Линклар

logo-print
Moda osmonida yaqinda yangi charaqlagan yulduz paydo bo'ldi. Yulduzning nomi “Kamola” brendi. Uning asoschisi esa Toshkentda tug'ilib o'sgan, hozir Londonda istiqomat qiluvchi 27 yoshli o'zbek qizi Kamola Malikovadir.

“Kamola” bog'lanish uchun o'z saytida bergan London telefoniga qo'ng'iroq qilganimizda, muloyim va ravon britaniya aksenti bilan gapiradigan qiz javob berdi. Bu qiz Kamola Malikovaning o'zi ekanligini bilib, ”ingliz tili o'qituvchizga besh ketdim”, deb yuborishimizga oz qoldi.

Band bo'lishiga qaramasdan, modelyer Kamola Malikova biz bilan suhbat qurgani lutfan rozi bo'ldi. Suhbat davomida u o'z yoshligi, moda dunyosiga kirib kelishi va o'z ijodi bilan evropaliklarning O'zbekiston va o'zbeklar haqida bo'lgan ma'lumotini oshirayotganligi haqida gapirib berdi.

Yosh to’lqin: Kamola, bolaligingiz, yoshligingiz qaerda ot’gan?

Kamola Malikova
: Men Ozbekistonda, Toshkent shahrida tug'ilganman. Yoshligim butunlayin Toshkentda o'tdi. 16 yoshimda poytaxtdagi 17-maktabni tamomlab, Chexiya poytaxti Praga shahridagi New York uniersitetiga Kommunikatsiyalar va ommaviy axborot vositalari bo'limiga o’qishga kirdim.

Shu universitetni tugatgunimcha Pragada yashadim. Bakalvr diplomini olganimdan so’ng Moskvaga ko’chdim va u erda PR va kommunikaciya sohasida ishlay boshlaganman.

Yosh to'lqin: Moda dunyosiga qachon kirib keldingiz va bunga kim turtki bo'ldi?

Kamola Malikova: Mening dadam rejissyor va shuning uchun mening artistlik qonim kuch keldi shekilli, men ko’proq san’atga, ijod qilishga torta boshladi. Moskvada yurgan vaqtimda evropaning moda markazlaridan biri bo’lmish Milan shahriga borib dizaynerlik kasbiga o’qishni ahd qildim. Ko’p vaqt o’tmasdan Milan shahridagi dizainerik bo’yicha mashxur Marangoni universitetining magistratura bo’limiga o’qishga kirdim.

Yosh to'lqin
: Londonga qachon keldingiz?

Kamola Malikova: Magistraturani tugatganimdan so’ng, oldimga qo’ygan maqsadlarimga erishish uchun Milandan boshqa bir joyga, kattaroq megapolisga ko’chib o’tish kerakligini tushundim. Bir qator shaharlarning ichidan men Londonni tanladim. Birinchidan, Londonda dizainerlarlik bo’yicha yana bir mashxur o’qish maskani bor. Ikkinchidan esa ingliz tilini yaxshi bilganligim mening ishimda katta yordam bo’lar edi. Londonga kelib, u erdagi London Fashion kollejiga bir yil o’qishga kirib, u erni muvaffaqatli tamomladim.

Yosh to'lqin: “Kamola” brendi qachon paydo bo'ldi?

Kamola Malikova: Brendga asos solganimga bir yil to'ldi. “Kamola” brendining birinchi liboslar kollekciyasi, ya'ni to'plami asosan qora rangli kiyimlar bo'ldi. Keyinroq esa London moda haftaligi loyihasi doirasida ishlar boshlandi. Bu loyihada muvaffaqiyatli qatnashganimizdan so'ng bizda e'tibor oshdi. Moda olamida mavqei baland nashrlar biz haqimizda yoza boshlashdi.

Yosh to'lqin: Hozir qaysi loyiha ustida ish olib borayapsiz?

Kamola Malikova: Hozir yangi bahor-yoz loyihasi ustida ijod qilyapman. Juda ham ish ko'p. Bu yangi loyihada O'zbekiston xon atlasiga alohida e'tibor berilgan. Chunki bu loyihada men o'zbegona kiyinish an'analariga qaytishga qaror qildim. Ahir men o'zim o'zbekistonlikman-da. O'zimni o'zbek modelyeri deb hisoblayman. Chet o'lkalarda yurgan bo'lsam ham, men milliy g'ururimni saqlab qoldim.

Mening maqsadim shu loyiham bilan O'zbekistondek madaniyati boy va go'zal davlatni dunyoga yana ham yaqinroq tanitish. Moda esa, mening fikrimcha, mamlakatni ovoza qilishda eng samarali elchilardan biri. Oylaymanki, evropaliklarga o'zbek matolari, ayniqsa xon atlas yoqib tushadi.

Kuni kecha Londondagi mashxur ON|OFF moda ko'rgazmasi vakillari bilan uchrashdim. Ular mening liboslar to'plamlarimda juda katta qiziqish bildirishdi va o'z ko'rgazmasida mening xon atlas to'plamimni qo'yishga rozilik berishdi. ON|OFF ko'rgazmasi faqat mashxur insonlar – aktyorlar, qo'shiqchilar bilan ishlaydi.

Yosh to'lqin: Demak, yaqin kunlarda Lady Gaga sahnaga xon atlasda chiqsa, biz ajablanmasak ham bo'laverarkan-da?

Kamola Malikova: (kulib) Lady Gaga xon atlas kiysa, zo'r ish bolardi. Hozir muzokaralar olib borilmoqda. Yaqin kunlarda bu to'plamimiz qoyiladi ON|OFF ko'rgazmasida. O'ylaymanki, ular birga ishlaydigan mashxur insonlarga mening asarlarim yoqib tushadi.


"Kamola"ning Bahor/Yoz 2011 liboslar to'plamida o'zbek xon atlasiga katta e'tibor berilgan.


Yosh to'lqin
: Kamola, siz O'zbekistonda tug'ilib o'sgansiz, Evropa madaniyatiga ancha keyin keldingiz. Evropada bu qadar yutuqlarga erishishda qiyinchiliklar bo'ldimi?

Kamola Malikova
: Qiyinchiliklar ko'p bo'ldi. Pragaga 16 yoshimda kelganimda, keyin o'zim yolg'iz Londonga kelganimda ancha qiyinchiklar bo'lgandi. Eng qiyini o'z kuchimga ishonish, ishni boshidan, noldan boshlab, atrofdagilarning e'tiborini qozonish bo'ldi.

Evropaliklarning ko'pchiligida O'zbekiston haqida bir qator stereotiplar bor. Ular bizni bo'yi bir yarim metr va xitoyliklarga o'xshagan halq, deb biladi. Meni ko'pchilik toza o'zbek bo'lmasa kerak, chunki ingliz tilisi ham ravon, deb aytishadi. Ingliz tilini Toshkentdagi oddiy maktabda marxum o'qituvchim Lyudmila Ivanovna bilan o'rganganimni aytsam, ko'pchilik ishonmaydi.

Men bunday kishilarga har doim O'zbekistonda qaddi-qomati kelishgan, qosh-ko'zi chiroyli va istedodli insonlar yashashini ta'kidlab kelaman. O'z so'zlarim va ishim bilan ko'pchilikning biz haqimizda bo'lgan noto'gri fikrini o'zgartirdim va bundan juda ham xursandman.

Yosh to'lqin: O'zbek yoshlari sizdan o'rnak olishini xohlar edingizmi?

Kamola Malikova: Ha, albatta. Men o'z misolim bilan o'zbekistonlik yoshlarga, ayniqsa, yosh qizlarga namuna bo'lishni xohlayman. Bizda juda ham istedodli yoshlar bor. Ayrim urf-odatlar bizning yoshlarni rivojlanishiga xalaqit berishiga yo'l qo'ymasligimiz kerak. Men o'z misolim bilan o'zbekistonlik qizlarga namuna bo'lib, ularni erta turmushga chiqishdan yoki erta farzand ko'rishdan qaytara olarman, deb o'ylayman. Yoshlarimiz juda ham iste'dodli. Ular o'z kuchiga ishonib, o'zini rivojlantirish va qo'ygan maqsadlariga erishish uchun harakat qilishlari kerak.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG