Линклар

O‘zbekning "superkelinchagi" ham koreysga erga tegdi


O‘zbek qizlarining Koreyaga kelin bo‘lib tushayotganiga O‘zbekistonda ommabop bo‘lib qolgan koreys seriallari ham hissa qo‘shayotgani aytilmoqda.

O‘zbek qizlarining Koreyaga kelin bo‘lib tushayotganiga O‘zbekistonda ommabop bo‘lib qolgan koreys seriallari ham hissa qo‘shayotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston telekanallarida ertayu-kech koreys seriallari aylantirilayotgan bir paytda, o‘zbek qizlari orasida koreyalik kuyovlarga ishtiyoqmandlar soni ortmoqda. So‘nggi yillarda Janubiy Koreyaga kelin bo‘lib tushgan o‘zbek qizlari soni anchayin ko‘payib qoldi.

Maqolaning audiosini eshiting:


Namanganlik Nafisa uzoq Koreyaga kelin bo‘lib tushgan o‘zbek qizlarirdan biri.

- Ha, men erga tekkanman.

Ozodlik: Necha yil bo‘ldi?

- Ikki yil bo‘ldi.

Ozodlik: Qanaqa endi hayot? O‘rganib qoldingizmi?

- Ha, yaxshi. Bir chiroyli yashayapman.

Ozodlik: Qanday tekkansiz?

- Koreyagami?

Ozodlik: Ha.

- Shundoq rasmimni jo‘natganman. Rasmimni ko‘rib borgan.

Ozodlik: Sizni Koreyadan kelib olib ketganmi?

- Ha.

Ozodlik: Qalin berdimi?

- Unisini bilmadim. Bizga berishmagan.

Ozodlik: Eringiz musulmonchilikni qabul qildimi?

- Ha, qabul qildi.

Ozodlik: Farzandlaringiz bormi?

- Ha, bitta bor.

Ozodlik: Ismini nima qo‘ydingizlar?

- Marjonaxon, deydi namanganlik Nafisa.

Eridan ajralib ikki farzandi bilan qolgan o‘zbekistonlik Malohat ham hozir Koreyada yashaydi. Uning aytishicha, o‘zbek qizlari orasida koreysga turmushga chiqib, Janubiy Koreyadagi mahalliy hayotga ko‘nikib ketayotganlari juda oz.

- Yaxshi yashayotgan qizlar ham bor. O‘zbek yigitlarimizning gaplariga kirib, ishonib qo‘yib, koreys turmushlaridan chiqib ketayotgan qizlarimiz ham oz emas, juda ko‘p. Adashib, yomon yo‘llarda yurishibdi. To‘g‘risini aytganda, 100 foizdan 60 foizi ko‘chada hozir, deydi Malohat.

Koreysga turmushga chiqib Janubiy Koreyada sarson bo‘lib yurgan, kelganiga pushaymon bo‘lib qolgan o‘zbek qizlari ham ancha. Seulda ishlayotgan Ravshan aka o‘zi guvohi bo‘lgan bir voqeani aytib berdi.

- Seulda vokzalda bittasi oldimdan o‘tib ketayotgan edi. O‘zbekka o‘xshadi. Salomlashdik. Ikki-uch minut gaplashdik. Men “Nimaga keldingiz? O‘zimizda yaxshi hayot kechirsa bo‘lardi”, dedim. Qo‘lida ikki yashar o‘g‘li bor ekan. Toshkent shevasida “suraman bo‘ttan”, dedi. Endi bizga osonmas. Bu yerda yashaymiz, ishlaymiz. O‘zbek ayollarining bu yerda yurishligi bizga ham og‘ir botadi. Nima qilamiz endi? Qo‘limizdan nima kelardi, deydi Ravshan aka.

Seuldagi zavodlardan birida ishlayotgan Murodilla akaning aytishicha, o‘zbek qizlari koreys seriallaridagi yaltiroq hayotga uchib, koreyalik erkaklarga erga tegmoqda, bu yerga kelib esa ular buni aksini ko‘rmoqda.

- Juda ko‘pda bunaqalar.

Ozodlik: Koreys erkaklari o‘zbek ayollarini nimasi bilan jalb etayapti?

- Bizda endi kinolar ko‘payib ketayaptiyu. Koreys kinolari ko‘p qo‘yilayaptiyu. Qizlar ko‘rib endi shunaqa deb o‘ylayaptida. Hayot zo‘r ekan deydi. Kelgandan keyin attang qilishayapti juda ko‘pi. Qaytib ketishdan ham juda ko‘pi erining oldidan qochib ketgan.

Ozodlik: Kinoda nimani ko‘radiyu u yoqqa borib nimani ko‘radi?

- Kinolarda hayot zo‘rga o‘xshaydi. Kinoda endi zo‘r joylarini oladiyu. Koreys kinolarini ko‘rgandirsizlar. Chiroyli joylar, to‘q yashaydi, deb o‘ylaydida O‘zbekistondagilar. Bu yerda umuman hayot boshqachada. Kelgandan keyin nechtasi ajrashib ketib, qochib ketganlari bo‘lgan. Shunaqalar juda ko‘p bo‘ladi bu yerda.

Ozodlik: Kinodagi bilan u yoqdagining nima farqi bor?

- Hayotining farqi borda. O‘zimizning o‘zbekchilik boshqacha, koreysning hayoti boshqacha. Bular endi haligi cho‘qinadigan millatda. Nima deydi, ko‘pi dinni qabul qilayapti, ko‘pi qabul qilmayapti. Qabul qilayotganlari oz. Ko‘piniki bilmagan holda bo‘layapti. “Aka, ish topib bering. Ishlaymiz”, deb juda ko‘pi telefon qilishadi. Haligi eridan qochib ketganlar, boshqalarda. Pul uchun tekkanlar, hayotda qiynalganlar juda ko‘pda o‘zimizda, shunga pul uchun tekkanlar bor. Har xil voqealar bo‘layapti bu yerda. Bular endi boshida olayotganda ota-onasiga 10 mingmi, 20 mingmi dollar beradida.

Ozodlik: Qalin pulimi?

- Ha. Bir xillari 30 ming, 40 ming beradi. Shunga ishonib kelib olgandan keyin juda ko‘pchiligi qochib chiqib ketayapti, deydi Murodilla aka.

So‘nggi yetti yil ichida o‘zbek kanali orqali 20dan ziyod koreys seriali qo‘yildi. Ulardan eng ko‘p ko‘rilgani “Qish sonatasi” filmidir.

O‘z navbatida Janubiy Koreyada erkaklar uchun mahalliy koreys qiziga uylanish ancha qimmatga tushishi bois ular kelinni chet ellardan qidirishadi. Koreys qizlaridan farqli talablar ancha kamtarin bo‘lgan o‘zbek qizlari bilan turmush qurishadi.

- Bu yerda qimmatku. Koreysni olish qimmat. Uylanish qimmatda bularga. Mashinani ayolining nomiga o‘tkazadi, 100 ming dollarga olgan uyini xotinining nomiga o‘tkazadi.

Ozodlik: O‘zbekni olsa, o‘tkazmasa ham bo‘lavyeradimi?

- O‘zbekni olgandan keyin o‘tkazmaydida bular. Xotin kishi ustun turadi bu yerda. Erkak kishi sal pastroq turadi bu yerda. Shuning uchun ko‘pi chet elliklarga uylanayaptida. Filippin, vetnam juda ko‘p bu yerda. Shuning uchun ko‘pchilik koreys yigitlar chet elliklarga uylanayapti, deydi Murodilla aka.

Janubiy Koreyada erkaklarga mahalliy qizga uylanish ancha qimmatga tushishini seullik Yung Ai ham tasdiqlaydi.

- Bu yerda uylanish masalasi ancha qimmat. Erkak biron mahalliy qizga uylanishi uchun albatta uyi bo‘lishi kerak. Kelin tomon uyni yasatishni zimmasiga oladi. Bu xarajatlarni ko‘tarolmaydigan erkaklarimiz chet ellikka uylanib qo‘yaqoladi,- deydi Yung Ai.

Koreyada yashayotgan surxondaryolik Sobirjon akaning aytishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonga maxsus borib kelinlik bo‘lib qaytayotgan koreyslar ko‘payib qolgan.

- Uning sanog‘iga yetolmayman men. Juda ko‘p. Ayniqsa Namangan viloyatidan ko‘p. O‘rtadagi ayolmi, erkakmi namanganlik bo‘lsa kerak. O‘shaning hisobidan qiz ko‘payib ketgan. 16-17-18-21 yosh atrofidagi qizlar.

Ozodlik: Hammasi nikoh bilan kelishayaptimi?

- Nikoh o‘qiyapti O‘zbekistonda.

Ozodlik: Koreyslar borib olib kelayaptimi?

- Ha. Koreyslar boradi. Davlat nimasidan ham o‘tadi, domla ham nikoh o‘qiydi deydi.

Ozodlik: Koreyada qiz qurib qolibdimi? yo erkaklariga bizning qizlar yoqayaptimi?

- Gap yoqishdamas. Koreyada qizga uylanish uchun dom olib berish kerak. Uning nomiga qanchadir million so‘m pul qo‘yish kerak. Shuning uchun uylanadi. Bo‘lmasa uylana olmaydi Koreyada. 40-50 yoshga kirganlari ham yuribdi.

Ozodlik: Shunaqa qonun bormi?

- Qonun emas. An‘ana bu. Mashinasi, uyi bo‘lsa, keyin ayolining bankdagi schyotiga pul qo‘yadi, keyin uylanadi. Masalan, O‘zbekistonga borib bir oyligiga kelin olib kelayapti. 10 ming dollar bilan borsin. 10 ming dollar bilan ikkita ham olib keladi iloji bo‘lsa. Koreyada eng kam ish haqi 1000 dollardan oshadi. Men o‘zim Koreyaning puli bilan 2 million 700 ming olaman. Bir oy to‘xtamasdan ishlasam olaman, deydi surxondaryolik Sobirjon aka.

Koreyada yashayotgan Malohat koreyslar unga ham turmushga chiqishni taklif qilishgani, ammo u bunga rozi bo‘lmaganini aytadi.

- Iloji boricha, mening fikrimcha, qizlarni shu yerga erga bermasa, yaxshi bo‘lardi.

Ozodlik: Nimaga?

- Ko‘p qizlar kofir bilan o‘zining o‘rtasidagi nimalar to‘g‘ri kelmasdan qizlarimizning ko‘pi kasal ham bo‘lib qolishayapti. Nikoh shartnomasi tuziladiku. Ko‘p qizlarimiz kasal, ko‘p qizlarimiz yomon yo‘llarga kirib ketishgan. Karaokelarda, motellarda ishlab yurishibdi. “O‘zbek qizlarini uyatga qo‘ymagin. Yaxshi nom qoldirgin”, deb tanigan qizlarimizga nasihat qilamiz. Yaxshi yashaydiganlari ham bor. Ilojsizlikdan qaytib ketishga or qilayotgan qizlar ham bor.

Ozodlik: Bularning turmushga chiqishi qanday bo‘ladi?

- Qizlarimiz mana seriallarni ko‘rib qiziqishayapti birinchidan. Ikkinchidan, moddiy tomondan, uchinchidan, kechirasizu bizning o‘zbeklarning yaxshi qizi koreysga tegmaydi. Yaxshi qizlar o‘zimizning yigitlardan ham ortmaydi. Ko‘chada yurgan sovremenniy, ota-onasining gapiga quloq solmaydigan qizlar ko‘p.

Ozodlik: Siz Koreyaga qanday kelib qolgansiz?

- Davlat tomonidan kontrakt bo‘yicha.

Ozodlik: Sizga ham koreys erkaklari tomonidan turmushga chiqish taklifi bo‘lganmi?

- Bo‘lgan. Men turmushimdan ajraganman. Lekin men islomiy tarafni o‘ylaganman. Ikkita farzandim bor. Farzandimning ta‘limi uchun moddiy tomondan rozi bo‘lganman. Lekin islomiy tomondan kelajakda Olloh oldida uyalib, yetti pushtimga ziyoni yetishligidan qo‘rqqanim, Ollohdan qo‘rqqanim uchun bu yo‘lga kirmadim.

Ozodlik: Hozir ikkita farzandingiz bilan Koreyada yashayapsizmi?

- Yo‘q, Koreyada bitta o‘zim. Farzandlarim O‘zbekistonda.

Ozodlik: O‘zbekistondan koreys erkaklariga tekkan dugonalaringiz bormi?

- Bilganim bitta aktrisa qizimiz bor. "Super kelinchak"da o‘ynagan. Adiz Rajabov bilan "Super kelinchak"da o‘ynagan aktrisa borku. Mana shu qizimiz ham Koreyaga turmushga chiqdi. Nima uchun? Mening eshitishimcha, onasi rak bo‘lgan. Operatsiyaga pul yo‘qligi uchun koreysga turmushga chiqqan.

Ozodlik: Hozir qayerda u qiz?

- Koreyada. Lekin eshitishimcha, ketaman degan gaplari ham bor. Chunki onasi baribir o‘tdi. Eng asosiysi moddiy tomonlar. Yaxshi qiz hech qachon chet elga tegmaydi. Bu yerda ham koreyslarning yaxshisi chet ellik qizlarni olmaydi.

Ozodlik: O‘zingiz u qizni Koreyada ko‘rdingizmi?

- Ko‘rmadim, lekin ko‘rgan qizlar gapirib berishdi, deydi Malohat.

So‘nggi yillarda o‘zbek qizlarini Janubiy Koreyaga uzatayotgan yashirin sovchilar soni ham ortdi. O‘zbekistonlik tahlilchi Suhrob Ismoilovga ko‘ra, fuqarolarni aldab, xorijga olib ketayotganlar ko‘paygan. Ular bemalol, ochiq-oshkor ish qilmoqda.

- Turli xil tijorat maqsadlarida yuritiladigan kichik-kichik gazetalar ko‘payib ketgan. Mana shu gazetalarda ko‘pincha e‘lonlar sahifasi ham bor. E‘lonlar gazeta o‘zini xo‘jalik tarafdan saqlab turishi uchun eng katta daromad manbai hisoblanadi. Mana shu e‘lonlarni diqqat bilan kuzatganimizda, bu yerda noma‘lum shaxslar tarafidan faqat telefon raqamlari yoki xonadonlarning adreslari ko‘rsatilgan holatda “Bizga murojaat qilinglar. Biz sizlarni chet ellik ko‘rkam, boy-badavlat erkaklar bilan tanishtiramiz”, degan e‘lonlar borligini kuzatib qolamiz ba‘zilarida, deydi Suhrob Ismoilov.

Toshkentdagi Ekspert guruhi vakili Suhrob Ismolovning so‘zlarini Koreyada ishlayotgan qashqadaryolik Sobirjon aka ham tasdiqlaydi.

- Olti yildan beri mana shu yerda yashayapman men. O‘shalarning turmushi, hayoti juda qiyin ahvolda. Namangan, Andijon, Toshkent viloyatlaridan juda ham ko‘p qizlar bu yerga turmushga chiqib kelgan. Juda ayanchli ahvolda. Bir xil qizlarimiz aytayaptiki, qul sifatida qaramaydi. Shunchalik ekspluatatsiya qilib, mehnat qildiradida. Oilaviy turmush qilsa, ham mayli edi. O‘zbekistonda nikoh o‘qitayapti, deydi. U qanaqa domla u? Qanaqa domla buni nikohlaydi? Urf-odatini bilmasa, dinini bilmasa. Mana shunga juda achinaman, deydi qashqadaryolik Sobirjon aka.

Janubiy Koreyaga kelin bo‘lib tushgan o‘zbekistonliklar soni haqida aniq raqamni keltirish qiyin. O‘z ismini aytishni istamagan Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlaridan biri, “bu haqda aniq raqamni aytolmaymanku, lekin Koreyaga ketayotganlar oz emas”,- deb javob qildi.

Xorijlikka turmushga chiqasiz, xorijda tarbiyachilik qilasiz, puldor xonadonlarda xo‘jalik bekasi bo‘lasiz, deyilgan takliflarning aksari aldov ekanini bugun o‘zbekistonliklar ancha tushunib qolgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG