

Xususan, AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton Wikileaks sayti orqali maxfiy hujjatlar ommaga oshkor qilinganini keskin qoraladi. Klinton WikiLeaks maxfiy hujjatlarni o‘z saytida e‘lon qilish orqali AQSh qo‘shinlari hamda 300 nafar iroqlik hamkorning hayotini xavf ostiga qo‘yganini aytdi.

- Biz har qanday maxfiy ma‘lumotlar shaxslar va tashkilotlar tomonidan ommaga oshkor etilishini keskin qoralashimiz kerak. Bu AQSh va hamkor davlatlar harbiylari, shuningdek, fuqarolar hayotini tahlika ostiga qo‘yadi, - dedi Hillari Klinton.

Undan oldin Pentagon ham maxfiy hujjatlarning oshkor etilishi AQSh askarlari va iroqlik hamkorlar hayotini xavf ostiga qo‘yishi haqida ogohlantirgan edi.

Biroq matbuot anjumanida WikiLeaks vakili maxfiy ma‘lumotlar senzuradan o‘tkazilgan ko‘rinishda e‘lon qilinganini va u hech kimga zarar yetkazmasligini ta‘kidladi.

Shuningdek, Julian Essenj ommaga oshkor qilingan hujjatlar “katta siyosiy ta‘sirga ega bo‘lishi”ga umid qilayotganini aytdi.

So‘nggi yillarda Iroq urushi AQSh jamoatchiligi tomonidan muhokama qilinmay qo‘yildi. AQShda Iroq urushining o‘rnini Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlar mavzusi egalladi. Ommaga oshkor qilingan maxfiy hujjatlar AQShda Iroqdagi tahqirlar borasidagi baxslarni qayta jonlantirishi mumkinligi aytilmoqda.

Essenj e‘lon qilingan maxfiy hujjatlar noqonuniy xatti-harakatlar va sodir etilgan qotilliklar bo‘yicha o‘nlab jinoiy ish ochish uchun yetarli materiallarga ega ekanini aytdi.

Ayni paytda maxfiy hujjatlarning internet sayti orqali ommaga oshkor qilinganini Iroq hukumati bosh vazir Nuriy Al-Malikiyni obro‘sizlantirish yo‘lida uning raqiblari tomonidan amalga oshirilgan urinish, deya baxoladi.
XS
SM
MD
LG