Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:23

Ali Hamroyev: Men o‘zbek rejissoriman!


Taniqli kinorejissyor Ali Hamroyev sohibqiron Amir Temur haqida film olishni orzu qiladi.
Taniqli kinorejissyor Ali Hamroyev sohibqiron Amir Temur haqida film olishni orzu qiladi.

"O‘zbek kinosining o‘ziga xos yangi davr madaniyatini yaratish uchun o‘nlab yillar kerak, madaniyatni esa alohida shaxslar emas, balki butun xalq yaratadi". Bu gaplar taniqli o‘zbek kinorejisseri Ali Hamroyevga doxildir.


Ozodlik bilan suhbat avvalida zamonaviy o‘zbek kino san‘ati masalasiga to‘xtalgan Ali Hamroyev uning sovet o‘zbek kinosi negizida yaratilganligi va “O‘zbekfilm” kinostudiyasi fuqarolar urushi haqida olgan ko‘plab filmlari uchun nohaq ravishda “Bosmachifilm” deb nomlanganini aytadi.

- Bu mutlaqo noto‘g‘ri - omi odamlarning nuqtai nazari. Shu tariqa Kiyevdagi Dovjenko studiyasini “Maxnofilm”, “Mosfilm”ni yana boshqa nomlar bilan haqoratlash mumkin. Gap shundaki, tarixiy haqiqat ekranlarda yoritilishi kerak edi. O‘sha davr mafkurasi bolsheviklar, “qizillar” g‘alabasini namoyish qilish uchun barcha sovyet respublikalarida bunday filmlar namoyish qilingan. Lekin e‘tibor bergan bo‘lsangiz, O‘zbekistondagi “bosmachilik”, ya‘ni “bosqinchilik” deb nomlangan milliy-ozodlik harakati sovyet mafkurasi tomonidan “banditchilik” deb ham nomlanardi. O‘zingiz guvohsiz: Afg‘onistonda o‘z ozodligi uchun kurashgan mujohidlar “dushman”, deb atalgan. Lekin hatto shu filmlarda ham biz ijodkorlar kuchli xarakter, dinamika, shaxsning ichki dunyosini namoyish qilishga uringanmiz. Mana, masalan, “Yettinchi o‘q”dagi komandir Maqsumov o‘z hayotidan voz kechib, o‘z yigitlarini qutqarishga jo‘nagan kuchli shaxs. Shuning uchun bu davr filmlarini siyosiy bo‘yoqlarni olib tashlab tomosha qilish kerak, xolos, deydi kinorejissyor Ali Hamroyev.

“Demak, general Abdurashid Do‘stum haqidagi xujjatli filmingiz shu kuchli shaxslarning tasviridan yana bir ko‘rinish, deb hisoblash mumkin, shunaqami?” deb so‘raymiz rejissyor Hamroyevdan.

- So‘zsiz! Faqat xujjatli film janrida. Men va mening rahmatli akam bir necha marta Afg‘onistonga borganmiz. General Do‘stum menga juda yoqib tushdi. U bizni yaxshi kutib oldi, biz hayot to‘g‘risida u bilan uzoq suhbatlashganmiz. Men u kishining otasi, oilasi bilan yaqindan tanishdim. U o‘z yurtida juda katta obro‘-hurmatga ega odam. Men, to‘g‘risi, afg‘on o‘zbeklari haqida film qilmoqchi edim. General Do‘stum menga “Buyuk Temur” filmini yaratishda yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Bilasizmi, bu mening orzuim, lekin uni amalga oshirish uchun mablag‘ yetarli emas. Buni eshitib Do‘stum menga: “Keling! Shu yerda men sizga film uchun sharoit yaratib beraman. 25 ming askar hozirlashim mumkin”, dedi. Men avvaliga ishonmadim. Ertasi kuni tushlikkacha Mozori Sharif yaqinidagi qal‘aga haqiqatan 25 ming otliq askar to‘plandi! “Askarlarni saralab olishingiz kerak, bo‘lmasam Temur haqidagi filmga butun Afg‘oniston yig‘iladi!” dedi. Shunda men general Do‘stum haqida film olishni niyat qildim, deydi Ali Hamroyev.

Shunday qilib, Ali Hamroyev afg‘onistonlik o‘zbeklar va ularning yorqin namoyandasi – Abdurashid Do‘stum haqida film yaratdi. “1997 yilning 19 may kuni, men 60 yoshga kirgan kunim, men Shiburg‘ondagi Oq Saroyda bu filmni namoyish qildim,” deya davom ettiradi rejissyor.

- Uning generallari, hukumati tomosha qildi. Do‘stumga film yoqdi, u meni quchoqlab tabrikladi, kechga meni nomimga ziyofat uyushtirilganini aytdi. Lekin 20 daqiqadan keyin men rossiyalik ikkita operator bilan Do‘sto‘m mashinasida Termiz chegarasiga qarab qochayotgan edik: Tolibon Afg‘onistonda davlat to‘ntarishini uyushtirgan edi. Mozori Sharifda bizni Tolibon guruhi qo‘lga oldi. Bizlarga avtomat o‘qtaldilar. Shunda men o‘z hayotimga rejisserlik qilishim vaqti kelganini angladim. “Biz BMTdan, sizlarga dori-darmon, kiyim-kechak olib keldik, mana hujjatlarim!” deb, inglizcha-italyancha baqir-chaqir qildim. Ularning boshlig‘i “Xorija!” deb afsuslanib qo‘yib yubordi. O‘zimizning o‘zbek chegarasida esa sim tortilgan, “Men Ali Hamroyev, rejissyor!” deb rosa qichqirdim, o‘zbek pasportimni ko‘rsatdim. Chegarachi esa: “Mumkin emas, ertalabki yettigacha chegara yopilgan!”, deydi. Majbur bo‘ldik, shu chegarada tunab qoldik. Shunda meni tanib qolgan chegara posti boshlig‘i simlar orasidan bizni o‘tkazib yubordi. Faqat bir necha yildan keyin biz Abdurashid Do‘stum bilan uchrashdik va men unga bu filmning yangi kassetasini taqdim etdim, chunki eskisi Oq Saroyda alangada qolgan ekan, - deya eslaydi Ali Hamroyev.

73 yoshga kirgan bo‘lsa-da, suhbatdoshimiz ijodiy loyihalari ko‘p ekanligini aytadi.

Taniqli o‘zbek kinorejissyori Ali Hamroyev 1937 yilda Toshkentda aktyor va ssenariylar muallifi Ergash Hamroyev oilasida tug‘ilgan. Uning onasi Anastasiya Tarasich ham kinostudiyada ishlagan. Ergash Hamroyev o‘g‘lini 3 yasharligida kinostudiyaga olib kelgan. Shu tariqa mana hozirgacha Ali Hamroyev kinostudiyasisiz o‘z hayotini tasavvur qilmaydi. Shubhasiz, bunday ijodiy muhit uning kelajakda mashhur kinorejissyor bo‘lib yetishishida yetakchi omil bo‘ldi.

Ali Hamroyev Moskvadagi Davlat kinematografiya institutini bitirib ijodiy faoliyati davomida 18 ta badiiy va 20 ta hujjatli film yaratdi.

Ijodini boshlagach, 1961 yildan beri postanovkachi rejissyor sifatida «Bolalar haqida kichik sarguzashtlar» (1961), «Sevadimi-sevmaydimi» («Tojikfilm, 1962), «Laylak keldi, yoz bo‘ldi» (1966), «Qizil kushlar» (Akmal Akbarxo‘jayev bilan hamkorlikda, 1967), «Dilorom» (birinchi film-operasi, 1968), «Favkulodda komissar» (1970), «Shiddat» (1971), «Yettinchi o‘k» (1972), «Muxlis» (1973), «Mevazorlik ayol», (1977), «Inson qushlar ortidan boradi» kabi ko‘plab hayotiy badiiy filmlarni suratga oldi.

U ssenariy yozgan va rejissyorlik qilgan "Oppoq laylaklar", "Favqulodda komissar", "Inson qushlar ortidan boradi", "Uchlik", "Yettinchi o‘q" va "Kobuldagi jazirama yoz" kabi filmlar nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun sobiq Sovyet Ittifoqi hududlarida ham el og‘ziga tushgan.

Uning nomi faqat respublikamizdagina emas, balki xorijda tanila bordi, filmlari Xalqaro kinofestivallarda yuksak sovrinlarga sazovor bo‘ldi. Jumladan, «Inson qushlar ortidan boradi» (1975) badiiy filmi 1977 yili Dehlida bo‘lgan Xalqaro kinofestivalda yaxshi rejissyorlik ishi sifatida ikkinchi mukofotga va «Kumush tovus» sovriniga loyiq, deb topildi. Rejissyorning “Triptix”(1979 yil) asari esa San-Remo kinofestivalida Gran-pri sovrinini oldi.

Kino ustasi Ali Hamroyev ijodiga buyuk Mikelandjelo Antonioni yuqori baho bergan va hatto Amir Temir haqida film yaratish uchun o‘tgan asrning 80-yillarida Italiyaga taklif qilgan. Ali Hamroyev so‘nggi yillarda Amir Temur haqidagi filmni yaratish uning eng katta orzusi ekanini gapiradi. Lekin, deydi rejissyor Ali Hamroyev, buning uchun katta mablag‘ kerak.

- Buning uchun kamida 50 million dollarlik mablag‘ zarur. Lekin men ishonch bilan aytishim mumkinki, 50 million dollar sarflab, bu filmdan bir milliard dollar daromad qilish mumkin. Men 90-yillar boshida italiyaliklar bilan bu filmni olishga kirishgan edim. Biz hatto kostyumlarni, rekvizitlarni tayyorlagan ham edik. 1991 yilda Sovyet Ittifoqi parchalanib ketdi va bizning rekvizitlarimiz turli respublikalarda qolib ketdi. Dekoratsiyalarimiz “Qozoqfilm”da, kostyumlarimiz va rekvizitlarimiz “Qirg‘izfilm”da, Issiq-Ko‘lda qolib ketdi... Shirkatimiz bankrotga uchradi va o‘sha davrdan buyon men bu filmni yaratishga mablag‘ topa olmayapman, vaholanki film ssenariysi tayyor. Sovyet davrida u kallakesar, qonho‘r podsho edi, mustaqillik davrida u insonparvar, xalqparvar shaxsga aylandi. Lekin u o‘z davrining namoyandasi. U ham oddiy banda! Men uni murakkab shaxs ekanligi haqidagi haqiqatni namoyish qilmoqchiman. Ishoning, bu film “Chingizxon” yoki boshqa tarixiy filmlardan ommaviyroq va qiziqarliroq chiqadi, - deydi Ali Hamroyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Amir Temur shaxsiga studentlik davridan qiziqqan. “Mening Temur haqidagi birinchi yozuvlarim 1957 yilda qog‘ozga tushirilgan. Va o‘sha davrdan uni qanday murakkab shaxs ekanligini jahonga namoyish qilish rejalarim bor”, deydi rejissyor.

Ali Hamroyev zamonaviy o‘zbek kinosining muammolariga oid o‘z fikriga ekanligini gapirdi. U O‘zbekistonda kino san‘atiga katta mablag‘ ajratilishiga qaramasdan ularning asosiy qismi ko‘kka sovurilayapti, degan fikrda.

- Bu mablag‘lar ahmoqona tarzda sarflanayapti! Pullar xususiy kinostudiyalarga tarqatilayapti. Bu kinostudiyalardagi tasodifiy odamlar: “Pul bo‘lsa, demak kino olsa ham bo‘ladi!” degan fikr bilan kino olayapti. Keyin ular yaxshi aktyorlarni, operatorlarni, rassomlarni va rejissyorlarni ishga olmasdan, bir-ikkita qo‘shiq bilan tanilgan xonandalarni va ko‘chadan kelgan va hamma narsaga ko‘nadigan shaxslarni tanlayapti. Qani zamonaviy Nabi Rahimovlar, Sora Eshonto‘rayevalar, Hamza Umarovlar, Shukur Burhonovlar? Bir tomondan bu tabiiy holat. Odamlarni avval qornini to‘ydirish kerak. Hukumat birinchi navbatda mana shularga asosiy e‘tiborini qaratmoqda. Lekin madaniyatga sarf-xarajatni oshirish kerak. Aksincha yoshlarni, millatimizni yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin. Amerika va boshqa kino sanoatidan ko‘chirma qilib xom tarzda muxlislarga namoyish qilinsa, jamiyat kasal bo‘lib qoladi-ku! Zamonaviy hukumatlar shu darajada sovyet tuzumi yaratgan filmlardan hadiksirab qolganki, ularni namoyish qilishga ham qo‘rqadi. Lekin san‘at o‘tmish san‘ati ustiga qo‘riladi. "O‘zbek kinosi 1991 yilda yaratildi" deganlar katta xatoga yo‘l qo‘yadi. Unda sovyet davrida olingan bilimlardan, diplom va attestatlardan voz kechishimiz kerak, - deydi rejissyor.

Ali Hamroyev hozir Rossiyada istiqomat qiladi. U o‘z farzandlari bilan otasi Ergash Hamroyev haqida “Men seni unutganim yo‘q!” xujjatli filmi ustida ish olib borayotganligini aytdi. Bo‘lajak rejissyorning otasi Ergash Hamroyev 1937 yilda qatag‘onlar davrida hibsga olingan, ikki yildan keyin ozod etilgan va 1942 yilda Vyazma ostonasida halok bo‘lgan.

Ali Hamroyev o‘z farzandlariga ota-bobolari kim ekanligini doimo eslatib turishini aytadi.

- Men yaqindagina Tojikistondagi bobomning qabrlarini ziyorat qilib keldim. Mening bobom va otam rishtonlik tojiklardan, onam ukrainalik, pasportimda esa o‘zbek deb yozilgan. Axir buning biror ahamiyati yo‘q-ku! Men uch farzandning otasiman. Katta qizim Layli 50 yoshga kirdi, u Kino institutini bitirgan, kinotanqidchi. Kichik qizim - Asal, jurnalist. O‘g‘lim Ali Ergash kinorejissyor, montajyor. Menda bir qancha nabiralarim bor. Nabiralarimdan kattasi Xalqaro munosabatlar institutini bitirib AQSh kompaniyalaridan birida ishlayapti. Xullas, meni ishimni davom ettiradigan farzandlarim bisyor! Ko‘plab intervyularda mendan: “Siz Italiyada yashadingiz, endi Rossiyada ijod qilayapsiz... Siz o‘zingizni qayerlik rejissyor, deb hisoblaysiz?” savoliga doimo “Men o‘zbek rejissyori edim, o‘zbek rejissyoriman va o‘zbek rejissyorligimcha qolaman”, deya javob qaytaraman, - deydi Ali Hamroyev.
XS
SM
MD
LG