Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:39

O‘zbekistonda diniy erkinlik vaziyati tanqid qilindi


AQSh Davlat departamentining jahondagi diniy erkinliklar vaziyatiga doir yangi hisobotida O‘zbekiston yana tanqid qilindi. Yangi hisobotining 17 sahifasi O‘zbekistondagi diniy erkinliklar ahvoliga bag‘ishlangan.


Hisobotda aytilishicha, O‘zbekistonda 1998 yilda qabul qilingan Din to‘g‘risidagi qonun fuqarolarning e‘tiqod erkinligini cheklab qo‘ygan.

Diniy targ‘ibot, diniy adabiyotlarni mamlakatga olib kirish va tarqatish, shuningdek, xususiy ravishda diniy darslar berish kabi harakatlar mazkur qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan, bu qonunni buzganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

- O‘zbekistonda hukumatning diniy erkinlikka bo‘lgan hurmati bir necha jabhalarda pasaydi. Nasroniy va boshqa diniy guruhlarga hukumat reydlari, diniy ozchilik vakillari jarimaga tortildi va boshqa cheklovlar bilan yuzma-yuz keldi, - dedi AQSh Davlat kotibining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari bo‘yicha yordamchisi Maykl Pozner chorshanba kuni Vashingtonda hisobotni jamoatchilik hukmiga havola qilar ekan.

"Ayrim diniy guruhlarni ro‘yxatga olishni rad etib, boshqalarini esa ro‘yxatdan o‘chirish bilan hukumat bu guruhlarni ibodat qilish huquqlaridan mahrum qildi", deyiladi hujjatda.

Hisobotda keltirilishicha, o‘tgan bir yil mobaynida O‘zbekistonda 141 shaxs nurchilik diniy oqimiga mansublikda ayblanib, 6 yildan 12 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan maxrum etilganlar.

2009 yil yozida Toshkentda ikki diniy ulamo va ichki ishlar mulozimiga uyushtirilgan suiqasd ortidan esa yuzlab odam ekstremizm aybi bilan qamoqqa olindi.

Ularning ayrimlariga qotillik bilan bog‘liq ayblar qo‘yilgan bo‘lsa, ko‘pchiligi faqatgina noqonuniy diniy tashkilotga a‘zolikda ayblandi.

Hisobotda ayrim kichik diniy guruhlarning ro‘yxatdan o‘tishda muammolar bilan ro‘para kelganlari ham aytiladi. Garchi O‘zbekistonda hukumat musulmon, yahudiy, katolik va rus pravoslav jamoalari faoliyatiga to‘sqinlik qilmasa-da, ba‘zi kam sonli diniy guruhlar ro‘yxatdan o‘tmaganicha qoldilar, chunki ular ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha qonunda belgilangan qat‘iy talablarga javob bera olmaganlar.

Prozelitizm bilan shug‘ullanishda gumon qilingan guruhlarga qarshi reydlar, tazyiqlar uyushtirilgan, ularning yetakchilari va a‘zolari hibsga olingan, ba‘zilariga nisbatan jinoiy javobgarlik ayblovi qarshi surilgan.

Hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston jamiyati diniy guruhlarga nisbatan bag‘rikeng munosabatda bo‘ladi, diniy guruhlar ham odatda bir-biriga nisbatan bag‘rikeng munosabatda, ammo o‘zbek millatiga mansub nasroniylarga, ayniqsa nasroniylikni yaqinda qabul qilganlarga nisbatan qo‘shnilar, qarindoshlar va ish beruvchilar tomonidan ba‘zida bosim o‘tkaziladi.

O‘zbekiston 2006 yildan buyon diniy erkinliklar borasida alohida xavotir uyg‘otuvchi mamlakatlar ro‘yxatida bo‘lib keladi.
XS
SM
MD
LG