Линклар

O‘zbekiston Turkmaniston orqali Fors ko‘rfaziga chiqmoqchi


Ayrim siyosatshunoslar O‘zbekistonning Turkmaniston orqali Fors ko‘rfaziga chiqishi istiqboliga shubha bilan qaramoqdalar.

Ayrim siyosatshunoslar O‘zbekistonning Turkmaniston orqali Fors ko‘rfaziga chiqishi istiqboliga shubha bilan qaramoqdalar.

Islom Karimovning Turkmanistonga qilgan safari chog'ida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovga eski taklifni yana o'rtaga tashladi, ya'ni O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon-Qatar va Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlari orqali o‘tadigan transport yo‘lagi tashkil etish loyihasi haqida gapirdi. Bu esa o'z o'rnida ko'pchilik siyosatshunoslarning orasida turli hil bahs-munozaralarga larga sabab bo'ldi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 20 oktabr kuni Ashxobodda qilgan chiqishida bu loyihani istiqbolli loyiha, deb atadi:

Bu o‘rinda gap O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon-Qatar va Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlari orqali o‘tadigan transport yo‘lagini tashkil etish loyihasini ishlab chiqish haqida bormoqda. Bu masalani biz Turkmaniston prezidenti bilan muhokama qildik va men bu loyiha, bu yo‘lak mamlakatlarimiz katta ehtiyoj sezayotgan kommunikatsiya yo‘nalishlari, jahon bozoriga chiqish uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi mumkinligini Turkmaniston prezidenti to‘liq ma‘qullaganidan mamnunman.

O‘zbekiston rahbari, shuningdek, bu oddiy loyiha emasligini, bundan boshqa mamlakatlar ham manfaat ko‘rishini ta‘kidlab o‘tdi. O‘z navbatida, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov bu loyihani ishlab chiqish uchun vazirlariga topshiriq berganini aytdi.

O‘zbekistonning Fors ko‘rfaziga chiqish orzusi necha yillardan buyon ushalmay kelayotgan armonlaridan biri edi. Bunday taklif Turkmanistonning sobiq prezidenti Saparmurod Niyozov hayotligi davomida ham ko‘tarilgan edi. Lekin 2002 yilgi Ashxobodda turkmanboshiga nisbatan suiqasd uyushtirilganidan va turkman tomoni bu suiqasd tashkilotchilari sifatida O‘zbekistonni ayblaganidan va bu voqea ortidan O‘zbekistonning Ashxoboddagi elchisi mamlakatdan chiqarib yuborilganidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgan edi.

Saparmurod Niyozovning vafotidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashdi. Turkmanistonning yangi prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi. Islom Karimov o‘zining javob tashrifida yana Fors ko‘rfaziga chiqish loyihasini o‘rtaga tashladi.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Komron Aliyevning aytishicha, bunday transport yo‘lagining qurilishi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega:

Agar bu loyiha amalga oshsa, O‘zbekiston uchun juda qulay bo‘lardi. Hozir O‘zbekiston o‘z paxtasini Boltiqbo‘yi davlatlari portlari orqali eksportga chiqaradi. Agar bu loyiha amalga oshib, Pokistonning Karachi yoki Eronning Bandar Abbos portiga chiqish imkoni paydo bo‘lsa, iqtisodiy jihatdan ancha foyda olingan bo‘lardi. Shuningdek, O‘zbekistonga kirib keladigan import tovarlarining ham tannarxi ancha arzonga tushgan bo‘lardi.
Biroq yana bir o‘zbekistonlik siyosatshunos Malik Abdurazzoq bu loyihani istiqboli yo‘q, deb hisoblaydi. Siyosatshunos bunday fikrga kelishiga sabab bo‘lgan omillarni keltiradi:

Birinchidan, bozor deymiz, o‘sha Yaqin sharq mamlakatlari hududida joylashgan bozorda qaysi mahsulotimizga talab bor? Bu yo‘l ochilsa, paxta to‘g‘risida gap ketadigan bo‘lsa, bu o‘zini oqlamaydi. Chunki boshqa mamlakatlar ham bu hududga paxtasini eksport qiladi. Bu mamlakatlar hududida nufuzli tekstil sanoati yo‘q.
Ikkinchidan, neft-gaz mahsulotining ham istiqboli yo‘q. Chunki bu hududda joylashgan mamlakatlar neft-gaz zahiralari bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlarini orqada qoldirgan. Hozir gaz mahsulotiga talabgor Yevropa mamlakatlarida, janubiy Yevropada bo‘lsa, ana shular bizga strategik hamkor bo‘ladi. Bu bozor strategik nuqtai nazardan qiziq. Faqatgina okeanga chiqishni emas, okeanga chiqqandan keyin qayoqqa qanday mahsulot sotishni o‘ylash kerak. Markaziy Osiyo mamlakatlari Yaponiya emas-ku mashina, elektrotexnika, informatsion texnologiya sotadigan. Bizlarda asosan gaz va paxta. Buni tan olish kerak.
Uchinchidan, siyosatshunosga ko‘ra, transport yo‘lagining Eron orqali o‘tishi loyihada ko‘rsatilgan. Ana shu birgina omil ham bu loyihaning istiqbolsiz, deb atashga sabab bo‘ladi, deydi o‘zbekistonlik siyosatshunos Malik Abdurazzoq:

Buning istiqboli yo‘qligining yana bitta sababi bor. Eronning taqdiri to‘g‘risida bahslar ko‘p. Hozircha Eron bu yopiq mamlakat. Unga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilgan. O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham shu sanksiyalarga qo‘shilgan. Chunki BMTning a‘zosi.

To‘rtinchidan, Fors ko‘rfazida joylashgan mamlakatlarning bir-biriga qarama qarshiligi ham bor. Arab amirliklari bir tomondan, ikkinchi tomondan Eron va hokazo. Shuning uchun qanaqadir yangi loyiha orqali ularni birlashtirishni men gumonsirayapman. Shuning uchun bu bozorning istiqboli yo‘q.
Turkmanistonlik jamiyatshunos Amanmirat Bugayev ham bu loyihaning amalga oshishiga shubha bilan qaraydi:

Aslida bu juda xom loyiha. Bu haqda avval kengashib o‘ylab ko‘rish kerak edi. Menimcha, ikki davlat rahbarlari uchrashuvida gumanitar hamkorlikdan boshqa birorta ham iqtisodiy hujjat imzolanmadi. Aslida bunday hujjatni vazirlar darajasida ham imzolasa bo‘lardi. Bunga ikki davlat rahbarining rasmiy uchrashuvi shart emas edi. Menimcha, uchrashuv quruq bo‘lmasligi uchun bu loyihani shunchaki aytib qo‘yishgan bo‘lsa kerak. Yoki Rossiya prezidentining Turkmanistonga tashrifidan oldin, ikki qo‘shni mamlakatlar rahbarlari o‘z pozitsiyalarini o‘zaro kelishib olgan bo‘lishlari ham mumkin.
XS
SM
MD
LG