Линклар

37 yoshli huquq faoli Dmitriy Tixonov Toshkent viloyat Xorijga chiqish, kirish va qayddan o‘tish boshqarmasini sudga berdi. Tixonov olti oy avval chiqish vizasi olish uchun hujjat topshirgan. Lekin unga hech bir sabab ko‘rsatmasdan chiqish vizasi berilishini rad qilishgach, u sudga da‘vo arizasi kiritishga majbur bo‘ldi.


Entomolog olim, huquq himoyachisi, angrenlik 37 yoshli Dmitriy Tixonov Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga Toshkent viloyat Xorijga chiqish, kirish va qayddan o‘tish boshqarmasi ustidan da‘vo arizasi kiritdi.

Dmitriy Tixonov Ozodlik bilan suhbatda, joriy yilning 26 may kuni Toshkent viloyat Xorijga chiqish, kirish va qayddan o‘tish boshqarmasiga chiqish vizasi olish uchun hujjat topshirgani, unga chiqish vizasi berilishi rad etilgach, sudga murojaat qilishga qaror qilganini aytadi.

- Men Toshkent viloyat OVIRi ustidan Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga da‘vo arizasi kiritdim. Chunki menga olti oydirki chiqish vizasi berilmayapti. Bir necha kun avval men suddan arizam qabul qilingani haqida xabar oldim. 26 may kuni menga chiqish vizasi berishlarini so‘rab, Toshkent viloyat OVIRiga hujjatlarimni topshirgandim. Mana olti oydan beri menga chiqish vizasini berishmayapti. Boz ustiga nima sababdan chiqish vizasini berishmayotgani borasida hech qanday tushuntirish ham berishgani yo‘q. Shuning uchun Toshkent viloyat OVIRini sudga berdim. Hozircha sud qachon boshlanishi noma‘lum, deydi huquq faoli.

Dmitriy Tixonov o‘ziga chiqish vizasi berilmayotganiga birorta asos bo‘lsa, bu haqda unga ma‘lum qilishlari, agar asos bo‘lmasa, unga chiqish vizasi berilishini talab qilib, qator rasmiy idoralarga yozma ravishda murojaat qilgan. “Biroq hech qanday natija bo‘lmadi”, deydi Dmitriy.

- Men O‘zbekiston ichki ishlar vaziri nomiga shikoyat arizasi yo‘lladim. O‘zbekiston IIB qoshidagi OVIR boshqarmasiga ikki marta yozdim. O‘zbekiston bosh prokuraturasiga yozma murojaat qildim. Angrent shahar prokuraturasiga yozdim. Shu paytgacha biror bir jo‘yali javob olmadim. Menga hech kim vaziyatni tushintirib bermayapti. Bir oy avval Angren shahar pasport bo‘limi rahbari bilan birgalikda Toshkent viloyat OVIRiga bordim. Menga viloyat OVIRIda podpolkovnik ularda menga chiqish viza bermaslik haqida O‘zbekiston IIV tomonidan og‘zaki ravishda topshiriq berilganini aytdi. Men yozma ravishda tushuntirish berishlarini so‘radim. U menga yozma ravishda javob bera olmasligini aytdi. U unda bu borada yozma qarorning o‘zi yo‘qligi, lekin menga chiqish viza bermaslik haqida og‘zaki qaror borligini aytdi, deydi Tixonov.

Joriy yilning yozida huquq faoli O‘zbekiston bosh prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, o‘ziga chiqish vizasi berilmasa, norozilik bildirib piketga chiqishini ma‘lum qilgan. Biroq Dmitriy militsiya xodimlari unga taziyq o‘tkazgach, piketga chiqmagan.

- Men norozilik sifatida piketga chiqishim borasida ogohlantirganimdan keyin Angren shahar militsiyasi meni ta‘qib qila boshladi. Ular meni militsiya bo‘limiga olib borishdi. Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i agar men piketga chiqsam bu men uchun yaxshilik bilan tugamasligini aytib tahdid qildi, deydi huquq faoli.

Dmitriy Tixonov 1992 yildan buyon inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanib keladi. “Bu faolligim hukumatga yoqmagani aniq” der ekan Dmitriy unga chiqish vizasi berilmayotgani sababini, huquq himoyachisi sifatidagi faoliyati bilan bog‘laydi.

- Men yuz foiz aminmanki, bu mening huquq faoli sifatidagi faoliyatim bilan bog‘liq. Chunki men bungacha hech qanday muammosiz uch marta chiqish vizasini olganman. Har doim menga 21 kun ichida chiqish vizasini berishgan. Men keyingi uch yil mobaynida huquq faoli sifatida kengroq va oshkora shug‘ullana boshladim. Meni maqolalarim internet sahifalarida ko‘plab yoritila boshladi. Farg‘ona. ru va Uznyus. net saytlarida ko‘plab chiqishlar qildim. Bu kabi oshkora faoliyatim yuqoridagilarga yoqmagani aniq. Shuning uchun menga chiqish vizasini berishmayapti, deydi Dmitriy Tixonov.

O‘zbekistondagi chiqish viza rejimi hamda bu boradagi mavjud byurokratik to‘siqlar barchaga ma‘lum.

O‘zbekistonda huquq faollari, muxolifatchilar va mustaqil jurnalistlar, shuningdek, o‘zgacha fikrlovchi ko‘plab fuqarolarni o‘z ichiga olgan “yuqori” ning “qora ro‘yxati” bo‘lib, bu ro‘yxatdagilarga chiqish vizasi berilmasligi endilikda hech kimga sir bo‘lmay qoldi.

O‘zbekistondan chiqa olmayotganlar ro‘yxatida huquq faollari Baxodir Namozov, Saida Qurbonova, Mamirjon Azimov, O‘ktam Pardayevlar ham bor.
XS
SM
MD
LG