Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:20

"Qandoq qilib aytamiz?"


Bugun o‘zbek yigitlari dunyoning turli chekkasidan Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilib, O‘shda zo‘rlangan qizlarga uylanish niyati borligini bildirmoqdalar. O‘shda esa ayrim onaxonlar nomusi o‘z ixtiyoriga qarshi toptalgan qizlarni xor qilmoqda.

O‘shda zo‘rlangan qizlar haqida ilk bor radioning Pragadagi bosh qarorgohida ishlab turgan paytim eshitgan edim. Uch opa-singil o‘z uyida zo‘rlanganligini o‘zbek-qirg‘iz chegarasida jon saqlayotgan opalar gapirib bergandi. O‘shanda ular qizlarning ism-familiyasini ham bergan edi.

Sentabr oyida O‘shga qilgan safarimda Ro‘zixon ismli o‘zbekning jonkuyar opaxonlaridan biri menga hamroh bo‘ldi. Shu opa sababli zo‘rlangan ayollar, qizlar bilan ko‘rishishga muvaffaq bo‘ldim.

O‘shning o‘zbek mahallasida qarindoshinikida o‘sha uch opa-singilni ko‘rdim. Aniqrog‘i, shulardan ikkisini. Uchinchi, eng kenja zo‘rlangan qiz mehmonlar bilan uchrashmas ekan. Hali 18 ga ham kirmagan bu qiz hanuz karaxt holatda.

Qizlarning hikoyasi men bir necha oy oldin eshitgan hikoyadan oz farq qiladi. Ba‘zi bir vahshiylik usullari o‘shanda qo‘shib aytilganligini hisobga olmasa, voqea o‘sha-o‘sha.

Ular haqida radio uchun reportaj qilish niyati bilan borgan bo‘lsam-da, bu niyatdan tezda qaytdim. Qizlar istashmadi, ularning ayasi istamadi. Menda ham ularning yarasiga tuz sepish niyati yo‘q edi.

Hozir singlimdek bo‘lib qolgan o‘rtanchasi bilan telefonlashib turaman, ba‘zan internet orqali ham xat yozib turadi.

Saytimizga kelayotgan uylanish niyatini bildirayotgan yigitlarning fikrini o‘qib, yana qo‘ng‘iroq qildim. Chunki bokiradan-da bokira qizlarga ilindim shunday mard yigitlarni.

- Bilmadim. Qandoq qilib aytaman? Axir ularning kimligini bilmasam? Keyin, opa, men endi faqat karera qilishni o‘ylayapman. Peshanamda shunday yozilgan bo‘lsa kerak, - dedi xo‘rsinib tutingan singlim.

Bu qiznikiga sovchilar kelib turishgan ekan. Bir martalik sovchilar. O‘shlik sovchi ayollar opa-singillarning qayerda yashaganini eshitib, “ee, sizlar haligilarmi?” deb, ikkinchi bor kelmayotgan ekan.

- Unaqa demang. Mana, bizga yaxshi, mard yigitlar yozayapti. Sizdek xo‘rlangan qizlarga baxt bor, - deb ovutishga urindim.

Shu bilan birga, "besh barmoq bir emas"ligini o‘yladim. Nahotki, shunday vahshiylik ko‘rgan o‘shliklar yana sovchilikka kelib, shunday qiliq qilsa?

Ayam rahmatli: “Sovchilar oldin mahalladan qizni so‘rab, keyin hovliga kiradi”, der edi. Urf-odatni ro‘kach qilayotgan sovchi ayollar shu odatni qilsa bo‘lmasmikin¸ uch qizini vahshiylardan himoya qilishga kuchi yetmagan ota-onani ezmasdan? Bokira qiz qidirayotgan o‘shlik onaxonlar O‘sh qirg‘inini, o‘sha kungi dahshatni unutdimi?

Bu kabi savollarni beravyerib, javobsizligidan charchadim. O‘shda o‘z dardini ichiga olib yashayotgan opa-singillar bir-bir ko‘z oldimga keladi. Ular balki uyalganidan, “men mana, o‘sha zo‘rlangan qizlardan biri” deya ayta olmas...

Ishonaman, bu opa-singillar¸ albatta¸ baxtli bo‘ladi. Chunki bir necha vahshiylar tomonidan zo‘rlanganlar o‘sha azobni bugun unutishga harakat qilayapti. Ular hayotini davom ettirayapti. Shuning o‘zi bu singillar, bu opalarning qanchalik kuchli ekanini ko‘rsatmaydimi?
XS
SM
MD
LG