Линклар

“Qirg‘izistonda kelajak qolmadi”


Ma‘lumotlarga ko‘ra, iyun voqealaridan keyin o‘shlik va jalolobodlik o‘zbeklarning ko‘pi Rossiyadan boshpana topganlar.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, iyun voqealaridan keyin o‘shlik va jalolobodlik o‘zbeklarning ko‘pi Rossiyadan boshpana topganlar.

O‘sh va Jalolobod shaharlarida iyun oyida yuz bergan mudhish voqealardan so‘ng bu shaharlada istiqomat qiluvchi minglagan yosh o‘zbeklar o‘z uylarini tark etib, o‘zga yurtlarda boshpana izlashga majbur bo‘lishdi. Ularning o‘z vatanini tashlab ketishi sabablarini Ozodlik o‘rganishga harakat qildi.

O‘qigani toqat yo‘q? Unda maqolaning audiosini eshiting:


Qirg‘iziston Statistika qo‘mitasi ma‘lumotiga ko‘ra, iyun voqeasidan so‘ng O‘shdan boshqa mamlakatlarga chiqib ketganlar soni 1500 kishi atrofida. Biroq O‘sh shahar kengashi deputatlarinign ayishicha, bu raqam “o‘ta kulguli” va haqiqatdan yiroq.

Qirg‘iziston Migratsiya xizmati esa O‘shdan ketganlar soni 40 mingga yaqin, degan taxminiy raqamni bildiradi.

O‘sh voqealaridan so‘ng migratsiya jarayonini kuzatgan bishkeklik huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova bu raqamni haqiqatga yaqinroq, deb biladi. Uning aytishicha, iyul oyidayoq O‘shni tark etganlar soni 20 mingga etgan:

- O‘shdan o‘n sakkiz ming olti yuz odam chiqib ketgan bo‘lsa, ulardan o‘n ming olti yuzi o‘zbeklardir. Bu faqatgina samolyot bilan chiqib ketganlar soni. Bundan tashqari, odamlar poyezd va avtomashinalarda ham O‘shdan chiqib ketishgan. Ularning qancha ekanini hech kim hisoblagan emas.
O‘sh mavzelaridan birida yashovchi mahalla faoli Manzura opaning aytishicha, iyun voqealaridan so‘ng shahardan boshqa mamlakatlarga asosan huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan noqonuniy tarzda ta‘qib qilinganlar chiqib ketgan:

- Urib-surib, qilmagan jinoyatlarini bo‘yniga qo‘ydirishayapti. Mayli, aybi bo‘lsa qonun oldida jazosini olishi kerak. Ammo hech qanday aybi yo‘q, begunoh yigitlarni ham ta‘qib qilishdi. Birinchi kunlari har kuni o‘nta, yigirmatalab bolalarni qamoqqa olishdi. Shundan keyin ota-onalari ularni boshqa yoqlarga qochirib yuborishga majbur bo‘lishdi. Mahallamizda hozir erkak qolmagan.
O‘shlik Maqsudjon ham mana shunday ta‘qiblardan qochib, oilasi bilan Rossiyaning Leningrad viloyatidan boshpana topdi:

- O‘sh voqealari paytida mening do‘konlarimga o‘t qo‘yildi. Tirikchilik qilib turgan mashinalarim bor edi. Mashinalarimni ham tortib olishdi. Qirg‘inning ikkinchi kuni oilamni O‘zbekistonga ko‘chirayotgan edim. Yo‘limizni niqobli odamlar to‘sib, bola-chaqamni mashinalardan tushirib, mashinalarni haydab ketishdi. Niqobli odamlar orasida orasida ayollar ham bor edi. Jonimiz omon qolganiga shukur qilib, qolavyerdik. Undan keyin militsionerlar meni ta‘qib qila boshladi pul undirish maqsadida. Shundan keyin O‘shdan chiqib ketishga majbur bo‘ldim.
Suhbatdoshimizning aytishicha, u yashayotgan Leningrad viloyatida O‘sh voqealaridan so‘ng boshpana topgan o‘shliklar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

- Men o‘zim 2-3 ming o‘shlikni ko‘rdim. Bu birgina Leningradda ko‘rganlarim. Boshqa shaharlarda qancha ekanini bilmayman. Ularning ko‘pchiligi militsiyaning ta‘qibidan qochganlar ekan. Bundan tashqari, O‘shdan qochgan qirg‘izlar ham ko‘p. Men o‘shlik qirg‘iz yigit-qizlar bilan bitta navbatda turib, Rossiya fuqaroligi uchun hujjat topshirdim. O‘shanda qirg‘iz yigitlardan: “Nega bunday qilayapsizlar, axir sizlar qirg‘izlarsizlar, mamlakatning nomi ham Qirg‘iziston-ku?” deb so‘radim. Qirg‘iz yigitlar: “Endi keyingi 10-15 yil ichida bu mamlakatda rivojlanish ham, tinchlik ham bo‘lmaydi. Qirg‘izistonda kelajak qolmadi”, deb javob berishdi.
Ayni paytda Maqsudjon Leningraddan boshpana topgan o‘shliklar qishloq xo‘jalik ishlarida ishlayotganliklarni ham aytib o‘tdi.

Keyingi suhbatdoshimiz Saltanatxon ham O‘shni tark etayotganlarning ko‘pchiligi Rossiyaga ketayotganini, bunga iyun voqealaridan so‘ng ishsizlikning ko‘paygani va xavfsiz ishlash imkoniyatining yo‘qligi sabab bo‘layotganini aytadi:

- Qozonga, Ufaga, Almetevskga ketishayapti. Biroq Qozonga ketayotganlar soni ko‘proq. Bizning ko‘chamizda 50 ta xo‘jalik bo‘lsa, har bir hujalikdan 2-3 tadan odam Rossiyaga ketgan. O‘g‘illarimiz, kelinlarimiz, qizlarimizning hammasini Rossiyaga jo‘natganmiz. Masalan, bizning uyimizdan 4 ta oila bola-chaqasi bilan hozir Rossiyada. Qirg‘izistonda kelajakning yo‘qligi, ishsizlik, umuman tinch ishlash imkoniyatining yo‘qligi shunga majbur qilayapti.
Ayni paytda O‘shdan chiqib ketayotganlarning asosiy qismi Rossiyadan boshpana topayotganligini rasmiylar ham tasdiqlamoqda. Biroq o‘shlik o‘zbeklarning bir qismi Turkiya, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklari va Koreyadan boshpana izlayotgani ham aytilmoqda.

Chet ellarga chiqib ketishga majbur bo‘lgan o‘zbeklardan qanchasi qochqinlik so‘ragani yoki qochqin maqomini olgani haqida rasmiy ma‘lumotlar yo‘q.
XS
SM
MD
LG