Линклар

logo-print

Qirg‘iziston: Tilga e‘tibor - titul millatga e‘tibor!


O‘sh va Jalolobod fojealarida o‘zbek tilining asoschisi hisoblanmish Alisher Navoiyga qo‘yilgan hayokal ham omon qolmadi.

O‘sh va Jalolobod fojealarida o‘zbek tilining asoschisi hisoblanmish Alisher Navoiyga qo‘yilgan hayokal ham omon qolmadi.

"Mezon TV" "Bashat TV"ga aylantirildi. "O‘sh TV" "O‘sh TV"ligicha qoldi, biroq o‘zbekcha ko‘rsatuvlar batamom tugatildi. Asosan o‘zbek tilida ko‘rsatuvlar berib kelgan O‘shdagi bu ikki televideniye iyun voqealari boshlangan kuni yopib qo‘yilgan edi. Bu xususiy televideniyelarning rahbariyati fojeadan so‘ng almashdi.


Jurnalistlari va texnik xodimlari asosan o‘zbeklar bo‘lgan “Mezon TV” 11 iyun kuni yopilganicha hanuz faoliyatini boshlagani yo‘q.

“Mezon TV”ning nomi fojeadan keyin qirg‘izchalashtirildi. Shu kunda u “Bashat TV”, deb atalmoqda.

“Bashat TV” direktori Adiba Samatovaning aytishicha, u boshqarayotgan axborot vositasi bundan buyon “bolalar va yoshlar uchun ma‘rifiy kanal” bo‘ladi, siyosatga aralashmaydi.

Biz sobiq “Mezon TV” sohibi Javlon Mirzaxo‘jayevning qayerdaligiga qiziqdik.

Samatova xonimning aytishicha, u shu kunda mamlakat hududidan tashqarida.

Samatova xonimga ko‘ra, “Javlon Mirzaxo‘jayev o‘z mulki – “Mezon TV”dan voz kechgan, ya‘ni televideniyeni yangi mulkdorga tekinga o‘tkazib bergan”.

Samatova xonimning aytishicha, Javlon Mirzaxo‘jayev mulkini o‘tkazib berish jarayonida shaxsan ishtirok etmagan. U qandaydir bir shaxsga ishonchnoma bergan va o‘sha odam uning nomidan barcha hujjatlarni imzolagan.

Javlon Mirzaxo‘jayevning nomidan ish ko‘rgan odamning kimligi to‘g‘risida Samatova xonim bir narsa demadi.

Nomi “Bashat TV”ga aylantirilgan “Mezon TV” shu kunda ishlamayapti.

- Yangi yilga yaqin efirga chiqishni rejalashtiryapmiz, dedi Samatova xonim.

O‘shdagi yana bir xususiy telekanal – “O‘sh TV” ham o‘zbek televideniyesi sifatida tanilgan edi.

Xalil Xudoyberdiyevning xususiy mulki bo‘lgan “O‘sh TV” nafaqat O‘shdagi, balki mintaqadagi birinchi xususiy telekanallardandir – unga 1991 yili asos solingan.

Televideniyesi faoliyati to‘xtatib qo‘yilganidan bir oy o‘tib, 9 iyul kuni Xalil Xudoyberdiyev Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati O‘sh viloyat boshqarmasiga olib ketilgan va o‘sha idoradagi suhbatdan ikki kun o‘tib oilasi bilan respublikadan chiqib ketgan edi.

Ketishi bilan “O‘sh TV” rahbari qilib qirg‘iz millatiga mansub Komil Siddiqov tayinlangandi.

Shu kunda “O‘sh TV”ni Syuita Sourbayeva boshqarmoqda. Muxbiringiz Sourbayeva xonim bilan bog‘landi. U kishi “bir soatdan keyin” savollarimizga javob berishga va‘da berdi. Lekin keyin telefonini ochmay qo‘ydi.

Shuning uchun Sourbayeva xonimning 22 sentabr kuni AKIpressga aytganlarini keltiramiz.

“Ba‘zi kinofilmlar va multfilmlardan tashqari barcha programmalar davlat tilida efirga uzatilmoqda”, degan edi AKIpressga Sourbayeva.

“O‘sh TV”ga yaqin bir manbaning ovozini eshittirmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, “o‘zbekcha alohida ko‘rsatuv u yoqda tursin, hatto “Yangiliklar” dasturi syujetlarida bironta o‘zbek gapirib qoladigan bo‘lsa, uning ovozi ham eshittirilmay, ustidan qirg‘izcha tarjimasi o‘qilmoqda. Hatto “uy sotaman” degan e‘lonni ham o‘zbekcha berish mumkin emas”.

“Xalil Xudoyberdiyev davrida, deydi manba, “O‘sh TV”da 20 dan ziyod o‘zbek ishlar edi. Yangi rahbariyat kelganidan buyon 4-5 o‘zbek o‘z xohishi bilan ishdan ketdi, 10 nafar atrofidagi o‘zbek jurnalist va texnik xodim toqatidan tashqari ish tayinlanib, ishdan ketishga majbur qilindi”.

Sourbayeva xonimning o‘zi ham AKIpressga bergan intervyusida kadrlarni almashtirish jarayoniga katta e‘tibor qaratayotganini aytgan.

O‘shdagi “Kultura plyus” nodavlat tashkiloti rahbari, millati qirg‘iz Alima Sharipova Sourbayeva xonimning yana bir intervyusida aytgani boshqa gapni esladi.

- Asosiy bizning yetishganligimiz bir og‘iz o‘zbek tilida bir narsa chiqarmayapmiz. Biz shuni yetishganligimiz deb bilamiz deb aytibdi intervyuda, deydi Alima Sharipova.

Mamlakat informatsion makonidagi vaziyatni sharhlar ekan, Alima Sharipova mana bunday dedi.

- KTR, LTR qirg‘iz gazetasi polnostyu natsionaliticheskiy faktor bilan besh oydan beri turishibdida. Qirg‘iz tilida ketayotgan yangiliklar, televideniye, radioda boshqa millatdagi odamlar voobshe eshitmay qo‘ydida. Sabab qirg‘iz tilida ketayotgandan keyin u tolko samovosxvaliyeniye kirgizskogo naroda. 20 yildan beri qalpoq, qirg‘iz kim edi, qirg‘iz bo‘lish kerak, undan boshqa gap yo‘q. Janubiy Qirg‘izistonda bugungi kunda yo o‘zbek gazetasi yo‘q, yo o‘zbek radiosi yo‘q, yo o‘zbek tilidagi televideniye yo‘q yo sayt yo‘q. Shuning uun biz shunchalik muhtoj bo‘layapmizda, bugun bizga rus tilida bo‘lsa ham radio kerak bo‘layapti nezavisimiy, deydi

O‘shdagi “Kultura plyus” nodavlat tashkiloti rahbari, millati qirg‘iz Alima Sharipova.
XS
SM
MD
LG