Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:47

Pyer Morel: O‘zgarishlar bor, lekin jiddiy emas


Janob Morel fikricha, amalda qo‘llanmasa-da, u yoki bu konvyensiyaga a‘zo bo‘lgan ma‘qulroq.
Janob Morel fikricha, amalda qo‘llanmasa-da, u yoki bu konvyensiyaga a‘zo bo‘lgan ma‘qulroq.

YeI kengashi 25 oktabr kuni Lyuksemburgda O‘zbekiston bo‘yicha e‘lon qilgan xulosalari keyingi bir-ikki yilda YeI e‘lon qilgan bu kabi hujjatlardan biroz qat‘iyroq ohangi bilan farq qiladi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Per Morrel Ozodlik bilan suhbatni bu fikrni inkor qilishdan boshladi.

- Menimcha, avvalgi bayonotlarda ham siz aytayotgan qat‘iy ohanglarda O‘zbekiston hukumatini hamkorlikka chaqirganmiz. Bu bayonot bilan avvalgilari o‘rtasida farq ko‘rmayapman. Men bu har tomonlanma va kattagina hujjatni kelgusida hamkorlikni davom ettirishga qaratilgan vosita, deb baholagan bo‘lardim.

Ozodlik: Janob Morel, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda erishilgan ba‘zi ijobiy o‘zgarishlar, xususan Snajar Umarovning ozod etilishini olqishlagan. Umarov ozod qilinganiga bir yil bo‘ldi, lekin bu davr ichida bir necha jurnalist va huquq himoyachisi qamoqqa tashlandi.

- Ha, biz bu ishlarni kuzatib boryapmiz. O‘zbekiston rasmiylari bilan muloqotlar chog‘ida bu masalalarni ko‘tarib kelayapmiz. Albatta, janob Sanjar Umarov ozod etilganiga ancha bo‘ldi, lekin YeI kengashi e‘lon qilgan hujjatning mantiqi bir yil davomidagi vaziyatga baho berishdan iboratdir. Shuning uchun unda biz kengroq xulosalarni berganmiz. Hujjatning beshinchi paragrafida ko‘rganigizdek, qator konkret masalalarni ko‘targanmiz va O‘zbekistonda inson huquqlari, demokratlashtirish va qonun ustuvorligiga oid umumiy vaziyatga baho berib, bu sohalarda jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmaganini alohida qayd etganmiz. Lekin bilasiz, bu qadamba-qadam amalga oshadigan jarayondir va O‘zbekiston hozirda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan ikki tomonlama muloqot va hamkorlikda ishtirok etmoqda.

Ozodlik: Demak, YeI O‘zbekistonda jiddiy o‘zgarishlar kuztilmayapti der ekan, qandaydir ijobiy siljishlar borligini xulosa qilmoqda, shundaysi?

- Ha, buni to‘g‘ri ilg‘absiz. Nafaqat to‘g‘ri ilg‘absiz, balki xulosa matnidan ana shu ma‘noni o‘qib olishngiz mumkin. Sizning savolingizda bu ma‘noning ayni talqinini ko‘rib turibman.

Ozodlik: Lekin, janob Morel, bir yil davomida bir kishi ozod etilib, bir necha kishi qamalgan bo‘lsa, bundan tashqari, o‘sha beshinchi paragrafda qayd etilgan nodavlat tashkilotlarining faoliyatiga ruxsat berish, bolalar mehnatidan foydalanish muammosi, demorkatik saylovlarning o‘tkazilishini ta‘minlash kabi masalalar yechimsiz qolib kelayotgan vaziyatda qanday o‘zgarishlar nazarda tutilmoqda?

- Albatta, ko‘plab masalalarni ko‘tarishingiz mumkin. Biz olib borayotgan muloqot ko‘p qirrali muloqotdir va O‘zbekiston rasmiylari bilan so‘zlashularimizda juda ko‘plab masalalarni muhokama qilib kelmoqdamiz. Har bir masala bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilgan, muayan dasturlar ishlab chiqilgan. Hozir bitta intervyuda barcha tafsilotlarga to‘xtala olmaymiz. Lekin ba‘zi masalalarni alohida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, xususan, bolalar mehnati haqida gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston bolalar mehnatiga qarshi konvyensiyani imzoladi va hukumat rasmiylari qator bayonotlarni qildi. Albatta, hozircha amalda bu konvyensiya bajarilayotgani haqida gapirishga asos bo‘lmasa-da, konvyensiyaga a‘zo bo‘lmagandan ko‘ra, unga a‘zo bo‘lgan yaxshiroq, menimcha. YeI kengashi xulosalarida ko‘rgan bo‘lsangiz, bu kabi konvyensiyalarning amalda qo‘llashga alohida urg‘u berilgan va O‘zbekiston rasmiylari bilan bu borada ish olib bormoqdamiz. Masalan, to‘rtinchi paragrafda qayd etilgan qiynoqlar masalasida O‘zbekiston rasmiylarida bu muammoni hal etishga qiziqish paydo bo‘layotganini aytishim mumkin. Shuning uchun bu kabi hujjatga taklif sifatida qaragan bo‘lardim. Bu ishchi ruhidagi hamkorlikdir. Hujjatning oltinchi paragrafida ham bu haqda aytilgan, ya‘ni Yevropa Ittifoqi ma‘lum masalalarda O‘zbekiston hukumati bilan Yevropa tajribasini almashishga tayyor, deyilgan.

Ozodlik: Janob Morel, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatini kuzatib kelayotgan yagona tashkilot emas, xususan, ko‘plab xalqaro nodavlat tashkilotlari ham bu bilan shug‘ullanib keladi. Masalan, Human Rights Watch yoki Amnesty Intrenational kabi tashkilotlar ham O‘zbekistondagi vaziyatga oid xulosalarini e‘lon qilib keladi va YeIdan farqli o‘laroq, bu tashkilotlar keyingi bir yil davomida O‘zbekistonda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmagani aytishmoqda.

- Biz bu tashkilotlar bilan doimiy kontaktdamiz. Ular O‘zbekistonda o‘z faoliyatini tiklay olmasdan, juda ko‘plab qiyinchiliklarga uchrab kelmqoda. Ular o‘z qarashlari, vaziyatga baho berishda o‘z usullariga ega. Bu usullar mutlaqo qonuniydir. Ayni paytda, bizning ham baholash usullarimiz va qarashlarimiz bor. Biz o‘zimizning konseptual yondashuvimizni belgilab olganmiz. Ittifoqqa a‘zo 27 davlat to‘rt yil davomida O‘zbekiston bilan olib borayotgan har tomonlama muloqot muayan natijalarni bermoqda, degan fikrdaman. Va bu mantiqdan kelib chiqib, muloqotni davom ettirishimiz lozim, deb hisoblayman va 27 a‘zo davlat bu fikrni qo‘llab-quvvatlashiga aminman. Bu bizning nuqtai nazarimiz va ayni paytda nodavlat tashkilotlar nuqtai nazarini ham hurmat qilamiz.

Ozodlik: Aytib o‘tganingizdek, O‘zbekiston bilan muloqot bir necha yildan beri davom etmoqda. O‘tmishdagi natijalar va tajribadan kelib chiqib, kelasi bir yil ichida bu muloqotdan qanday natijalarni kutyapsiz?

- Hozircha biz yo‘nalishlarni belgilab olmoqdamiz va u yoki bu narsaga erishmoqchimiz, deyish manmanlik bo‘ladi, menimcha. Dushanba kuni e‘lon qilingan hujjatda konkret masalalarni belgilab oldik va kun tartibi ancha qizg‘in, deyishimizga asos bor. Shuning uchun qisqa suhbat davomida u yoki bu masalada falon natijaga erishmoqchimiz, degan bashoratlarni berishning imkoni yo‘q. Biz umumiy vaziyat ustida ish olib boramiz. Darvoqe, istasangiz bir misol keltirishim mumkin. Kelasi yildagi o‘zgarishlardan biri sifatida, Toshkentda to‘laqonli Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakolatxonasining ish boshlashiga umid qilyapmiz. Albatta, bu javobim siz uchun savoldan qochish bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin O‘zbekistonda bunday vakolatxona ochilsa, ko‘plab masalalarda keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz mumkin bo‘ladi. Darvoqe, O‘zbekistonning Bryusselda elchixonasi ko‘p yillardan beri ishlab kelayotganini inobatga olsak, bu masala allaqochon hal bo‘lishi kerak edi.

Ozodlik: Men bir necha jurnalist va huquq himoyachisining ozod etilishini istar edim, lekin suhbatni davom ettirsak. Janob Morel, yana bir savol. Hujjatda O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi bo‘hron paytida tutgan pozitsiyasiga yuqori baho berilgan. Sizningcha, O‘zbekiston tutgan yondashuv o‘sha vaziyatda eng to‘g‘ri yondashuv bo‘lganmi?

- Mudhish fojiaga yuz tutgan mamlakatga qo‘shni davlatning harakatlariga baho berishdan tiyilgan bo‘lardim. Lekin O‘zbekiston ko‘rgan choralar va bu choralarning natijalariga baho berishimiz mumkin. O‘zbekistonning harakatlari Qirg‘iziston janubidagi vaziyatni yanada keskinlashib ketmasligiga hissa qo‘shdi. O‘zbekiston tutgan yondashuv bu mudhish zo‘ravonlikning to‘rt kun ichida to‘xtatilishiga yordam berdi. Ikkinchidan, O‘zbekiston 100 mingdan ortiq kutilmagan qochqinlarni qabul qilib oldi va tegishli sharoitlarni yaratib berdi. O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatni qochqinlar bilan bog‘liq bo‘hronni hal etishda yordam berishga chaqirdi. Hozirda Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklarning ahvoli ayanchli bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, ular O‘zbekistonning yordami bilan vaziyat tinchiganidan keyin o‘z joylariga qayta oldi.
XS
SM
MD
LG