Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:09

O‘zbekistonda o‘quvchilar uyali telefondan ayrilishi mumkin


O‘zbekiston Oliy majlisi qonunchilik palatasida maktab yoshidagi bolalarning mobil telefondan foydalanishini cheklash haqidagi masala ko‘tarilmoqda. Yaqin kunlarda bu borada maxsus qonun loyihasi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Bu qonun loyihasi maktab o‘qituvchilarini xursand qilsa, farzandini nazorat qilib turishdan mosuvo bo‘lishi mumkin bo‘lgan ota-onalarni hozirdan o‘ylantira boshladi.

Samarqandlik Diyoraning yoshi 15 da. 9-sinfda o‘qiydigan bu suhbatdoshimiz ikki yildan buyon mobil telefonidan foydalanadi.

- Sinfimizda 34 ta o‘quvchi bor. Shulardan bir-ikkitasida yo‘q, qolgan hammasida bor telefon. Telefonni hamma darsda o‘chirib qo‘yadi. Dars tugaganidan keyin telefonni yoqamiz, - deydi Diyora.

Uning buvasi Ibrohim qo‘l telefoni Diyora va boshqa nevaralarini nazorat qilish uchun kerakligini aytadi:

- Nazorat qilish uchun faqatgina. Maktabdan chiqib, boshqa joylarga bormasligi uchun. Dars tugaganidan so‘ng darrov so‘raymiz qayerdaligini. Bizning bolalar ustidan shikoyat tushgani yo‘q. Chunki darsda o‘chirib qo‘yadi, - deydi Ibrohim aka.

Biroq samarqandlik bolalar shifokori Abdurahim Bozorovning aytishicha, qo‘l telefonlari maktab bolalariga salbiy ta‘sir o‘tkazayapti:

- Ayniqsa, ular rivojlanayotgan organizmda. Bu yerda bioenergiya ketayapti, elektroto‘lqinlar ketayapti. Shu uchun bolalarning qo‘liga berib qo‘yish uzoq vaqtdan keyin, kelajakda salbiy ta‘sirini ko‘rsatadi. Asosan nerv sistemasiga ta‘sir qiladi. Bosh miyaga, keyin orqa miyaga ta‘sir etadi. Asab sistemasining nerv tolalari qolgan sistemaga, masalan, yurakni, oshqozon-ichak sistemasini, o‘pkani, harakat-tayanch organlarini inervatsiya qiladi, - deydi pediatr Abdurahim Bozorov.

Maktab o‘quvchilarining mobil telefon tutishi ayrim muallimlarga ham malol kelayapti. Chiroqchilik 30 yillik stajga ega o‘qituvchi mobil telefoni egalari - o‘quvchilardan shikoyat qiladi.

- Juda xalaqit beradi. Birovlarga qo‘ng‘iroq qiladimi-yey, asabimizni buzadi-da. "Olib qo‘y, yig‘ishtirib qo‘y", deymiz, tanbeh beramiz.”Mayli, mayli” deya qo‘yadi, lekin bo‘lmaydi. Foydasi yo‘q narsa-da, biz tomonlarda juda ko‘payib ketgan. Menimcha, shahar joyida bilmadimu, qishloq joyida mobil telefonning keragi yo‘q. Shahar tomonida ota-onasi bezovta bo‘lishi mumkin yoki kelmay qolsa, gaplashishi mumkin bolasi bilan. Qishloq joyida nima foydasi bor? Uyi maktabga yaqin bo‘lsa, bir-ikki kilometr oraliqda hammasining uyi, - deydi chiroqchilik o‘qituvchi.

O‘zbekistonda so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, 3 million 360 mingdan odam mobil internetdan foydalanmoqda. Ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi.
XS
SM
MD
LG