Линклар

logo-print

Shpigel: O‘zbekiston - Mehnat majburlangan davlat


O‘zbek bolalari paxta terayotgani aks etgan rasmlar keyingi paytlarda G‘arb matbuotida tez-tez paydo bo‘lmoqda.

O‘zbek bolalari paxta terayotgani aks etgan rasmlar keyingi paytlarda G‘arb matbuotida tez-tez paydo bo‘lmoqda.

Germaniyadagi nufuzli Shpigel jurnali o‘zbek bolalariga majburan terdirilgan o‘zbek paxtasini sotib boyiyotgan nemis shirkatlarini tanqid qiluvchi “Mehnat majburlangan davlat” sarlavhali maqolani e‘lon qildi.

Jurnalning ikki varag‘iga jo bo‘lgan maqolaga uch nafar o‘zbek bolasining egilib, paxta terayotgani aks etgan rangli suvrat ham ilova qilindi.

Maqola mana bu jumlalar bilan boshlanadi. “Har kuzak o‘zbek bolalari paxta terimiga olib chiqiladi. Bu bolalar nafaqat o‘zbek humumatini, balki nemis shirkatlarini ham boyitmoqda. Inson huquqlar masalasi esa nemis shirkatlari uchun chikora”.

Maqolada o‘zbek bolalarini o‘qish o‘rniga paxta terdirayotgan bosh aybdor sifatida O‘zbekiston hukumati ko‘rsatiladi.

“Aslan kommunist kadr bo‘lgan Islom Karimov Markaziy Osiyodagi O‘zbekiston Respublikasini sovetcha buyruqlar asosida boshqariladigan davlatga aylantirdi va Karimov yaratgan bu tizim bolalarni paxta terishga majburlamoqda. Stalin tarafidan oq oltin deb ta‘riflangan paxta bugunga kelib, o‘zbek boshqaruv elitasi cho‘ntagiga aqcha eltuvchi pul chashmasiga aylandi.”

Maqola mualliflari Nils Klaviter va Vladimir Pilov o‘zbek paxta plantatsiyasida majburan paxta terdirilayotgan 11 yashar Nazira ismli qizaloq misolida Bremen birjasida sotilib, nemis paxta jalloblari topayotgan pullarning axloqiy maqomini savol ostiga qo‘yadi.

“Kuzning izg‘irin saharida Nazira butun sinfi bilan o‘qishdan qolib paxtaga chiqadi. Bu qizaloq Andijon yaqinidagi bir qishloqda sahardan shomgacha paxta terishga mahkum. Ular kunda kamida 10 kilo paxta terishadi. "Ertalabdan beri uch kilocha paxta tera oldim", deydi Nazira. Nazira har kilo tergan paxtasiga 60 so‘mdan pul oladi (bu 3 yevrotsentga to‘g‘ri keladi). “Bir oy paxta terib olgan pulimni onamga berdim, onam bu pulga issiq bosh kiyimi olib berdi. Kunlar sovib boryapti, paxta hali beri tugamaydi, boshingni issiq tut deb aytdi onam”, deb gapiradi Nazira”.

Maqola mualliflari paxta normasini bajarmagan bolalar muallimlar tarafidan kaltaklangan faktlarini ham keltirishadi.

Shpigel jurnalidagi maqolada Germaniyadagi o‘zbek-nemis forumi rahbari, inson huquqlari faoli Umida Niyozova fikrlariga ham o‘rin beriladi.

O‘zbek-nemis forumi 2009 yilgi paxta mavsumi monitoringini olib borgan va qul qilingan millat degan hisobotni taqdim qilgan.

Bu hisobotda O‘zbekistondagi majburiy paxta terimi tafsilotlari o‘rin olgan. Hisobot qullikka qarshi xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda hozirlangan.

Maqolada qullikka qarshi xalqaro tashkilot vakili Joanna Evart Jeymsning “O‘zbekiston bolalar qul qilingan mamlakatdir”, deya boshlanadigan fikrlari ham keltiriladi.

Germaniyadagi konstitutsiyaviy va insoniy huquqlar yevropa markazi (ECCHR) vakilasi Miriam Saage-Maas ham O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnati hukumat tarafidan amalga oshirilayotgan sistemali tizim deya ta‘kidlaydi.

Shpigel jurnalida maqola chop etilgan kuni Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Germaniyadagi konstitutsiyaviy va insoniy huquqlar yevropa markazi Germaniya va Frantsiyadagi o‘zbek paxtasini sotib olish bilan shug‘ullanadigan shirkatlarni mahkamaga bergan.

Bundan oldin C&A, Wal-Mart o‘zbek paxtasini sotib olishdan voz kechgan edi.

Shpigel jurnalidagi maqola O‘zbekiston TV sidagi bir tasvir sharhi bilan yakunlanadi.

“Bu tasvirda Bremen paxta birjasi jalloblari O‘zbekistonda chappar urib raqs tushayotgan qizlarni tomosha qilib o‘zbeklarning bayram taomi bo‘lgan palovni paqqos tushirishmoqda. Ular orqasida turgan ulkan pannoda esa Islom Karimovning ulkan surati tushirilgan bo‘lib, bu rasmda O‘zbekiston prezidenti o‘z xalqiga qo‘li bilan kelajakni ko‘rsatmoqda”.

Bu O‘zbekiston TVsidagi tasvir edi, deya yakunlanadi Shpigel jurnalidagi “Mehnat majburlangan davlat” maqolasi.
XS
SM
MD
LG