Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:05

Jabrlangan o‘shliklarga ko‘mir va‘da qilmoqdalar


Uylari yongan o‘shliklar to biror boshpana tiklab olgunlarigacha qattiq sovuq tushmasligini tilab o‘tiribdilar.
Uylari yongan o‘shliklar to biror boshpana tiklab olgunlarigacha qattiq sovuq tushmasligini tilab o‘tiribdilar.

Xalqaro donorlar ko‘magiga qaramay, iyun voqealari chog‘ida O‘sh shahrida yondirib yuborilgan uylarni qayta tiklash ishi hali-hanuz nihoyasiga yetgani yo‘q. Ayni paytda qilichini yalang‘ochlab kelayotgan qish uyi kuygan o‘shliklarning bir tashvishiga o‘n tashvish qo‘shayapti.


O‘shlik Gulmira opa iyun qirg‘inida uysiz qolganlardan biri. Uning aytishicha, hukumat qishgacha barcha uysiz qolganlarni uy bilan ta‘minlashini e‘lon qilgan bo‘lsa-da, bu ish sustlik bilan olib borilmoqda. Bundan tashqari Gulmira opaning qishga tayyorgarligi ham yo‘q.

- Bizning uyimiz yo‘q-ku hali, ko‘mir haqida eslaganimiz ham yo‘q. Mana endigina fundamentning tagini qo‘yishayapti, - deydi Gulmira opa.

O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash direksiyasi rahbari Jonto‘ra Sotvoldiyevning aytishicha, Qirg‘izistonga safar qilgan Yevropa komissiyasining taraqqiyot ishlari bo‘yicha komissari Andris Piyebalgs va BMTning Qirg‘izistondagi muvofiqlashtiruvchisi Nil Uvolker bilan prezident Roza O‘tunboyevaning uchrashuvlari chog‘ida ayni mana shu masala, ya‘ni qishgacha o‘shliklarni uy bilan ta‘minlash masalasi ko‘tarilgan. Mazkur uchrashuvda ishtirok etgan Jonto‘ra Sotvoldiyev uysiz qolgan barcha o‘shliklar noyabr oyi oxirigacha uy bilan ta‘minlanishini bildirgan.

- 20- 25 noyabrgacha yonib ketgan uylarni tiklash ishlari yakunlanadi. Ob-havo yaxshi bo‘lib tursa, bu reja bajariladi. Bundan tashqari, uchrashuvda O‘shni 2011 va 2012 yillarda rivojlantirish rejalari muhokama qilindi, - dedi Jonto‘ra Sotivoldiyev.

Rasmiyning aytishicha, yondirilgan uylar o‘rniga qurilayotgan 2 xonali “o‘tish davri uylari”ning har birini qurish uchun ko‘pi bilan 2 hafta talab qilinadi. 4 kun poydevor, 4 kun devor ko‘tariladi, 4 kunda esa tom yopiladi.

O‘shlik Nazira opa hukumat rasmiysining: “Agar ob-havo yaxshi bo‘lsa, 25 noyabrgacha uylar qurib bitkaziladi”, degan gapida jon bor ekanini aytadi:

- Xudo xohlasa, harakat juda yaxshi. Qurilishlar juda avjida. Yog‘in-sochin bo‘lmay tursa, tez orada uylar bitib qoladi, - deydi Nazira opa.

Biroq suhbatdoshimiz uylar bitgani bilan aholining qishga tayyorgarligi yo‘q ekanini aytadi:

- Bu ikkinchi masala edi. Biroq qish yaqinlashgani sari bu birinchi masalaga aylanib bormoqda. Uyimiz bo‘lgani bilan o‘tin-ko‘mirimiz yo‘q bo‘lsa, qishdan chiqish qiyinroq bo‘ladi. O‘tin, ko‘mirni qayerdan olishimizni bilmaymiz, - deydi Nazira opa.

O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash direksiyasi rahbari Jonto‘ra Sotvoldiyev aholini ko‘mir bilan ta‘minlash masalasida ham xalqaro tashkilotlar bilan so‘zlashuvlar olib borilayotganini aytdi:

- Har bir jabr ko‘rgan xonadonga 2 tonnadan ko‘mir tarqatiladi, pechkalar quriladi. Bu ish keyingi haftadan boshlanadi. Bu borada gumanitar tashkilotlar bilan so‘zlashuvlar muvaffaqiyatli yakunlangan, - dedi Jonto‘ra Sotvoldiyev.

Hukumat rasmiysining aytishicha, shu kungacha bir qator donor davlatlar O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash ishlariga moliyaviy jihatdan ko‘maklashishlarini bildirganlar.

- Bu jarayon 30 oyni qamrab oladi, ya‘ni shu yilning olti oyi, 2011 va 2012 yillarda qayta tiklash ishlari yakunlanadi. Bu ishga donorlar 1 milliard 100 ming dollar va‘da qilishgan. Biroq bu mablag‘ berilishi uchun Qirg‘iziston demokratik tamoyillardan chekinmasligini isbotlashi va qonuniy hukumatni tezroq shakllantirishi kerakligi shart qilib qo‘yilgan, - dedi Jonto‘ra Sotvoldiyev.
XS
SM
MD
LG