Линклар

Sarvar Usmon

Hech kimga – Bishkekkayam, Toshkentgayam keragi bo‘lmay qolgan o‘shliklarimning bir-birini qo‘lidan kelganicha yo‘lab turganini ularning o‘zlariga aytib turish zarurati bor. Men aytmasam – kim aytadi?!

Avval mana bu xabarni o‘qing:

Jalolobod viloyat, Novken tumani, Soqoldi qishloq hukumatiga qarashli Chek qishlog‘ida O‘zbekistondan ko‘chib kelgan qirg‘izlar uchun barpo etilayotgan uylar qurilishi yakuniga yetmoqda.

Tuman davlat ma‘muriyatidan olingan ma‘lumotga qaraganda, Chek qishlog‘ida yashagan 24 qirg‘iz oilasining uylari qo‘shni davlat bilan chegara aniqlanganda O‘zbekiston hududida qolib qolgan.

Joriy yil yozida Qirg‘iziston ularga uy qurib olish uchun yer, har bir oilaga 200 ming qirg‘iz so‘mi miqdorida ssuda puli ajratdi.

Bundan tashqari, xalqaro donorlar 22 oilaga 28 kv. metrli,
2 oilaga 42 kv. metrli uy qurib berdi. Har bir oilaga 650 dollardan 950 dollargacha pul berdi. Har oila oziq-ovqat, ko‘rpa-to‘shak hamda chodirlar bilan ta‘minlandi.

Mahalliy hokimiyat bu 24 qirg‘iz oilasining yangi uylarini elektr quvvati bilan ta‘minlash uchun 3,2 mln., yo‘l solish uchun 3,2 mln., ichimlik suvi yetkazib berish uchun 4,2 mln. qirg‘iz so‘mi sarflamoqchi.

Bu "AKI-press - Fergana"ning 23 noyabr kungi xabari edi.

E‘tiboringizni xalqaro tashkilotlar qurib bergan 28 va 42 kv. metrli uylarga, ular sarflagan pullarga qaratmoqchimasman.

Bu sarf-harajatlarning iyun qirg‘ini qurbonlariga ajratilganini eslatmoqchimasman.

Mayli, Rahmonning berganini shayton qizg‘angan bo‘lmasin.

Gap boshqa narsada.

Endi mana bu xatga e‘tibor bering - 21 noyabr kuni Ozodlik pochtasiga Kamolbek Jo‘rayev degan o‘shlik o‘zbekdan elektron xat keldi.

"O‘shda yashar edim. 4 farzandim bor. Urushdan beri oilam bilan hozirgacha sarson-sargardon bo‘lib yuribmiz. O‘zbekiston chegarasini yopib, bizni kiritmaganidan keyin Qozog‘istonga bordik. Bu yerda turar-joy va ish topolmay, keyin Rossiyaga bordik. Lekin u yerdayam musofirchilik azobidan qiynaldik. Qarz olib, O‘zbekistonga samolyot bilan uchib bordik. (Qirg‘iziston grajdanlarini O‘zbekistonga faqat samolyotda kelsa kiritar ekan) Registratsiyaga turdik.
60 kun tekshir-tekshirlardan charchadik. 60 kun ham o‘tdi. Chiqib ketishga majbur bo‘ldik. O‘zbekistonga yana borish uchun samolyotga ayolim va 4 bolamga kamida 800 dollar kerak ekan. Kirim yo‘qligi uchun qachongacha uchib yuramiz, deb Qozog‘istonda turibmiz. O‘shga boraylik desak, u yerdagi ishlardan xabaringiz bor. Xullas, hech qayerga sig‘may qoldik. Bolalarim millatchilik yo‘q joyda tinch yashashini xohlayman. Iltimos, maslahat bering, qaysi davlat o‘shliklarni qabul qilishi mumkin?"

Javob bermadim Kamolbekka. Kamolbekka o‘xshagan boshqa o‘shliklargayam javob bermadim. Chunki bilmayman, nima deb javob berishni.

O‘shdagi bir qarindoshim o‘tgan haftada Andijonga qiz berdi.

Quda tomon kelgani yo‘q O‘shga. Qizning otasi o‘zi is chiqarib qo‘ydi - mahallasiga osh berdi. Bo‘ldi: to‘y - shu.

Ertasi kuni xotiniyu singillariga qo‘shib qizini – kelinchakni Bishkekka uchirdi.

Bishkekdan Toshkentga uchishdi.

Toshkentdan - Andijonga.

Demakki, dunyoni aylanib yana O‘shning biqiniga qaytib kelishdi.

O‘sh bilan Andijon orasi 45 km. Sovyet davrida har 20 minutda bittadan avtobus qatnab, bir kishini 1 rubl 14 kopeykaga O‘shdan Anjanga oborib tashlardi.

Hozir esa bir kishining O‘shdan Andijonga borishi qariyb 300 dollarga tushayapti. Kelinchagu qolar Anjanda, onasi bilan ammachalari yana 300 dan sarflab qaytishadi.

To‘g‘ri, chegarani buzib o‘tish ham mumkin. Shunda Anjanga o‘tvolish ancha arzonga tushadi. Lekin ko‘z yumib turishi evaziga yo‘l boshlovchilardan "dolya"sini olgan chegarachi chegara buzuvchini otib tashlash huquqini o‘zida saqlab qolar ekan.

Ulgursangiz marradasiz. Ulgurmasangiz tobutda.

Biroq bu riskni onasi bilan ammachalari qilsayam, kelinchak qilolmaydi. U Andijonda qolishi uchun qonuniy kirishi kerak "kelajagi buyuk yurt"ga.

AKI-press xabari bilan o‘shlik Kamolbek Jo‘rayevning xatini bitta joyda eslab, ikkalasini bir-biriga qiyoslagim keldi bugun.

O‘shlikning puli, mana 6 oydirki, Toshkentning yo‘llarida, Qozog‘iston dashtlarida, Rossiyaning behisob shahar-qishloqlarida besamar sochilayotganini aytgim keldi bugun.

Toshkentning tushunarsiz geopAliDikasini tushunishga uringim keldi bugun.

Qirg‘izistonlik o‘zbekning 6 oydan beri nafaqat puli, balki asablariyam qaqshab tugayozayotgani haqida hayqirgim keldi bugun.

Ertaga puli va asabi tugagan bu xalq mutlaqo nazorat qilib bo‘lmay qoladigan yovvoyi kuchga aylanib ketish xavfi kundan kunga kuchayib borayotgani to‘g‘risida hayqirgim keldi bugun.

“Millat oldida mas‘uliyat bormi?” deb birovlardan so‘ragim keldi bugun.

“Uyat bormi?” deb boshqalardan so‘ragim keldi bugun.

Kecha 17 kishini bir umrga qamadilar.

O‘shda O‘nadirda o‘ldirilgan qirg‘iz yigiti uchun o‘zbeklarni sudlashayapti.

"Faqat o‘zbeklar yashaydigan O‘n adirga o‘sha qirg‘iz yigit b.q yegani borgan ekanmi urush kunlari, O‘n adirda tiriklayin yoqib yuborilgan o‘zbeklar uchun nega hech kimni sudlashmayapti? Balki ularni o‘sha yigit yoqqandir?" deb kimdan so‘rashni bilmasligimni aytgim keldi.

Sudlovlar bunday bir yoqlama bo‘lishi Toshkentning loqaydligidan hamdir, degim keldi.

Lekin...

Lekin qiyoslamayman, aytmayman, demayman, so‘ramayman, hayqirmayman, tushunishga urinmayman, i voobщye, o‘ylamayman.

Bo‘ldi. Charchadim. Xafsalam sovidi. Ko‘nglim qoldi.

Gapir-gapirma – befoyda ekan.

Jurnalistikasidan ko‘nglim sovidi.

Nima menga? O‘g‘il-qizni katta qipqo‘ydim. Xudodan jon qarzimni aytmasam, bandasiga berasam yo‘q.

Kunlik paypog‘imni toza, ko‘ylagimni ohorli kiyish uchun boshqa ish qilsam ham bo‘lovrar?

V konse konsov, o‘g‘il-qizni nima uchun o‘stirdim?! Boqsin-da!

Yaqindan beri kayfiyatim shunday.

Lekin baribir o‘tiribman ish joyimda.

Har kuni kelayapman ishga.

Har kuni ketayapman ishdan.

Demak, zarurat bor shunga.

Hech kimga – Bishkekkayam, Toshkentgayam keragi bo‘lmay qolgan hamshaharlarimning bir-birini qo‘lidan kelganicha yo‘lab turganini ularning o‘zlariga aytib turish zarurati bor. Men aytmasam – kim aytadi?!

Hozir Pragada yarim tun. O‘shda tong otay, deb qoldi.

Tong otsa, o‘q tekkan oyog‘i gangrena bo‘lib ketgan bir o‘shlik yigitni Rossiyaga uchirishadi.

Yigitni radiomiz tinglovchilaridan biri bergan aravachada aeroportga olib borishadi.

Yigitga samolyot biletini radiomiz tinglovchilari O‘shga yuborgan ehson pulga sotib olishdi.

Yigitni o‘shlik xotinlar - oddiy uy bekalari aeroportga olib borib qo‘yadi – tinglovchilarimizdan borayotgan pullarni muhtojlarga o‘shalar taqsimlayapti.

"O‘zing uchun o‘l yetim"ning mash‘um ma‘nosini avvallari shu kunlardagiday tushunmagan ekanman.

Yetim qolgan o‘shliklar...
XS
SM
MD
LG